Jahon | 14:54 / 24.09.2025
12298
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp NATO hududida Rossiya samolyotlari va dronlarini urib tushirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

Tramp kutilmaganda Ukraina «butun hududini avvalgi chegaralarida qaytarib olishi» mumkinligi haqida gapirdi.

Foto: Getty Images

«Ha, shunday deb o‘ylayman», – deya qisqa javob qaytardi AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistning NATO davlatlari o‘z havo hududiga uchib kirgan Rossiya uchish apparatlarini urib tushirishi kerakmi, deya bergan savoliga.

Bu savol Trampga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Nyu Yorkdagi uchrashuv oldidan o‘tkazilgan qisqa qo‘shma matbuot anjumanida berildi.

Shu bilan birga, agar Rossiya droni yoki samolyoti urib tushirilsa, AQSh NATOdagi ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlaydimi, degan savolga Tramp unchalik qat’iy javob bermadi. «Bu vaziyatga bog‘liq», – dedi AQSh prezidenti.

Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti bilan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi bo‘lib o‘tayotgan Nyu Yorkda uchrashdi.

Oq uy rahbari uchrashuv oldidan o‘tkazilgan brifingda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush yaqin orada tugamasligi haqida gapirdi. «Eng katta o‘zgarish [urushni tugatishda] shundan iboratki, Rossiya iqtisodiyoti hozir dahshatli holatda. U tanazzulga yuz tutmoqda. Ochig‘ini aytganda, Ukraina bu ulkan armiyani to‘xtatish bo‘yicha juda yaxshi ish qilyapti», – dedi Tramp.

Zelenskiy Trampga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi va AQSh prezidentining Yevropani Rossiyadan energiya resurslarini sotib olishni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘iga qo‘shildi.

U so‘nggi bir oy ichida Ukrainaning 360 kilometr kvadrat hududi ozod qilingani va mingga yaqin rossiyalik harbiylar Ukraina armiyasi qurshovida qolganini e’lon qildi, Kiyev keyinchalik ularni asirga olingan ukrainga almashtirishga umid qilmoqda. Shuningdek, u Ukraina bosim kuchayishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning kuchaytirilishini kutayotganini qayd etdi. «Biz sizning, janob prezident Yevropa davlatlari Rossiya nefti va gazini sotib olishni to‘xtatishi kerakligi haqidagi fikringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi u.

Uchrashuvning matbuot uchun ochiq qismi bir necha daqiqa davom etdi, shundan so‘ng prezidentlar yopiq eshiklar ortida muloqotni davom ettirdi.

Tramp bilan muzokaralar oldidan Zelenskiy AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog bilan ham uchrashuv o‘tkazgandi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u bilan frontdagi vaziyat va Pokrovsk yaqinidagi qarshi hujum operatsiyasi natijalari, shuningdek, dronlar va Amerika qurollarini sotib olish bo‘yicha hamkorlik muhokama qilingan.

Tramp birdan Ukrainaga ishona boshladi

Zelenskiy bilan muloqotdan so‘ng Donald Tramp Ukraina Yevropa yordami bilan Rossiya bosib olgan barcha hududlarini qaytarib olishi mumkinligi haqidagi juda kutilmagan bayonot bilan chiqdi.

«Ukraina/Rossiya bilan harbiy va iqtisodiy vaziyatni bilib va to‘liq tushunib, bu Rossiyaga olib keladigan iqtisodiy muammolarni ko‘rib, o‘ylaymanki, Ukraina Yevropa Ittifoqi ko‘magida jang qilish va butun Ukrainani asl holatida qaytarib olishga qodir», – deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida.

Tramp o‘z postida seshanba kuni BMTda aytgan fikrini takrorlagan: Trampning fikricha, «haqiqiy harbiy kuch» bir hafta ichida g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgan joyda Rossiya uch yarim yildan beri muvaffaqiyatsiz urush olib bormoqda. Tramp Rossiya qog‘oz yo‘lbarsga o‘xshab ko‘rinayotganini aytgan.

