O‘zbekiston | 22:30 / 26.09.2025
5044
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda ikkita AES va Toshkent viloyatida ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq vaziyat – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridagi nutqi lingvistik tahlil qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqiga lingvistik tahlil o‘tkazildi.

Eng ko‘p uchraydigan so‘z birikmasi — «Markaziy Osiyo» (6 marta). Shundan keyin «doimiy rivojlanish» (4 marta) tilga olingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, nutqda mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish masalalari bilan birga, inson kapitali uchun muhim yo‘nalishlar — xotin-qizlar roli, sog‘liqni saqlash va suv resurslariga alohida urg‘u berildi.

Jizzaxda ham kichik, ham katta AES quriladigan bo‘ldi

Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladi. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta majmuada o‘zaro bog‘lagan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi.

Moskvada o‘tayotgan Jahon atom haftaligi doirasida bu borada ikkita bitim imzolandi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev so‘zlariga ko‘ra, katta stansiya har biri 1000 MW quvvatga ega ikkita reaktor, kichik stansiya esa har biri 55 MW quvvatga ega ikkita reaktordan iborat bo‘ladi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AES majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyati bog‘chalarida bolalar ommaviy zaharlandi

Oqqo‘rg‘on, Piskent, Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlaridagi davlat bog‘chalarida yuzlab bolalar zaharlandi. Rasmiylar bu borada aniq ma’lumotni bermayotgan vaqtda manbalar zaharlanganlar mingdan oshganini aytmoqda. Shifoxonalarga sig‘magan bolalar qo‘shni tumanlarga yo‘naltirilyapti.

Kun.uz muxbiri Piskent va Oqqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib tafsilotlarni o‘rganishga urindi. Aksariyat onalar farzandida isitma, ich ketishi, qayt qilish holatlari kuzatilganini, bu bog‘chadan kelgach yuz berganini aytdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining ma’lum qilishicha, hozir bog‘chalarning oshxonalari ko‘zdan kechirilib, bolalar sutkalik iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tekshirilmoqda.

Samarqandda birinchi yerosti chiqindi saqlash majmuasi tashkil etildi

Respublikada ilk bor Samarqand shahri Qorasuv massivi Obod maskan mahallasida 2 ta yarim yerosti chiqindi saqlovchi maxsus qutilar majmuasi ishga tushirildi.

Mazkur yerosti chiqindi saqlash majmuasi 2 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, ularning har biriga 2 tadan jami 4 ta maxsus konteyner o‘rnatilgan. Konteynerlarning sig‘imi 3 metr kub, ya’ni 550 litrni tashkil etadi. Natijada 1000-1500 nafar aholiga xizmat qiladi. Kelgusida bu kabi yerosti majmuasidan hududda yana 5 ta qurish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyatida baliq ovlaganlar tabiatga 680 mln so‘m zarar yetkazdi

Bo‘ka tumani hududidagi reyd davomida fuqarolar A.U. va Sh.U. tomonidan Sirdaryo daryosining Bo‘ka tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq yordamida 8 xildagi jami 31 dona baliq noqonuniy ovlangani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish natijasida ovlangan baliqlardan 3 donasi O‘zbekiston Qizil Kitobiga mansub Turkiston mo‘ylovdori balig‘i ekani aniqlandi. Huquqbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 679 million 400 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Mavzuga oid