Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Falastinni tan olgan 4 davlat, «Tolibon»ga tahdid qilgan Tramp va NATO sabrini «sinayotgan» Rossiya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
4 davlat Falastinni tan oldi
21 sentabr kuni Isroilning ittifoqchilari hisoblangan Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya Falastin davlatini tan oldi. Fransiya ham bu haftada Nyu Yorkdagi BMT sammitida Falastinni tan oladi.
Falastinliklarning bosib olingan hududlarda mustaqil davlat tuzish istagini aynan Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlashi alohida ramziy ahamiyat kasb etdi, chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin zamonaviy Isroil davlatini yaratishda uning roli muhim bo‘lgan.
«G‘azodagi odam qo‘li bilan yaratilgan gumanitar inqiroz yangi tubanliklarga yetaklamoqda. Isroil hukumatining tinimsiz va tobora kuchayib borayotgan bombardimonlari, so‘nggi haftalardagi hujumlari, ochlik va vayronagarchilik butunlay chidab bo‘lmas darajaga yetdi», dedi Britaniya bosh vazir Keir Starmer.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos tan olish «Falastin davlati Isroil davlati bilan yonma-yon xavfsizlik, tinchlik va yaxshi qo‘shnichilikda yashashi uchun yo‘l ochadi», dedi.
Hamas qarorni olqishladi, biroq u «urushni tugatish va Isroil G‘arbiy sohilni anneksiya qilishining oldini olish uchun amaliy choralar bilan birga bo‘lishi kerak», dedi.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu qarordan jahli chiqdi va Falastinni tan olgan davlatlarga javob qaytarish bilan tahdid qildi. «Bu amalga oshmaydi. Iordan daryosining g‘arbida Falastin davlati tuzilmaydi», dedi u.
G‘arb hukumatlari tobora o‘z partiyalari va aholisi tomonidan bosim ostida qolmoqda: G‘azodagi o‘limlar sonining doimiy oshishi, och bolalarning suratlari va Isroilni jilovlashga qodir emasliklari, hatto unga qurol yetkazishda davom etayotganliklari xalq tomonidan tanqid qilinmoqda.
«Tolibon» va Tramp bahsi
Afg‘onistondagi hukmron «Tolibon» harakati rasmiy vakili Zabihullo Mujohid Trampning Bagrom aviabazasini Qo‘shma Shtatlarga qaytarish haqidagi talabiga javoban «mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikni» maslahat berdi.
Bayonotda aytilishicha, AQSh Dohada imzolangan kelishuv doirasida «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik va mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik» majburiyatini olgan. «Shuning uchun ular o‘z majburiyatlariga sodiq qolishlari zarur», deb eslatdi «Tolibon» vakili.
Shuningdek, u AQShga «o‘tmishdagi muvaffaqiyatsiz yondashuvlarni takrorlash o‘rniga realizm va ratsionallik siyosatiga amal qilishni» tavsiya etdi. «Tolibon» Mudofaa vazirligi shtabi rahbari Fasihuddin Fitrat so‘zlariga ko‘ra, «ba’zi odamlar» bazani «siyosiy kelishuv» orqali qaytarib olmoqchi.
Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp keskin bayonot bilan chiqib, Afg‘onistondan amerikaliklar tomonidan qurilgan Bagrom aviabazasini Qo‘shma Shtatlarga qaytarishni talab qildi.
«Agar Afg‘oniston AQSh tomonidan qurilgan Bagrom aviabazasini qaytarib bermasa, yomon narsalar sodir bo‘ladi», deb yozdi Oq uy rahbari. Tramp avvalroq baza nima uchun kerak bo‘lib qolganini aytgandi.
«Bu baza bizga kerak. Buning asosiy sabablaridan biri uning Xitoy yadro quroli ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan joydan bir soatlik masofada joylashganidir», dedi prezident.
AQSh harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish to‘g‘risida Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida kelishgandi. Qo‘shinlar Jo Bayden davrida butunlay chiqib ketgan. Shundan keyin Tramp — Bayden ma’muriyatini Bagrom aviabazasini toliblarga «topshirib», Xitoyga nazorat o‘rnatish imkonini berganlikda bir necha bor ayblagan.
Rossiya va NATO munosabatlari taranglashmoqda
Yakshanba kuni ertalab Germaniya va Shvetsiya qiruvchi samolyotlari Boltiq dengizi ustidagi neytral havo hududiga kirgan Rossiya razvedka samolyotini ushlash uchun havoga ko‘tarildi, deb xabar qildi Germaniya va Shvetsiya rasmiylari.
Germaniya rasmiylari aytishicha, NATO Germaniyaning «tezkor reaksiya kuchlari»ga parvoz rejasisiz va radioaloqasiz uchayotgan noma’lum samolyotni tekshirishni buyurgan.
Shvetsiya havo kuchlari ham o‘z navbatida «xalqaro havo hududida Rossiyaning IL-20 razvedka samolyotini aniqlab, kuzatib borayotganini» bildirdi.
