Sog‘lom hayot | 23:31 / 24.09.2025
2227
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp homiladorlikda paratsetamolning autizm bilan bog‘liqligini aytdi, JSST buni rad qildi

Oq uy rahbari homilador ayollar paratsetamol qabul qilishi mumkin emas, chunki bu bolada autizmga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. JSST bu boradagi dalillar bir-biriga zid ekanini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) AQSh prezidenti Donald Trampning homiladorlik davrida ayollarning paratsetamol iste’mol qilishi, shuningdek, bolalarni emlash autizmni qo‘zg‘atishi mumkinligi haqidagi so‘zlarini rad etdi. Bu haqda Reuters yozdi.

Xususan, JSST vakili Toriq Yasharevich homiladorlik paytida paratsetamol iste’mol qilish va autizm o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi dalillar ziddiyatli bo‘lib qolayotganini va hayotni saqlab qoluvchi vaksinalarning qiymati shubha ostiga olinmasligi kerakligini aytdi.

«Dalillar bir-biriga zid bo‘lib qolmoqda», dedi JSST vakili Jyenevada bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida homiladorlik paytida paratsetamol iste’mol qilish va autizm o‘rtasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar autizmni keltirib chiqarmaydi.

«Vaksinalar, yuqorida aytganimdek, qanchadan-qancha insonlarning hayotini saqlab qoladi. Shuning uchun bu fan tomonidan isbotlangan va bu narsalarni shubha ostiga qo‘ymaslik kerak», deb qo‘shimcha qildi u.

2025 yil aprel oyida AQSh sog‘liqni saqlash vaziri kenja Robert Kennedi sentabrgacha autizm sababini aniqlashini aytdi.

22 sentabr kuni mamlakat prezidenti Donald Tramp ushbu tadqiqot natijalarini e’lon qildi: uning ta’kidlashicha, homilador ayollar paratsetamol qabul qilishi mumkin emas, chunki bu bolada autizmga olib kelishi mumkin. Kennedi, o‘z navbatida, autizm bilan og‘rigan odamlarning ahvolini kalsiy folinat yordamida yaxshilash mumkinligini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid