Jahon | 09:43 / 24.09.2025
7423
8 daqiqa o‘qiladi

BMT va ittifoqchilarga tanqid, iqlim mojarosi, Yaqin Sharq, Ukraina va yolg‘onlar – Tramp BMTdagi chiqishida nimalar dedi?

AQSh prezidenti Donald Tramp BMTda qariyb 1 soat davom etgan uzoq va chalkash nutqida global institutlarni tanqid qildi, immigratsiya, ekologlar, shamol turbinalari va BMT eskalatoridan shikoyat qildi. Rossiyaga sanksiyalar bilan tahdid qildi, lekin Isroil genotsidini qoralamadi. Londonning musulmon meri va inflatsiya haqida yolg‘on gaplar gapirdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp 23 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasida qilgan keskin va keng qamrovli nutqida global migratsiya darajalarini kamaytirishga chaqirdi va iqlim o‘zgarishi siyosatlaridan voz kechishni targ‘ib qildi. U dunyo yetakchilarini qattiq tanqid qilib, BMTga qarshi keskin chiqdi.

Reutersʼning yozishicha, 56 daqiqalik nutqning katta qismi uning eng katta ikki shikoyati — immigratsiya va iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlandi.

Ajratilgan vaqtdan deyarli 4 barobar ko‘proq qilgan chiqishida Tramp BMT va boshqa davlatlarga ularning muvaffaqiyatsizliklari haqida saboq berdi va uzun shikoyatlar ro‘yxatini o‘qib berdi. New York Times'ning yozishicha, bunga quyidagilar kiradi: BMTdagi nosoz eskalator; u hali tadbirkor bo‘lganida BMT binosini ta’mirlash tenderini yutolmaganligi; shamol turbinalari; boshqa davlatlarning immigratsiya siyosatlari va Braziliya qanday boshqarilayotgani.

Tramp AQShdagi immigratsiyaga qarshi qattiq choralarni boshqa yetakchilar uchun «namuna» sifatida ko‘rsatdi va ommaviy migratsiya davlatlarning tuzilishini o‘zgartirib yuborayotganini da’vo qildi. Inson huquqlari himoyachilari esa migrantlar yaxshiroq hayot izlayotganini aytmoqda.

«Men bu narsalarda juda zo‘rman. Sizning mamlakatlaringiz do‘zaxga ketmoqda», — dedi Tramp.

Iqlim o‘zgarishlari

O‘tgan hafta Yevropada Britaniya qiroli Charlz bilan uchrashgan Tramp iqlim o‘zgarishini «aldov» deb atagandi hamda fosil yoqilg‘ilarga qaytishga chaqirdi. Olimlar esa inson faoliyati sababli iqlim o‘zgarishi real ekanini ta’kidlamoqda.

«Immigratsiya va ularning o‘z joniga qasd qiladigan energiya g‘oyalari G‘arbiy Yevropaning oxiri bo‘ladi», dedi Tramp.

Foto: Reuters

Tramp ilmiy kelishuvni inkor etib, iqlim o‘zgarishini «ahmoqlar tomonidan o‘ylab topilgan» dedi. U AQShning Parij kelishuvini tark etganini maqtadi, «toza, chiroyli ko‘mir»ni olqishladi. U Amerikaning energiya eksporti haqida gapirib, «AQSh ko‘p davlatlar tomonidan foydalanib kelingan, ammo bundan buyon bunday bo‘lmaydi» dedi.

U iqlim o‘zgarishini «dunyoga qilingan eng katta aldov» deb atadi va ekologlarni Amerikaning sigirlarini yo‘q qilishni istayotganlikda aybladi. «Sigirlar endi yo‘q — biz sigirlarni istamaymiz. Ular hamma sigirlarni o‘ldirmoqchi, chamasi», dedi Tramp.

Yolg‘onlar

New York Times'ning yozishicha, Tramp nutqida yolg‘on va noto‘g‘ri bayonotlarni ham berdi. G‘arbdagi musulmon yetakchilar shariat joriy qilishni rejalashtirmoqda deb noto‘g‘ri da’vo qildi, nasroniylikni esa «sayyoradagi eng ko‘p ta’qib qilinayotgan din» deb atadi.

Masalan, London meri Sodiq Xon shariat qonunlarini joriy qilmoqchi ekani yoki AQShda «inflatsiya yengilgan»ligi haqidagi gaplar. OAVga ko‘ra, bunday gap aytmagan, AQSh Federal Rezervi esa olti kun oldin inflatsiya oshganini bildirgandi.

Ittifoqchilarga tanqid, Rossiyaga ehtimoliy tariflar

Yevropa davlatlari oylab AQSh yetakchisi bilan munosabatni barqarorlashtirishga urinmoqda va Ukrainadagi urushni tugatish uchun AQSh yordamiga tayanmoqda. Iyundagi NATO sammitida Tramp va Yevropa yetakchilari ayni shu masalada bir-birlarini maqtagan edi.