10 sentabr kuni Polsha havo hududiga Rossiya dronlarining kirishi NATO hamda Rossiya o‘rtasidagi taranglikni kuchaytirdi. Keyinroq Estoniya uchta Rossiya MiG-31 qiruvchi samolyoti uning havo hududiga ruxsatsiz kirib, jami 12 daqiqa davomida qolganini bildirdi.
Estoniya bosh vaziri Kristen Mixal NATOning 4-moddasini ishga soldi. Bu modda a’zolardan biri o‘zini tahdid ostida his qilsa, ittifoq doirasida maslahatlashuvlar o‘tkazishga imkon beradi.
Estoniya mudofaa vazirining aytishicha, Rossiyaning xohlagan narsasi «e’tiborni Ukrainani qo‘llashdan chalg‘itish va Yevropani o‘z hovlisi bilan shug‘ullanishga majbur qilish». Shundan so‘ng Rossiya Ukraina bilan shug‘ullanishda davom etadi.
Kuni kecha Britaniyaning ikkita Typhoon qiruvchi samolyotlari NATO missiyasi doirasida ilk bor Polsha ustida havo mudofaasi parvozini amalga oshirdi.
Hizbulloh Saudiyaga kelishuv taklif qildi
Livandagi Hizbulloh guruhi rahbari Naim Qosim Saudiya Arabistonini o‘zi bilan munosabatlarda «yangi sahifa ochishga» chaqirdi. Guruh o‘tgan nizolarni hal qiladigan hamda kelajak manfaatlarini ta’minlaydigan muloqotni yoqlashini bildirdi. Qosim Saudiya bilan muloqot uchun uchta tamoyilni belgiladi:
- nizolar va xavotirlarni hal qilish;
- Isroilni qarshilik emas, balki dushman sifatida tan olish;
- Isroilga qarshi turishga e’tibor qaratish uchun o‘tgan kelishmovchiliklarni hozircha muzlatib qo‘yish.
«Yumshoq urush, sanksiyalar va «Ibrohim kelishuvlari» AQSh va Isroil kutgan tezkor va hal qiluvchi g‘alabani ta’minlay olmadi, shu sabab ular uchun genotsid yechimga aylandi», deya Qosimning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera. Qosimning ta’kidlashicha, Isroilning maqsadlari Falastindan tashqari Livan, Iordaniya, Misr, Suriya, Iroq, Saudiya Arabistoni, Yaman va Eronni ham qamrab oladi.
Shuningdek, Naim Qosim Hizbulloh qurollari «faqat Isroilga qaratilgani, Saudiya Arabistoni yoki dunyoning boshqa hech bir tomoniga emas»ligini urg‘uladi. Uning ta’kidlashicha, guruhga bosim o‘tkazish «Isroil uchun sof yutuq», Hizbullohning yo‘qligi esa boshqa arab davlatlarini ham xavf ostiga qo‘yadi.
Saudiya Arabistoni va boshqa Fors ko‘rfazi davlatlari 2016 yilda shia Hizbullohni terrorchi tashkilot deb belgilagan. So‘nggi oylar ichida Riyod, Vashington va Hizbullohning Livandagi raqiblari Livan hukumatiga bosim o‘tkazib, guruhni qurolsizlantirishga urinmoqda.
Hizbulloh esa o‘tgan yili Isroil bilan bo‘lgan urushda jiddiy zaiflashgan bo‘lsa-da, qurolsizlanishni qat’iyan rad etmoqda. Guruh Isroil chegara hududlardan chiqib ketmaguncha, hujumlarni to‘xtatib, mahbuslarni ozod qilmaguncha va qayta qurish boshlanmaguncha o‘z qurollarini saqlab qolishini aytib kelmoqda.
Urushda 133 ming rus harbiysi halok bo‘ldi — OAV
Britaniyaning BBC mediakompaniyasi va inson huquqlari bo‘yicha «Mediazona» onlayn loyihasi Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga qarshi urushdagi yo‘qotishlari haqida yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Ular ko‘ngillilar guruhi bilan birgalikda Ukrainaga qurolli bosqin paytida halok bo‘lgan 133 117 nafar rossiyalik harbiyning ismlarini aniqladi.
Bu 5 sentabrda e’lon qilingan avvalgi hisobotdan 5000 kishiga ortiqroqdir. Hisoblash uchun ochiq manbalar, jumladan, matbuotdagi nekrologlar va ijtimoiy tarmoqlardagi postlar foydalanilgan.
Tadqiqotga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 28 foizi urush boshlanganidan keyin armiyada xizmat qilish uchun shartnoma imzolaganlardir. Mualliflarning ta’kidlashicha, bunday askarlarning ulushi o‘sishda davom etmoqda. Qurbonlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda — koloniyalardan frontga jo‘natilgan mahkumlar.
Urush qurbonlari borasida mutlaq raqamlarda Boshqirdiston yetakchilik qilmoqda. Ushbu yurtning 6,6 ming farzandi Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik urushida halok bo‘ldi. Tuva Respublikasida esa har 10 ming erkakka 120 nafar urush qurbonlari to‘g‘ri kelmoqda.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025