«Vaqt, sabr-toqat va Yevropaning, xususan NATOning moliyaviy ko‘magi kerak, shunda bu urush boshlangan dastlabki chegaralarga qaytilishi – to‘liq ehtimolli variant», – deb hisoblaydi Tramp.

«Moskva hamda Rossiya bo‘ylab boshqa go‘zal shaharlar, posyolkalar va rayonlar aholisi bu urushda aslida nima bo‘layotganini, uzun navbatlar tufayli benzin olish deyarli imkonsizligi va boshqa barcha narsalar, ularning harbiy iqtisodiyotida nimalar sodir bo‘layotgani, pulning katta qismi buyuk ruhiyatga ega Ukraina bilan urushga ketayotgani, u esa faqat yaxshilanayotgani, Ukraina mamlakatni asl holiga qaytarishi mumkinligidan xabar topganida, uyog‘iga nima bo‘lishini kim biladi deysiz!», – deb davom etdi Tramp Zelenskiy bilan uchrashuvidan so‘ng yozgan uzun postida.

Shundan keyin Tramp Rossiya iqtisodiyotda katta muammolarga duch kelayotgani va Ukraina «harakat qilish vaqti kelgani»ni yana bir bor takrorladi, so‘ngra ikkala davlatga ham yaxshilik tilashini aytdi hamda postni AQSh NATO ittifoqchilariga qurol yetkazib berishda davom etishi, ular esa qurol bilan xohlaganini qilishi mumkinligiga ishontirish bilan yakunladi.

Oldingi uchrashuvlar

Zelenskiy va Trampning u Oq uyga qaytganidan keyingi ilk uchrashuvi 28 fevral kuni o‘tkazilgan va uchrashuv boshidayoq mojaroli holat yuzaga kelgandi. Zelenskiy o‘shanda minerallar bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Vashingtonga uchib borgan, ammo Oval kabinetdagi suhbat chog‘ida u, Tramp va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens o‘rtasida bahs bo‘lib ketgandi. Yakunda ukrainlar yetakchisi Oq uyni tark etishga majbur bo‘lgandi.

Tramp va Zelenskiyning keyingi uchrashuvlari ancha tinch kechdi. Ularning so‘nggi muzokaralari 19 avgust kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadi – bu Tramp va Putinning Alyaskadagi sammitidan uch kun o‘tib ro‘y bergandi. O‘shanda Zelenskiyning yonida turish uchun Oq uyga Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari ham yetib kelgandi: bular Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers va boshqa yana bir nufuzli siyosatchilar.

Zelenskiy va Putin bilan uchrashuvlar o‘tkazgan Tramp avgust oyi oxirida uch tomonlama sammit tashkillashtirmoqchi edi. Ammo keyin u avval Rossiya va Ukraina yetakchilari ikkalasi alohida uchrashishi kerakligini ayta boshladi, Putin bunday uchrashuv faqatgina Zelenskiy Moskvaga uchib kelgan taqdirda bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Zelenskiy esa bunday taklifni rad etdi. «Agar uchrashuv bo‘lmasligini istasangiz, meni Moskvaga taklif qilishingiz kerak, deb o‘ylayman», – deb javob berdi u.

16 sentabr kuni Tramp Putin va Zelenskiyning uchrashuvini tashkillashtirish va «ular bilan bir xonada o‘tirish»ga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytdi.

«Bilasizmi, bu ikki inson, Zelenskiy va Putin bir-birini yomon ko‘radi. Shunday ekan, men ular bilan muzokara stoliga o‘tirishim kerak bo‘ladi, chunki ular ikkovi uchrasha olmaydi», – dedi u.

Jurnalistlarning u navbatdagi uchrashuvda Zelenskiyga nima deyishi haqidagi savoliga Tramp shunday javob berdi: «Siz harakat qilishingiz va kelishuv tuzishingiz kerak».

18 sentabr kuni Britaniyaga tashrifi chog‘ida Tramp Putin bilan yaxshi munosabatlari tufayli Ukrainadagi urushni yakunlash eng osoni bo‘ladi deb o‘ylaganini tan olgandi. Biroq, Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbari unga «pand bergan».

Mavzuga oid