Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Har qanday miqdordagi alkogol demensiya xavfini oshirishi aniqlandi – yangi tadqiqot
2,4 million odamning genetik, yarim milliondan oshiq kishining salomatlik ma’lumotlari asosida olib borilgan ilmiy izlanish “spirtli ichimliklarni kam miqdorda ichish zararsiz” degan fikrlarning noto‘g‘ri ekanini isbotladi. Yangi tadqiqotga ko‘ra, hatto oz miqdordagi alkogol ham miya salomatligi uchun xavf tug‘dirib, xotira susayishi va diqqat pasayishini yuzaga keltirishi mumkin.
Odamlar orasida miya salomatligi uchun “kam miqdorda ichish foydali bo‘lishi mumkin” degan qarash mavjud. Oksford, Yel va Kembrij universiteti olimlari olib borgan yirik tadqiqot bu fikrni inkor etdi.
BMJ Evidence-Based Medicine jurnalida nashr qilingan ilmiy izlanishda ta’kidlanishicha, hatto eng yengil turdagi spirtli ichimlik ham demensiya (xotira va tafakkur faoliyatining keskin pasayishi) xavfini oshiradi. Mualliflar bunday odatning miya uchun “xavfsiz chegarasi yo‘qligini” qayd etdi.
Tadqiqotda spirtli ichimlik iste’moli va demensiya o‘rtasidagi bog‘liqlik batafsil tahlil qilindi. Olimlar AQShdagi Million Veteran Program hamda Buyuk Britaniyadagi UK Biobank bazalaridan 559 ming 559 nafar ishtirokchining sog‘liq ma’lumotlarini o‘rgandi. Ularning orasida 14 ming 540 kishiga turli ko‘rinishdagi demensiya tashxisi qo‘yilgan edi.
Shuningdek, olimlar 45 ta alohida tadqiqotni jamlab, 2,4 million ishtirokchining genetik ma’lumotlari asosida qo‘shimcha tahlil o‘tkazdi. Mazkur jarayonda genetik moyilligi yuqori bo‘lgan kishilar ko‘proq ichkilik iste’mol qilishi va buning natijasida demensiya xavfi sezilarli darajada ortishi kuzatildi. Xususan, spirtli ichimlik iste’molini ikki barobarga oshirish demensiya xavfini 16 foizga ko‘paytirishi malum bo‘ldi.
Kuzatuv tahlillari boshqa bir muhim ko‘rsatkichni ham ochib berdi: Haftasiga ichiladigan alkogol miqdorini uch baravar oshirish demensiya xavfini 15 foizga ko‘tarishi aniqlandi.
Tadqiqot mualliflari aytganidek, bu natijalar “kam miqdordagi ichimlik foydali bo‘lishi mumkin” degan keng tarqalgan qarashni butunlay inkor etadi. Aksincha, har qanday darajadagi spirtli ichimlik iste’moli miya salomatligi uchun xavf tug‘dirishi, demensiya xavfini oshirishi isbotlandi.
“Bizning natijalar kam miqdordagi alkogol miya salomatligi uchun foydali bo‘lishi mumkin degan qarashni rad etadi. Genetik dalillar hech qanday himoya ta’sirini ko‘rsatmadi, aksincha qarama-qarshi natija berdi. Hatto oz miqdordagi yoki o‘rta darajadagi ichkilik ham demensiya xavfini oshiradi. Shu sababli, aholida umumiy alkogol iste’molini kamaytirish bu kasallikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin”, – deydi tadqiqotning yetakchi muallifi, Oksford universiteti olimi doktor Anya Topivala.
Yangi tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, alkogol iste’molining “zararsiz” darajasi mavjud emas. Har qanday miqdor miya salomatligi uchun xavf tug‘diradi. Mutaxassislar odamlarning spirtli ichimlik iste’molini kamaytirishi demensiyaning oldini olishda eng samarali usullardan biri bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Mavzuga oid
11:33 / 23.04.2026
Naqdsiz savdo bo‘yicha yangi talablar yumshatilishi mumkin
18:30 / 19.01.2026
Turkmaniston possovet hududidagi eng hushyor mamlakat deb tan olindi
08:29 / 15.01.2026
Qozog‘istonda alkogol savdosini cheklash taklif qilindi
15:46 / 19.09.2025