O‘zbekiston | 22:13 / 23.09.2025
3374
7 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo barqarorligi uchun Mirziyoyevning BMTdagi tashabbuslari

BMTning 80-sessiyasi arafasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligi va prezident Shavkat Mirziyoyevning ilgari surayotgan tashabbuslari yana diqqat markazda.

O‘tgan davr mobaynida prezident BMT minbarida global muammolarga yechim topish, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Shu davrda rasmiy Toshkent taklifi bilan 13 ta rezolyutsiya qabul qilinib, ularning yarmi Markaziy Osiyoga taalluqli bo‘ldi. Tashabbuslar xalqaro forumlarda amaliy dastur va loyihalar orqali hayotga tatbiq etildi.

“Geosiyosat”da tahlilchilar ushbu tashabbuslarning mazmuni, ularning mintaqaviy va global jarayonlarga ta’siri hamda O‘zbekiston diplomatiyasining yangi qirralarini atroflicha muhokama qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston 2017–2025 yillar BMTda qanday tashabbuslarni ilgari surdi va rasmiy Toshkent taklifi bilan qanday rezolyutsiyalar qabul qilindi?

Qodir Jo‘rayev: Mamlakatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining turli sessiyalarida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2017 yilgi 72-sessiya, 2020 yildagi pandemiya sabab onlayn tarzda o‘tgan 75-sessiya, 2021 yildagi 76-sessiya hamda 2023 yilda o‘tkazilgan 78-sessiyada qatnashgan. Shuningdek, O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ham faol ishtirok etib, qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surgan. Umuman olganda, so‘nggi yillarda 40 ga yaqin tashabbus taqdim etilgan. 2017–2024 yillar davomida O‘zbekiston tashabbusi bilan 13 ta muhim rezolyutsiya qabul qilindi. Taqqoslash uchun, 1991–2016 yillar mobaynida atigi 2–3 ta rezolyutsiya tasdiqlangandi. Muhimi, bu tashabbuslar faqat bayonot darajasida qolmay, turli dastur, loyiha, tadbir va anjumanlar orqali hayotga tatbiq etildi.

Shulardan ayrimlari: Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya (2020–2021 yillar). Unga muvofiq, xalqaro hamjamiyat Orolbo‘yi uchun qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirdi.

“Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida bog‘liqlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi (2022 yil). Bu hujjatda transport koridorlari yaratish va mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish g‘oyasi ilgari surildi.

“Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot kuni” rezolyutsiyasi (2024 yil). O‘zbekiston va Xitoy muallifligida ishlab chiqilgan ushbu tashabbusni 80 ga yaqin davlat qo‘llab-quvvatladi. Qarorga ko‘ra, har yili 10 iyun kuni mazkur kun xalqaro miqyosda nishonlanadi.

Azizxon Nazirov: 2018 yil 19 iyunda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTda muhim rezolyutsiya qabul qilindi. U Markaziy Osiyodagi jarayonlar va mintaqaviy rivojlanishga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘plab BMT a’zo davlatlari muallif sifatida ishtirok etdi. Shu rezolyutsiyadan so‘ng BMT qarorgohida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida jipslashuv sezildi. Har qanday yangi tashabbus ilgari surilganda, mintaqa davlatlari bir ovozdan uni qo‘llab-quvvatladi, boshqa mamlakatlarni ham jalb etishda faol yordam berdi.

Shahnoza Qodirova: Har bir tashabbus va rezolyutsiya avvalo mamlakatimiz milliy rivojlanish maqsadlarini ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, ular mintaqaviy hamda global muammolarga yechim topishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Tashabbuslarda taraqqiyotimiz uchun zarur sohalar belgilab olinib, shu yo‘nalishda takliflar ishlab chiqiladi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslarida Markaziy Osiyoning o‘rnini alohida ta’kidlash lozim. 2016 yildan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xavfsiz hudud yaratish bo‘ldi. Natijada 2017–2024 yillarda qabul qilingan 13 ta rezolyutsiyaning yarmiga yaqini, ya’ni oltitasi bevosita Markaziy Osiyoga taalluqli. Ular mintaqada barqaror rivojlanish, xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish va ularga yechim topishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tashabbuslarida global masalalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni o‘tgan 30 yildan ortiq hamkorlik davomida BMT va O‘zbekiston kun tartibi tobora kengayib, yangi mavzularni qamrab olmoqda.

BMT oilasiga kiruvchi ixtisoslashgan tashkilotlar bor, ular bilan mamlakatimizning hamkorligi qay tarzda rivojlanmoqda?

Qodir Jo‘rayev: BMT tarkibiga 10 ga yaqin ixtisoslashgan tashkilot kiradi. Ular BMT oilasining bir qismi bo‘lsa-da, o‘zining alohida budjeti, siyosati va faoliyat sohasi bilan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Masalan, YuNeSKO – ta’lim, fan va madaniyat sohasida ishlaydigan muassasa hisoblanadi. O‘zbekistonning ushbu tashkilotlar bilan hamkorligi yildan yilga rivojlanmoqda. Bir necha misollarni keltirish mumkin: YUNISEF bilan hamkorlikda bolalar orasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, emlash ishlarini kengaytirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha qator dasturlar amalga oshirilmoqda. YuNeSKO bilan hamkorlikda O‘zbekiston tarixiga oid muhim sanalar va yubileylar nishonlanmoqda. Shuningdek, mamlakatimizdagi tarixiy obidalar ushbu tashkilot ro‘yxatlariga kiritilgan. Jumladan, YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatida O‘zbekistondan yettita, Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatida esa 12 ta obekt mavjud.

Madaniyat, san’at, ta’lim va fan sohalarida YuNeSKO bilan faol hamkorlik olib borilmoqda. Yaqin kunlarda Samarqand shahrida YuNeSKOning yirik anjumani o‘tkazilishi ham bu hamkorlikning yaqqol ifodasidir.

Shahnoza Qodirova: So‘nggi yillarda BMT vakolatxonalari va agentliklari bilan O‘zbekistonning aloqalari jadal va tizimli rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 25 ta vakolatxona va agentlik faoliyat yuritib, ular bilan 160 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Bu hamkorlik, avvalo, milliy rivojlanish maqsadlarimizdan kelib chiqib yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi bilan aholining ro‘yxatga olinishi, demografik tadqiqotlar hamda reproduktiv salomatlik sohalarida samarali hamkorlik qilinmoqda. 2022 yilda shu tuzilma bilan birgalikda Demografiya laboratoriyasi tashkil etildi. BMT agentliklari bilan hamkorlik oddiy fuqarolar hayotida ham sezilmoqda. Xususan, ta’lim sohasidagi loyihalar yildan yilga o‘z samarasini bermoqda. Shuningdek, BMT shafeligida O‘zbekistonda turli yuqori va o‘rta darajadagi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Masalan, joriy yilda Samarqandda ilk bor Davlat xizmati forumi o‘tkazildi. Unda dunyoning turli mintaqalaridan mutaxassislar ishtirok etdi va Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu forum davlatlar o‘rtasida tajriba almashish va malaka oshirish uchun muhim maydon vazifasini bajardi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid