Jahon | 19:01 / 24.09.2025
6576
6 daqiqa o‘qiladi

«Juda yaxshi uchrashuv» – Tramp arab va musulmon yetakchilari bilan G‘azo masalasini muhokama qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp «muammoni hal qila oladigan» arab va musulmon davlatlari rahbarlari bilan G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi. Yopiq eshiklar ortida o‘tgan muhokamalar natijasi haqida ma’lumot berilmadi, ammo Tramp uni «muvaffaqiyatli», Erdo‘g‘an esa «samarali va ijobiy» deb atadi.

Foto: WAM.News

23 sentabr kuni Nyu-Yorkda AQSh prezidenti Donald Tramp arab va musulmon davlatlari yetakchilari bilan G‘azo masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi. BMT Bosh Assambleyasi doirasida yopiq eshiklar ortida o‘tgan yig‘ilish haqida qo‘shimcha tafsilotlar berilmadi. Uchrashuvda Turkiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Pokiston, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya vakillari ham qatnashdi. Tramp bu guruhni «muammoni hal qila oladigan» deb atadi.

Trampning o‘zi uchrashuvni «juda muvaffaqiyatli» deb baholadi, lekin tafsilotlarni aytmadi. U oldinroq G‘azo masalasi bo‘yicha mintaqa yetakchilari bilan «juda muhim» ko‘p tomonlama uchrashuv o‘tkazishini, «G‘azo masalasi esa oldinga siljishini aytgandi.

«Biz G‘azo haqida gaplashamiz. Biror narsa qilishimiz mumkinligini ko‘ramiz. Biz bunga barham berishni xohlaymiz. Biz o‘z garovdagilarimizni yoki ularning garovdagilarini qaytarishni xohlaymiz» degandi Tramp Makron bilan uchrashuvda.

Foto: Anadolu

«Biz G‘azo yuzasidan juda yaxshi uchrashuv o‘tkazdik,» dedi Tramp tadbirni tark etar ekan jurnalistlarga. «Bu barcha yirik o‘yinchilar bilan juda muvaffaqiyatli uchrashuv bo‘ldi, faqat Isroildan tashqari. Ammo bu keyingi navbatda, va menimcha, biz G‘azo bo‘yicha qandaydir yechim topishimiz mumkin. Juda yaxshi uchrashuv bo‘ldi, buyuk yetakchilar bilan», deya qo‘shimcha qildi u.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa G‘azo masalasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan uchrashuv «juda samarali va ijobiy» o‘tganini aytib, o‘zining mamnuniyatini bildirdi.

Foto: Anadolu

«Biz hozirgina juda-juda samarali va ijobiy uchrashuvni yakunladik. Men mamnunman – natijasi xayrli bo‘lsin», deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirmoqda Anadolu nashri. Shuningdek, Erdo‘g‘an tez orada qo‘shma deklaratsiya e’lon qilinishini aytdi.

«Yakuniy deklaratsiya tez orada e’lon qilinadi, ehtimol. Tramp va Tamim (Qatar amiri shayx Tamim Ol Soniy)ning bayonotlari bilan bugungi uchrashuvning natijasi oydinlashadi», deya qo‘shimcha qildi u.

Tafsilotsiz uchrashuv «tafsilotlari»

Axios nashriga ko‘ra, Tramp urushni tugatish rejasi sifatida arab va musulmon mamlakatlarini Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishga sharoit yaratish uchun tinchlikparvar kuchlar yuborishga va qayta qurish dasturlariga moliyaviy hissa qo‘shishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan.

BAAning WAM axborot agentligi xabar berishicha, uchrashuvda urushni tugatish va doimiy sulhga erishish asosiy mavzu bo‘lgan, garovdagilarni ozod qilish va og‘irlashayotgan gumanitar inqirozni hal qilish masalalari ham muhokama qilingan.

Uchrashuv boshida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Trampga murojaat qilib: «Biz sizga va sizning rahbarligingizga ishonamiz. Bu urushni tugatib, G‘azo xalqiga yordam berishingiz uchun…» dedi. U G‘azodagi vaziyatni «juda og‘ir» deb ta’rifladi.

Shayx Tamim Isroil o‘tgan hafta G‘azodagi Hamas rahbarlari bilan AQSh vositachiligidagi sulh taklifini muhokama qilayotgan paytda Dohaga hujum qilganini eslatib, vaziyatning dolzarbligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Isroilning asl maqsadi «G‘azoni vayron qilish, uy-joy, tirikchilik, ta’lim va tibbiy xizmatni imkonsiz holga keltirish va insoniy hayotning poydevorini yo‘q qilish»dir.

Al-Jazeera'ning yozishicha, ushbu sammit global norozilik fonida o‘tdi. Ikki yillik urushda kamida 65 ming kishi halok bo‘lgan va ko‘plab davlatlar Falastin davlatini tan olmoqda. AQSh esa, odatda Isroilni qurol va diplomatik himoya bilan ta’minlab keluvchi davlat sifatida, Isroil tufayli tobora ko‘proq qoralanmoqda.

Tramp, shunga qaramay sammitdagi oldingi BMT Bosh assambleyasidagi nutqida Fransiya, Britaniya, Kanada, Avstraliya, Portugaliya va boshqalar tomonidan Falastinning tan olinishini «Hamasga mukofot» deb atadi va bu «mojaroni davom ettirishga undaydi» dedi. U urushni «darhol» tugatishga chaqirdi, biroq G‘azodagi humanitar falokat, Isroilning genotsidini tilga olmadi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa yakshanba kuni ikki davlat yechimi bo‘yicha yig‘ilishda Falastin davlatini tan olish harakatlarini «mukofot emas, huquq» sifatida ta’rifladi.

Foto:QudsNews

Al-Jazeera diplomatik muharriri Jyeyms Beyzning ta’kidlashicha, BMTdagi diplomatlar orasida «Oq uyda Tramp ba’zan faqat bir tomonlama ma’lumot olayotgandek» degan kayfiyat bor. «Isroilning BMT Xavfsizlik Kengashida bitta qo‘llab-quvvatlovchisi, bitta moliyaviy ta’minotchisi va qurol yetkazib beruvchisi bor. Bu – AQSh. Shunday ekan, vaziyatni o‘zgartira oladigan yagona odam ham bu – Donald Tramp,» dedi u.

Isroil rejaga jalb qilinmagan, ammo Bosh vazir Benyamin Netanyaxuga tafsilotlar yetkazilgan. Loyihada kelgusida Falastin ma’muriyatining rolini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda, biroq Isroil buni qabul qilmasligini avval ham bildirgan.

Isroil, bundan tashqari ayni vaqtda ham G‘azo shahrini tinimsiz bombardimon qilib, har kuni o‘nlab falastinliklarni o‘ldirmoqda va o‘n minglab odamlarni o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur qilmoqda.

Mavzuga oid