Jahon | 21:55 / 22.09.2025
14146
15 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qiruvchilari va dronlari NATO davlatlari havo hududiga «tasodifan uchib kirish»da davom etmoqda

Ushbu davlatlar hukumatlari bunga qanday munosabat bildirmoqda? Rossiya-Ukraina urushi tufayli ham xavotirli tus olgan epizodlar haqida.

The Swedish Armed Forces / AFP / Scanpix / LETA

NATOning ikki davlati – Estoniya va Polsha – 19 sentabr kuni Rossiyani provokatsiyalarda aybladi: rossiyaliklarning uchta samolyoti Estoniya havo kengligini buzib kirgan, yana ikkitasi — Polshaning Petrobaltic platformasining Boltiq dengizidagi «xavfsizlik zonasi»ga kirgan. Tallin Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashuv o‘tkazilishini so‘radi. Polsha ham ikki haftacha oldin, Rossiya dronlari guruhi mamlakat hududiga kirib kelganida xuddi shu moddani qo‘llagan edi. Bu, albatta, bunday keskinlashuv bilan bog‘liq ilk epizodlar emas – ammo keng ko‘lamli urush fonida ular ayniqsa xavotirli ko‘rinadi. Masalan, AQSh prezidenti Donald Tramp Estoniya havo hududidagi voqeadan so‘ng NATO va Rossiya munosabatlarida «katta muammolar bo‘lishi mumkinligi»ni taxmin qildi. «Meduza» 2022 yil 24 fevraldan keyingi davrda G‘arbning ayrim davlatlari yoki butun Shimoliy Atlantika alyansi Moskva tahdidlariga reaksiya ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelgan holatlarni esladi.

Britaniya razvedka samolyoti atrofida Rossiya raketasi

Nima bo‘lgandi?

2022 yil 29 sentabr kuni Rossiyaning Su-27 qiruvchi samolyoti Britaniyaning Qora dengiz ustida bo‘lgan Boeing RC-135 rusumli razvedkachi samolyoti yaqinida raketa uchiradi. Bu haqda o‘sha yil oktyabrida Buyuk Britaniya parlamentida mudofaa vaziri Ben Uolles ma’lum qilgandi.

Buyuk Britaniya qanday reaksiya qildi?

Ben Uolles rasmiy London mazkur hodisani Rossiya tomonidan «qasddan qilingan eskalatsiya» sifatida ko‘rmayotganini aytgandi. Britaniya mudofaa vazirligi tahlili raketa «texnik nosozlik» tufayli uchirilganini tasdiqlagan. Shunga qaramay, London Rossiya mudofaa idorasi va shaxsan Sergey Shoyguga murojaat qilib, o‘z xavotirini bildirgan. Hududda razvedka parvozlari qayta tiklangach, Britaniyaning qurollanmagan samolyotlariga Qirollik havo kuchlari qiruvchi samolyotlari hamrohlik qila boshlaydi.

Ukraina raketasi Polsha hududiga tushishi

Nima bo‘lgandi?

2022 yil 15 noyabrida RF qurolli kuchlarining Ukraina hududlari bo‘ylab navbatdagi raketa hujumi paytida Polshaning Pshevoduv qishlog‘i hududiga raketa qulaydi. Bu mahalliy g‘alla omborida portlashga sabab bo‘ladi. Natijada ikki kishi – qishloq xo‘jaligi korxonasi ishchilari halok bo‘lgan.

NATO va Polsha qanday reaksiya qildi?

Avvaliga NATO Pentagonning anonim vakiliga tayanib, Polsha hududiga tushgan raketa Rossiya armiyasi tomonidan Ukraina energetika infratuzilmasiga berilgan zarbalar vaqtida uchirilganini e’lon qildi. Biroq, bir necha soat o‘tgach, raketa Ukrainaning S-300 havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan uchirilgani oydinlashdi. Ammo NATO va Rossiya o‘rtasidagi mojaro kuchayishi mumkinligi haqidagi munozara davom etdi. Polsha Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq maslahat so‘rovi variantini ko‘rib chiqdi, ammo yakunda bu fikrdan qaytdi. Shunga qaramay, hodisa uchun javobgarlik Ukrainani o‘qqa tutgan va Pshevoduvdagi portlashga sabab bo‘lgan Rossiya zimmasiga yuklatildi.

