Jahon | 08:29 / 23.09.2025
5779
5 daqiqa o‘qiladi

“G‘azoda urushni oqlaydigan hech narsa yo‘q” – Fransiya Falastin davlatini tan oldi

BMT yig‘ilishi arafasida Fransiya, Belgiya, Malta, Lyuksemburg va Monako ham Falastin davlatini tan oldi. “Doimiy sulh muzokaralari davom etayotganiga qaramay, G‘azoda davom etayotgan urushni oqlaydigan hech narsa yo‘q”, dedi Emmanuyel Makron. Shuningdek, Fransiya Falastin xavfsizlik kuchlarini tuzishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Foto: Reuters

Fransiya BMT yig‘ilishi arafasida Falastin davlatini tan oldi. Prezident Emmanuel Makron 22 sentabr kuni BMT qoshida, Fransiya va Saudiya Arabistoni ishtirokida o‘tkazilgan Falastin muammosiga yechim topish va “ikki davlat” formulasini amalga oshirishga bag‘ishlangan oliy darajadagi xalqaro konferensiyada tegishli bayonot bilan chiqdi.

Makron o‘z chiqishida 2023 yil 7 oktabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujumlarni qoraladi. Lekin, u kech bo‘lmasdan tinchlik o‘rnatilishi kerakligini aytdi.

“Tinchlik o‘rnatish uchun vaqt keldi, chunki biz uni qo‘lga kiritish imkoniyatidan ayrilish arafasida turibmiz. Shu sabab biz bugun shu yerga to‘planganmiz. Kimdir aytadi, bu juda kech. Kimdir aytadi, bu juda erta. Ammo bitta haqiqat aniq – biz endi kutib turolmaymiz”, dedi Makron.

Shuningdek, u Falastin davlatini tuzish bo‘yicha berilgan va’dalar bajarilmay qolganini eslatdi.

“Arab davlatiga berilgan va’da hanuz bajarilmagan. O‘shandan beri umid va tushkunlik aralash yo‘l bosib o‘tildi”, dedi u.

“Biz ikki davlat yonma-yon tinchlik va xavfsizlikda yashashini xohlaymiz. Biroq hozirda Isroil G‘azoda o‘zining harbiy amaliyotini HAMASni yo‘q qilish maqsadi bilan kengaytirmoqda. Ammo … yuz minglab odamlar ko‘chirildi, jarohatlandi, och qoldi, ruhiy iztirob chekmoqda. Ularning hayoti hanuz vayron qilinmoqda. Doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar – garovdagilarni ozod qilishning eng ishonchli yo‘li – davom etayotganiga qaramay, G‘azada davom etayotgan urushni oqlaydigan hech narsa yo‘q. Hech narsa.

Shuning uchun, mening mamlakatimning Yaqin Sharqdagi, isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi tinchlikka bo‘lgan tarixiy sadoqatiga muvofiq, bugun e’lon qilaman: Fransiya Falastin davlatini tan oladi,” – deya Emmanuel Makronning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Foto: Reuters

Makronning e’loni BMT zalida qarsaklar bilan kutib olindi. Shuningdek, Fransiya Falastin xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Makronga ko‘ra:

  • O‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilishi bilanoq HAMAS tugatilishi kerak;
  • “Fransiya xalqaro barqarorlashtirish missiyasiga hissa qo‘shishga, shuningdek, Yevropa hamkorlari bilan birgalikda Falastin xavfsizlik kuchlarini tuzish va jihozlashni qo‘llab-quvvatlashga tayyor”;
  • Fransiya Falastinda elchixona ochadi.

Boshqa davlatlar

BMT tadbirida, shuningdek Lyuksemburg, Malta, Monako va Belgiya ham Falastin davlatini tan oldi. Kanada, Britaniya, Portugaliya va Avstraliya 2 kun oldin Falastinni tan olgandi.

Belgiyaning bosh vaziri Bart De Veverning aytishicha, Falastinni tan olish – kuchli siyosiy va diplomatik signal. “Ammo bu to‘liq huquqiy tan olish faqat garovdagilar ozod qilingandan va HAMAS hokimiyatdan chetlashtirilgandan keyin amalga oshiriladi”, dedi Belgiya vakili.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos esa AQSh vizasi rad etilgani uchun yig‘ilishga bora olmadi va video orqali murojaat qildi:

Foto: Reuters

“HAMAS boshqaruvda hech qanday rol o‘ynamaydi. U va boshqa guruhlar qurollarini Falastin ma’muriyatiga topshirishi kerak. Biz yagona qonun va qonuniy xavfsizlik kuchlariga ega bo‘lgan birlashgan davlatni xohlaymiz.”

U saylovlarni xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkazishga va’da berdi.

“Biz o‘t ochishni to‘xtatganimizdan bir yil ichida islohotlar va saylovlar o‘tkazamiz,” dedi u.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayyen G‘azoni qayta qurish uchun “donor guruhi” tashkil etilishini ma’lum qildi. G‘azodagi infratuzilmaga yetkazilgan zarar 2024 yil yanvar oxirida $18,5 milliard deb baholangani aytilmoqda.

AQSh va Isroil

AQSh va Isroil dushanba kungi yig‘ilishni boykot qildi. Isroilning BMTdagi elchisi Danni Danon: “Bosh vazir Netanyahu kelasi hafta Isroilga qaytgach, qanday javob berishni muhokama qilamiz,” dedi.

Reuters’ning yozishicha, Isroil G‘arbiy Sohilning bir qismini qo‘shib olish hamda rasmiy Parijga qarshi maxsus ikki tomonlama choralarni ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Reuters

AQSh davlat departamenti esa Falastinni tan olgan davlatlarga “muammolar keltirib chiqarish bilan” tahdid qilgandi.

Isroilning G‘azodagi genotsid ko‘rinishidagi urushi global qoralovlarga uchramoqda. Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasining hujumlari oqibatida 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid