Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT qarorgohi yaqinida mobil aloqani uzib qo‘yishga qodir «elektron qurilmalar tarmog‘i» topildi
Tekshiruv davomida 100 ming sim-karta va 300 sim-server aniqlangan. Bunday josuslik tarmog‘i yordamida 30 milliongacha anonim matnli xabarni yuborish mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Foto: U.S. Secret Service
AQSh maxfiy xizmati Nyu-York atrofida turli hujumlarni uyushtirish, jumladan, mobil aloqani uzish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan «elektron qurilmalar tarmog‘ini» aniqladi va yo‘q qildi.
Tekshiruv davomida 100 ming sim-karta va 300 sim-server aniqlangan. Amerikalik amaldorlardan biri The New York Times bilan suhbatda bunday tarmoq yordamida 30 milliongacha anonim matnli xabarni yuborish mumkinligini aytdi, bu «misli ko‘rilmagan miqyosdir».
Maxfiy xizmat tekshiruviga ko‘ra, topilgan serverlar va sim-kartalar anonim tahdidlar va «keng ko‘lamli telekommunikatsiya tahdidlarini» yuborish, shu jumladan uyali aloqa minoralarini o‘chirish, shuningdek, aloqani blokirovka qilish va ehtimoliy jinoiy tashkilotlar o‘rtasida anonim shifrlangan aloqani ta’minlash uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
Serverlar 23-29 sentabr kunlari Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi o‘tkaziladigan joydan taxminan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan. Unda dunyoning o‘nlab yetakchilari, jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etdi.
«Vaqt, joylashuv va ushbu qurilmalar tufayli Nyu-York telekommunikatsiya tarmoqlarida jiddiy nosozliklar yuzaga kelishi mumkinligini hisobga olib, agentlik zudlik bilan tarmoqni o‘chirish choralarini ko‘rdi», deyiladi Maxfiy xizmat bayonotida.
The New York Times bilan suhbatlashgan ekspertlarning ta’kidlashicha, topilgan uskunalarning ko‘lami josuslik operatsiyasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishga imkon beradi. Ba’zi sim-kartalar bo‘yicha ma’lumotlarning dastlabki tahlili noma’lum xorijiy davlat, shuningdek, maxfiy xizmatga allaqachon ma’lum bo‘lgan jinoyatchilar bilan aloqalarni ko‘rsatdi, ular orasida kartel a’zolari ham bor.
«Biz gumonlanuvchilar va ularning niyatini, jumladan, jahon yetakchilarining Nyu-Yorkka rasmiy tashrifi chog‘ida BMT Bosh assambleyasi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish va hukumat hamda favqulodda xizmatlar aloqalarini to‘sib qo‘yish rejalari bor-yo‘qligini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz», dedi Maxfiy xizmatning Nyu-Yorkdagi bo‘limi vakili.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38