Aytish mumkinki, bu hodisa Rossiya-Ukraina urushi davridagi eng xavotirli voqealardan biri edi. Agar raketani Rossiya uchirgani haqidagi versiya tasdiqlanganida, u holda epizod NATO mamlakatiga hujum sifatida talqin qilinishi mumkin edi. Bu esa, o‘z navbatida, alyansning harbiy javobini keltirib chiqaradi. Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasiga ko‘ra, «ittifoq a’zolaridan biriga hujum qilish hammaga hujum qilish demakdir». To‘g‘ri, bu tezisning talqini, ya’ni agar NATOning bir mamlakatiga qarshi tajovuz ro‘y bergan taqdirda, qolganlarning barchasi uning tomonida urushga qo‘shilishi haqidagi talqin unchalik to‘g‘ri emas: davlatlar ittifoqchiga qanday yordam ko‘rsatishni o‘zlari hal qilish huquqiga ega – «shu jumladan, qurolli kuchlarni qo‘llash» ham bor, lekin boshqa usullar ham istisno qilinmaydi.

Qora dengiz ustida Amerika razvedka droni yo‘q qilinishi

Nima bo‘lgandi?

2023 yil 14 martida Rossiyaning Su-27 qiruvchisi Qora dengiz suvlari uzra Amerikaning MQ-9 Reaper rusumli razvedkachi droni yo‘lini to‘sib chiqadi va unga zarar yetkazadi. Natijada dron xalqaro suvlarda halokatga uchraydi. Deutsche Welle nashri qayd etishicha, bu sovuq urush davridan buyon AQSh uchish apparati RF havo-kosmik kuchlari tomonidan yo‘q qilinishi bilan bog‘liq birinchi holat edi.

Hech qanday o‘q-dori yuklanmagan MQ-9 Reaper droni o‘sha kuni kuzatuv missiyasini bajarish uchun Ruminiyadagi bazadan havoga ko‘tarilgandi. U o‘ziga ikkita Su-27 yaqinlashib kelganida Qora dengizning xalqaro suvlarida, Qrimdan taxminan 120 kilometr janubi-g‘arbda uchayotgandi. Pentagonning tasdiqlashicha, Rossiya samolyotlari bir necha bor dron ustiga yoqilg‘i to‘kib ketgan. Natijada dron vinti shikastlangan va operator uni dengizga cho‘ktirishga majbur bo‘lgan. Amerika tomoni apparat softini masofadan turib yo‘q qilgan.

AQSh qanday reaksiya qildi?

Ancha vazminlik bilan. Vashington NATO bo‘yicha ittifoqchilari bilan maslahatlashuv o‘tkazmadi, ammo Rossiya tomoni bilan muloqot qildi. Xususan, Pentagon rahbari Lloyd Ostin hodisaning «sabablari va oqibatlari»ni muhokama qilish uchun o‘sha paytdagi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga qo‘ng‘iroq qildi. AQSh Harbiy-havo kuchlari Rossiya harbiy-havo kuchlarining harakatlarini «sovuqqonlik» deb atadi. O‘sha paytda Rossiyaning Vashingtondagi elchisi bo‘lgan Anatoliy Antonov esa tushuntirish berish uchun Davlat departamentiga chaqirtirilgan. Rossiya mudofaa vazirligi o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, «Rossiya qiruvchi samolyotlari bort qurollaridan foydalanmagani, uchuvchisiz uchish apparati bilan kontakt bo‘lmagani»ni ta’kidladi. Shunga qaramay, hodisadan 10 kuncha vaqt o‘tgach, Shoygu Su-27 uchuvchilarini «Jasorat» ordeni bilan taqdirladi.

Rossiyaning Su-35 samolyoti Qora dengiz ustida Polsha samolyoti atrofida xavfli manyovr qildi

Nima bo‘lgandi?

2023 yil 5 may kuni Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyoti Polshaning Ruminiya chegara xizmati bilan birgalikda Qora dengiz xalqaro havo kengligida navbatchilik qilayotgan L410 Turbolet samolyotiga xavfli masofada yaqinlashadi. Polsha chegara xizmatining ta’kidlashicha, Ruminiya havo hududidan taxminan 60 kilometr sharqda Su-35 «agressiv» manyovrlarni amalga oshirgan. Qiruvchi samolyot Polsha samolyotining shundoqqina tumshug‘i oldidan uchib o‘tgan: ekipajning hisob-kitoblariga ko‘ra, havo kemalari orasidagi masofa atigi besh metrga yaqin bo‘lgan. Uch marta yaqinlashishga urinishdan so‘ng, Rossiya samolyoti uchib ketdi.

