Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI komissari: «Dronga qarshi devor» qurish bir yildan ko‘proq vaqtni oladi
Yevropa Ittifoqi bir yil ichida uchuvchisiz uchoqlarni aniqlash tizimini yaratishi mumkin, biroq to‘laqonli mudofaa tuzilmasini ishlab chiqish ko‘proq vaqt talab etadi, dedi mudofaa bo‘yicha Yevropa komissari Andryus Kubilyus.
Yevropa Ittifoqi bir yil ichida dronlarni aniqlash imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin, biroq quruqlikda va dengizda UUAni kuzatish va yo‘q qilish uchun to‘laqonli tizim yaratish ancha uzoq davom etadi, dedi mudofaa va koinot bo‘yicha Yevropa komissari Andryus Kubilyus 23 sentabr, seshanba kuni Euractiv portali tomonidan tashkil etilgan forumda.
«Bizda dronlarni aniqlash imkoniyati yetishmasligini tushunishimiz kerak», deb tan oldi Kubilyus. «Bizda qiruvchi samolyotlar va raketalarni aniqlash imkoniyatlari yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo dronlarning o‘ziga xos xususiyatlari bor: ular juda past uchadi va kichik», deb tushuntirdi avvalroq Litva bosh vaziri bo‘lib ishlagan Kubilyus.
Yevrokomissarning ta’kidlashicha, dronlarga qarshi ishonchli mudofaani yaratishda birinchi qadam tezkor aniqlash tizimini yaratishdir. Uning ta’kidlashicha, bunday tizim «taxminan bir yil ichida» tayyor bo‘lishi hamda Rossiya hujumlari va «provokatsiyalari»ni qaytarishga qodir. Bundan tashqari, bunday mudofaa tarmog‘i Norvegiya va Daniyaga uchuvchisiz uchoqlar hujumini hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqining keng dengiz chegaralarini qamrab olishi kerak, dedi Kubilyus.