Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada yana soliqlar oshirilmoqda, Putin 2030 yilgacha bunday qilmaslikka va’da bergandi
Moliya vazirligi ochiqchasiga tan oladi: urush uchun pul kerak.
Rossiyada 2026 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi amaldagi 20 foizdan 22 foizga oshiriladi. Moliya vazirligi budjet paketi doirasida Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritdi.
Moliya vazirligi amalda soliqlarni oshirishdan maqsad – urush olib borish ekanini ochiq bildirdi: idora bu o‘zgarishdan keladigan mablag‘lar birinchi navbatda «mudofaa va xavfsizlikni moliyalashtirish» uchun yo‘naltirilishini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlar (oziq-ovqat, dori-darmon, bolalar uchun mahsulotlar, bosma nashrlar va kitoblar) uchun belgilangan 10 foizlik imtiyozli QQS stavkasi avvalgi miqdorda saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, Moliya vazirligi soddalashtirilgan soliq solish tizimi bo‘yicha ishlaydigan va QQS to‘lashi shart bo‘lgan soliq to‘lovchilarning daromad chegarasini keskin pasaytirishni taklif qildi – 60 million rubldan 10 million rublgacha. Shuningdek, bukmekerlik idoralari uchun qabul qilingan stavkalarning 5 foizi miqdorida qimor biznesi solig‘ini hamda 25 foiz miqdorida foyda solig‘ini joriy etish rejalashtirilgan.
Soliqlarning yangi oshirilishi Rossiya rahbariyatining bunday bo‘lmasligi haqidagi bir necha bor bergan va’dalariga zid ravishda rejalashtirilgan. 2025 yil iyun oyida moliya vaziri Anton Siluanov budjet ijrosi bilan bog‘liq vaziyat «murakkab» bo‘lishiga qaramay, rasmiylar soliq qonunchiligini o‘zgartirish rejalarini ko‘tarmayotganini ta’kidlagan edi.
Ixtisoslashgan nashrlarning manbalari bir necha hafta oldin soliqlar yana oshirilishi aniq ekanini aytishgandi. «Yo‘qsa, mudofaa xarajatlari kamaytirilgan taqdirda ham kunimiz o‘tmayapti. Neft va gaz daromadlari pasaymoqda, iqtisodiyot esa bularning barchasini to‘liq qoplashga imkon bermayapti», – degandi Reuters manbasi avgust oyi oxirida. Sentyabr oyi o‘rtalarida The Bell manbalari «soliqlar aniq ko‘tarilishi» va asosiy variant sifatida aynan QQSni 20 foizdan 22 foizga oshirish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
QQS – federal budjet uchun asosiy soliq hisoblanadi. Oxirgi marta uning stavkasi 2019 yilda ko‘tarilgan – unda ham ikki foizga, 18 foizdan 20 foizga. 2024 yilda QQS federal budjetga jami tushumlarning uchdan bir qismidan ortig‘ini (13,5 trln rubl yoki 37 foiz) ta’minlagan. The Bell hisob-kitoblariga ko‘ra, QQSning yangi oshirilishi budjetga yiliga taxminan bir trillion rubl yoki yalpi ichki mahsulotning taxminan 0,5 foizi miqdorida qo‘shimcha tushum olib kelishi mumkin.
The Moscow Times bilan suhbatlashgan iqtisodchilarning ogohlantirishicha, QQSning oshirilishi inflatsiyani yanada tezlashtirishi, shuningdek, Markaziy bank asosiy stavkasining pasayishini sekinlashtirishi mumkin, bu esa o‘z navbatida Rossiya iqtisodiyotini yanada sekinlashtiradi.
QQS stavkasining o‘zgarishi keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri soliqlarning ikkinchi oshirilishi bo‘ladi. 2025 yil yanvar oyidan boshlab Rossiyada foyda solig‘i 20 foizdan 25 foizga, daromad solig‘ining maksimal stavkasi esa 15 foizdan 22 foizga oshirilgandi. O‘shanda ham Moliya vazirligi soliqlarni oshirish rejalashtirilmayotganiga ishontirgandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yil fevral oyida Federal Majlisga yo‘llagan murojaatida soliqlar oshishini, lekin faqat bir marta oshishini ma’lum qilgandi. U yuqori daromadli odamlar uchun yig‘imlarni oshirish orqali soliq tizimini «modernizatsiya qilish»ni, keyin esa «2030 yilgacha asosiy soliq parametrlarini belgilash»ni taklif qilgandi. Shu bilan birga, QQSning oshishi daromad darajasidan qat’i nazar, barchaga ta’sir qiladi: bu har bir mahsulot narxiga kiritilgan iste’mol solig‘idir.
Jurnalist Farida Rustamova ta’kidlaganidek, «aslida bu [soliqlarni oshirmaslik] Putinning beshinchi muddatga qayta saylanishidan oldingi saylovoldi va’dalaridan biri edi». 2024 yil sentabr oyida Putin budjetni yanada to‘ldirishni soliqlarni oshirish hisobiga emas, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirish orqali ta’minlash kerakligini aytgan edi.
Mavzuga oid
09:55 / 24.06.2026
Putin: Yonilg‘i tanqisligi Ukrainadagi urushga ta’sir qilmaydi
21:15 / 23.06.2026
Rossiya Ukraina bilan «2022 yildagi Istanbul kelishuvlari asosida» muzokaralar olib borishga tayyor - Putin
08:29 / 18.06.2026
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
10:45 / 16.06.2026