Ammo seshanba kungi nutqda Tramp NATO ittifoqchilarini Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatmagani uchun masxara qildi va Moskvaga nisbatan qattiq iqtisodiy choralar joriy qilishini aytdi.

«Ular o‘zlariga qarshi urushni moliyalayapti. Bunday narsani qachon eshitgansiz? Agar Rossiya urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga tayyor bo‘lmasa, AQSh juda kuchli tariflar to‘plamini joriy qilishga tayyor. Ammo bu tariflar samarali bo‘lishi uchun Yevropa davlatlari – sizlarning barchangiz biz bilan bir xil choralarni qabul qilishingiz kerak», dedi u.

Foto: Reuters

U choralarni aniq tushuntirmadi, ammo Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlar – Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarga ham sanksiyalar qo‘llashni ko‘rib chiqayotgan edi. Tramp keyinroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Zelenskiy ko‘proq AQSh yordamini so‘radi. Tramp jurnalistlarning NATO mamlakatlari havo hududiga kirsa rus samolyotlarini urib tushirish kerakmi, degan savoliga: «Ha, kerak deb hisoblayman», deb javob berdi.

Nutqidan ko‘p o‘tmay, Tramp boshqa forumda yangilik chiqardi: u ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina haqida kutilmagan burilish qildi va Yevropa yordamida Ukraina «o‘z hududini to‘liq qaytarib olish va g‘alaba qozonish» imkoniga ega ekanini aytdi.

Bu bayonot – tushlikdan so‘ng Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin bildirildi.

Isroil va Falastin masalasi

Falastin davlatini tan olishga qaratilgan harakatlarga Tramp qarshi chiqdi. Bu, uning aytishicha, «Hamasning jinoyatlari uchun juda katta mukofot» bo‘ladi. U garovdagilarni qaytarish haqidagi eski chaqiriqlarini takrorladi.

AQSh «garovdagilar evaziga sulh» shartnomasini xohlashini, bunda ham tirik, ham halok bo‘lgan barcha garovdagilar qaytarilishi kerakligini bildirdi.

Foto: Reuters

«Biz G‘azodagi urushni darhol to‘xtatishimiz kerak. Biz zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlashimiz kerak», dedi Tramp.

Tramp, shuningdek Nobel tinchlik mukofotini olish istagida, dunyodagi mojarolarga chek qo‘yish harakatlarini BMT qo‘llab-quvvatlamaganidan shikoyat qildi.

BMT, Nobel va boshqa masalalar

Tramp Nobel tinchlik mukofoti orzusida bo‘lib, o‘z nutqida Armaniston va Ozarboyjon, Ruanda va Kongo o‘rtasidagi kelishuvlarni misol qilib, o‘zini tinchlik o‘rnatgan arbob sifatida ko‘rsatdi.

«Men BMT bajarishi kerak bo‘lgan ishlarni yonma-yon bajarib qo‘ydim. Afsuski, BMT bu ishlarning birontasiga ham urinmadi», dedi u.

Uning aytishicha, BMTning qiladigan yagona ishi «keskin so‘zlar bilan yozilgan maktublar» va «bo‘sh gaplar». «Bu ishlarni BMT emas, men qilganim achinarli», dedi Tramp.

Shuningdek, u BMTning infratuzilmasidan ham shaxsiy shikoyatlar qildi: o‘zi va rafiqasi Melaniya Tramp BMT binosidagi nosoz eskalatorda qolib ketganini, nutqining boshida esa telesuflyor ishlamay qolgani haqida gapirdi.

Foto: Reuters

«BMTdan olgan ikki narsam — yomon eskalator va yomon telesuflyor», dedi Tramp. Unga ko‘ra, eskalator birdan to‘xtaganida Melaniya yiqilib tushayozgan.

U bir necha siyosiy masalalarga ham to‘xtaldi. Masalan, biologik qurollar konvensiyasini sun’iy intellekt orqali nazorat qilish bo‘yicha yangi tashabbusni e’lon qildi va yadroviy qurollarni rivojlantirishni to‘xtatish istagini bildirdi.

Shuningdek, Tramp AQSh harbiylari xalqaro suv hududlarida giyohvand moddalar kontrabandachilarini sudyasiz va tergovsiz yo‘q qilishni davom ettirishini aytib ogohlantirdi: «Biz sizni yo‘q qilib tashlaymiz», dedi u Venesueladan narkotik tashiyotganlarga qarata.

Shunga qaramay, BMT va boshqa mamlakatlarga qarshi Trampning keskin chiqishiga zaldan deyarli reaksiya bo‘lmadi. Nutqi oxirida qarsaklar bilan yakunlandi. So‘ngra boshqa prezidentlar u bilan birma-bir uchrashuvga oshiqdi. 

Mavzuga oid