Jahon | 20:38 / 23.09.2025
8671
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp BMTda: «Yevropa do‘zaxga qarab ketmoqda, ochiq chegaralar tajribasini tugatish vaqti keldi»

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni BMTda so‘zlagan nutqida nazoratsiz immigratsiya va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash Yevropani vayron qilayotganini aytdi.

Foto: Reuters

«Ochiq chegaralar bilan muvaffaqiyatsiz tajribani to‘xtatish vaqti keldi [...] Sizning mamlakatlaringiz do‘zaxga qarab ketmoqda», – dedi Tramp BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida.

Bundan oldin u immigratsiya muxoliflari uchun odatiy bo‘lgan boshqa madaniyat va din vakillari bo‘lgan muhojirlar qabul qiluvchi mamlakatlarning madaniyati, iqtisodiyoti va huquq-tartibotini buzayotgani haqidagi dalillarni sanab o‘tdi, shuningdek, uning ma’muriyati AQShga ommaviy noqonuniy immigratsiyani allaqachon to‘xtatganini aytdi.

Tramp muammoli mamlakatlardan kelgan qochqinlarga hamdard ekanini qayd etdi. «Ammo biz o‘z mamlakatimizda muammolar yaratishimiz emas, balki ularning mamlakatlaridagi muammolarni hal qilishimiz kerak», – dedi AQSh prezidenti.

Ukrainadagi urush mavzusiga to‘xtalib, Tramp ilgari bir necha bor aytgan gapini takrorladi: uning so‘zlariga ko‘ra, u Putin bilan yaxshi munosabatlari tufayli bu urushni to‘xtatish juda oson bo‘ladi deb o‘ylagan, endi esa AQSh «bu urushni juda tez to‘xtatadigan tariflar» joriy etishga tayyor, faqat agar Yevropa Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘xtatsa.

«Siz zudlik bilan Rossiyadan energiya tashuvchilarni sotib olishni to‘xtatishingiz kerak. Aks holda biz juda ko‘p vaqtimizni behuda sarflayotgan bo‘lamiz», – deydi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yaqinda Yevropa hali ham Rossiyadan energiya tashuvchilarni sotib olayotganidan xabar topgan va bu haqda bilib qolgani yevropaliklar uchun yoqimsiz syurpriz bo‘lgan.

«Yevropaning jahannamga ketayotgani»ning ikkinchi sababi, Trampning fikricha, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun «yashil energiya»ga o‘tish siyosatidir.

Tramp qayta tiklanadigan energiya manbalari, xususan, shamol elektr stansiyalarini safsata va juda qimmat biznes deb atadi hamda BMTda so‘nggi qirq yil ichida iqlim o‘zgarishi oqibatlari haqidagi apokaliptik bashoratlarni «eng katta firibgarlik» deb ta’rifladi.

Mavzuga oid