NATO va Ruminiya qanday reaksiya qildi?

Ruminiya harbiy-havo kuchlarining ikkita jangovar samolyoti va Ispaniya harbiy-havo kuchlarining ikkita samolyoti Ispaniyaning Torrexon shahridagi NATO Birlashgan havo operatsiyalari markazi tomonidan trevoga bo‘yicha ko‘tarildi. Garchi to‘rtta samolyot voqeaga aralashishga tayyor bo‘lgan bo‘lsa-da, bunday keskinlashuvga baribir zarurat sezilmadi. Ruminiya mudofaa vazirligi Su-35 uchuvchilarining xatti-harakatlarini «Rossiya Federatsiyasining Qora dengiz ustidagi [parvozlarga] provokatsion yondashuvining yana bir dalili» deb atadi.

Polsha hududidan uchib o‘tgan Rossiya raketalari

Nima bo‘lgandi?

2023 yil 29 dekabrda Polsha havo kengligiga Ukraina tomondan «noma’lum obekt» uchib kiradi. Obekt signal yo‘qolguncha mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimining radiolokatsion vositalari nazorati ostida bo‘lgan. Umuman olganda, obekt Polsha ustidan taxminan 40 kilometr masofada uchib o‘tdi va Ukraina tomon yo‘l oldi. Keyinroq Bosh shtab rahbari Veslav Kukula bu Rossiya qanotli raketasi bo‘lganini tasdiqladi.

Polsha qanday reaksiya qildi?

Mamlakat prezidenti Andjyey Duda Milliy xavfsizlik byurosining shoshilinch majlisini chaqirdi, unda yuqorida tilga olingan general Kukula, milliy mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish hamda operativ qo‘mondonlik boshlig‘i general Machey Klish ishtirok etdi.

Polsha TIV bu voqeadan keyin RF muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordashni chaqirtirib, unga norozilik notasi topshirdi. Polsha tomoni Rossiyani hodisani izohlashga hamda bunday harakatlarni bas qilishga chaqirgan.

Shunga qaramay, 2024 yil martida Ukraina hududiga navbatdagi yopirilma hujum vaqtida Rossiya raketalaridan yana biri Polsha havo kengligiga kirdi hamda 39 soniya davomida mamlakat osmonida uchdi.

Finlandiya osmonidagi Rossiya qiruvchilari hamda bombardimonchilari

Nima bo‘lgandi?

Finlandiya chegara xizmati bayonotiga ko‘ra, 2024 yil 10 iyunda Rossiyaning to‘rtta samolyotidan iborat diviziya (ikki bombardimonchi va ikki qiruvchini o‘z ichiga olgan), Loviisa shahri hududida mamlakat havo kengligini buzib kirgan. Samolyotlardan kamida bittasi Finlandiya hududiga 2,5 kilometrgacha ichkarilab, taqiqlangan zonada ikki daqiqaga yaqin vaqt davomida qolgan. Va bu Rossiya-Ukraina urushi davrida Rossiya Federatsiyasining shimoliy qo‘shnisi havo hududini buzishi bilan bog‘liq birinchi va oxirgi holat emasdi.

Finlandiya qanday reaksiya qildi?

O‘shanda, 2024 yil iyunida, Finlandiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasidan qoidabuzarlik yuzasidan izoh talab qilish bilan kifoyalangan.

Polsha osmonida Rossiya dronlari

Nima bo‘lgandi?

2025 yil 10 sentabrga o‘tar kechasi NATO davlatlarining Rossiya qurolli kuchlari bilan to‘qnashishi bo‘yicha so‘nggi vaqtlardagi eng xavfli voqea sodir bo‘ldi. Ukrainaga navbatdagi yirik yopirilma zarba paytida Rossiyaning «Gerber» rusumli 19 ta dronlari guruhi Polsha hududiga uchib kirdi.

