Jahon | 22:45 / 24.09.2025
3608
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida vositachi bo‘lmaydi, biroq muzokara maydoniga aylanishga tayyor – To‘qayev

Qozog‘iston rahbarining fikricha, ikkala tomon ham barcha bahsli masalalar bo‘yicha muloqot olib borishga qodir.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaroda vositachi bo‘lmaydi, biroq ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar maydoniga aylanishi mumkin. Bu haqda prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ma’lum qildi.

Uning fikricha, ikkala tomon ham barcha bahsli masalalar bo‘yicha muloqot olib borishga qodir.

«Harbiy harakatlar davom etishi bilan ko‘plab masalalar: hududiy, tarixiy, milliy, til va, albatta, siyosiy masalalar ustma-ust qo‘yilmoqda. Ha, hududiy masala hozir eng asosiy va eng qiyin masala, ammo uning muzokaralar stoli atrofidagi amaliy yechimi tarixiy mavzudagi munozaralar tufayli ko‘rinmayapti va bu yerda turli xil fikrlar, shu jumladan g‘ayrioddiy va hatto ekzotik fikrlar ham mavjud. Shunga qaramay, muzokaralarni davom ettirish kerak. Agar Rossiya va Ukraina yetakchilarining Qozog‘istonga kelish istagi bo‘lsa, unda muzokaralarni muvaffaqiyatli ta’minlash uchun barcha zarur xizmatlarni ko‘rsatamiz», dedi To‘qayev.

Shu bilan birga, Qozog‘iston rahbari uchrashuvga maxsus tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidladi. Harbiy harakatlar davom etayotgan, kun tartibidagi barcha asosiy masalalar bo‘yicha tafovutlar mavjud bo‘lgan sharoitda natijaga umid qilish, uning fikricha, noreal yondashuvdir.

«Xulosa qilib, qat’iy ayta olaman: biz Ukraina va Rossiya o‘rtasida oliy darajadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlash tarafdorimiz, ammo o‘zaro tushunishga erishish uchun oldindan ish olib borish kerak. Qozog‘iston vositachi bo‘lmasa-da, agar zarurat tug‘ilsa, barcha darajadagi muzokaralar va uchrashuvlar joyi sifatida «yaxshi xizmatlar» ko‘rsatishga tayyor», deb xulosa qildi Qozog‘iston prezidenti.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Qozog‘istonda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Mavzuga oid