Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Rossiya bilan munosabatlar keskinlashgan taqdirda Polsha va Boltiqbo‘yini himoya qilishga va’da berdi
Avvalroq u Rossiya Polsha chegaralariga «yaqinlashmasligi» kerakligini ta’kidlagan edi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan munosabatlar keskinlashgan taqdirda Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlariga yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Jurnalistlar unga shu haqda savol berganida, Oq uy rahbari ijobiy javob qaytardi.
Avvalroq u Rossiya dronlarining Polsha osmoniga kirishi tasodif bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, ammo keyinroq qat’iyroq pozitsiyani egallab, Rossiya Polsha chegaralariga «yaqinlashmasligi» kerakligini ta’kidladi.
Hodisa 10 sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi: Polsha Rossiyaga tegishli deb hisoblagan 20 ga yaqin dron havo hududini buzganini qayd etdi. Moskva bu ayblovlarni rad etib, zarbalar Ukraina g‘arbidagi nishonlarga berilganini va qo‘llanilgan dronlar Polsha hududiga yetib borish uchun yetarli masofaga ega emasligini aytdi. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy bu xato emasligini ta’kidladi.
Keyinroq Polsha harbiylari yangi qoidabuzarliklar haqida xabar berdi: 19 sentabr kuni Rossiyaning ikkita qiruvchi samolyoti past balandlikda Boltiq dengizidagi Petrobaltic neft-gaz platformasi atrofidagi qo‘riqlash zonasini kesib o‘tdi. Rossiya dronlari va samolyotlarining uchib o‘tishi bo‘yicha Ruminiya va Estoniyadan ham shunga o‘xshash shikoyatlar yangradi, biroq Moskva barcha ayblovlarni rad etdi.
Amerika prezidenti AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlash nimalardan iborat bo‘lishiga aniqlik kiritmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Rossiyaning MiG-31 qiruvchi samolyotlarining Estoniya havo hududiga bostirib kirishi bilan bog‘liq hodisani salbiy baholamoqda.
Estoniya 19 sentabr kuni havo hududini buzganlikda Rossiyani aybladi. Estoniya rasmiylariga ko‘ra, Rossiyaning uchta MiG-31 samolyoti mamlakat havo hududida 12 daqiqa davomida noqonuniy ravishda bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligi MiG-31 Estoniya chegaralarini buzmaganini ma’lum qildi.