Ularning bir qismi urib tushirildi – Rossiya-Ukraina urushi davrida birinchi marta NATO aviatsiyasi bunday operatsiyaga jalb qilindi. Tahdidni bartaraf etish uchun Polsha hukumati Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini jangovar shay holatga keltirdi, Polshaning F-16 qiruvchi samolyotlari, Niderlandiyaning F-35 samolyotlari, Italiyaning AWACS samolyotlari va yoqilg‘i quyish samolyotlari havoga ko‘tarildi.

Avvaliga mamlakat sharqidagi Lyublin viloyatidagi Viriki-Volya qishlog‘idagi turar joy binosiga dronlardan birining parchalari qulagani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu dron emas, balki F-16 qiruvchi samolyotidan uchirilgan AIM-120 AMRAAM raketasi bo‘lgani, «parvoz paytida uning nishonga olish tizimi ishdan chiqqan» oydinlashdi. Snaryadning jangovar kallagi portlamagan va 150 kilogrammdan ortiq og‘irlikdagi uch metrli raketa turar joy binosiga qulagan. Bunda hech kim jabrlanmagan.

NATO va Polsha qanday reaksiya qildi?

Bu safar – avvalgi barcha hodisalarga nisbatan imkon qadar qat’iy munosabat bildirildi. Polsha qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligi hodisani «fuqarolar xavfsizligiga haqiqiy tahdid soladigan tajovuzkorlik harakati» deb baholadi. Bosh vazir Donald Tusk hukumatning shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi.

Nihoyat, 10 sentabr kuni Polsha rasmiylari Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasini faollashtirishni rasman so‘radi, bu oxirgi marta 2022 yilda Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga bostirib kirishidan keyin qo‘llangan edi. NATO kengashi yig‘ilishida ittifoqchilar Varshava bilan birdamlik bildirdi va RFning xatti-harakatlarini qoraladi. Yana ikki kundan so‘ng alyans «Sharqiy qo‘riqchi» operatsiyasini boshladi: alyansning sharqiy qanotini himoya qilish uchun blokning yetti davlati o‘z qiruvchi samolyotlari, vertolyotlari va qo‘shimcha harbiy kontingentini yubordi; yana uchtasi operatsiyaga qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.

Keyingi kuni, 13 sentabrda Rossiya droni Ruminiya havo kengligiga kirganida, uni to‘xtatish uchun darhol ikkita F-16 qiruvchisi havoga ko‘tarildi. 50 daqiqa o‘tib dron NATOga a’zo mamlakat hududini tark etdi.

Estoniya osmonida Rossiya qiruvchilari

Nima bo‘lgandi?

Estoniya muntazam ravishda Rossiyani o‘z havo hududini buzganlikda ayblaydi: birgina 2025 yilda bunday epizodlar soni kamida beshta. Ammo ikkinchisi – Polsha hududiga dronlar uchib kelganidan keyin NATO va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi fonida – ayniqsa shov-shuvli bo‘lmoqda. 2025 yil 19 sentabrda Estoniya Bosh shtabi Rossiyaning uchta MiG-31 qiruvchi samolyoti Fin ko‘rfazidagi Vayndloo oroli yaqinida mamlakat havo hududini buzganini ma’lum qildi (Rossiya ayblovlarni butunlay rad etadi va marshrutning «qonuniyligi»ni ta’kidlaydi). Harbiylarga ko‘ra, samolyotlar 12 daqiqa davomida taqiqlangan hududda bo‘lgan. Qiruvchi samolyotlarda parvoz rejasi bo‘lmagan, transponderlar esa o‘chirib qo‘yilgan. Bundan tashqari, bu vaqtda Estoniya aviadispetcherlik xizmati bilan ikki tomonlama radioaloqa yo‘q edi.

Estoniya qanday reaksiya qildi?

Bu safar yetarlicha qat’iy – Polshaning yangi namunasi bo‘yicha. Estoniya bosh vaziri Kristen Mixal Tallin ham Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni so‘raganini aytdi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Estoniyadagi muvaqqat vakili Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va unga norozilik notasi topshirildi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Rossiya samolyotlari bostirib kirishida NATO uchun tahdidni ko‘ryapsizmi, degan savolga javoban shunday dedi: «Bu menga yoqmaydi. Bunday bo‘lishi menga yoqmaydi. Katta muammolar bo‘lishi mumkin».

Mavzuga oid