Jahon | 20:56 / 26.09.2025
5985
3 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘il aviahalokatga uchragan onasining xatini 24 yildan keyin oldi

Xatda ona kichik yoshdagi o‘g‘lining kitob o‘qiganidan faxrlangan. Ayol 2001 yilgi teraktlarda yuz bergan aviahalokatda qurbon bo‘lgan.

Amerikalik Jyevon Kastrillo onasi Si Si Layls tomonidan 24 yil oldin yozilgan va bog‘cha tarbiyachisida saqlangan xatni oldi.

Xat 2001 yil mart oyida, uning kichik paytida yozilgan. Maktubda o‘g‘li endigina kitobni to‘liq o‘qib tugatganidan xursand bo‘lgan onaning quvonchi aks etgan. Si Si Layls xushxabarni bog‘cha tarbiyachisi Temmi Turman bilan baham ko‘rgan.

«Hurmatli miss Turman, kecha kechqurun Jyevon kutubxonadan olib kelgan kitobni o‘qib chiqdi. Uni boshdan-oyoq o‘qib chiqdi. Men sizga xat yozishga va u qanday buyuk ishni amalga oshirganini aytishga va’da berdim. Biz u bilan juda faxrlanamiz va u bilan uyda ishlashda davom etamiz. Ishdagi fidoyiligingiz va jasoratingiz uchun yana bir bor rahmat», deyiladi xatda.

Fojiali burilish 2001 yil kuzida sodir bo‘ldi. Layls 11 sentabr teraktlari paytida olib qochilgan United aviakompaniyasi samolyoti bortida styuardessalardan biri edi. Havoda bo‘lgan Layls turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, bortdagi yo‘lovchilar terrorchilarga qarshilik ko‘rsatayotganini aytgan. Samolyot oxir-oqibat Pensilvaniya shtatining Shanksvill shahri yaqinida yerga quladi. Uning bortidagi barcha insonlar halok bo‘ldi.

Shu kuni Jyevon onasidan ajraldi. Turman xonim esa ayolning maktubini asrab qo‘ydi. U yillar davomida xat borasida ikkilanib yurdi. Nihoyat shu yil u xatni Laylsning qadrdon shahri yaqinida ishlaydigan muxbir Jon Sheynmanga topshirdi. Xat bilan birga 6 yoshli Jyevonning suratini ham yubordi.

Turman videoaloqa orqali Jyevon bilan bog‘landi. «Ona sifatida men onangning bu so‘zlarini eshitishing kerakligini bilaman. U ajoyib ayol edi, sen esa ajoyib o‘quvchi eding», dedi u.

Jyevon onasining xatini o‘qidi va bir necha o‘n yillar davomida to‘plangan his-tuyg‘ulari junbishga keldi, uning ko‘zlari yoshlandi.

- Bu juda ta’sirli... - dedi Jyevon. - Bu juda yoqimli tuyuladi va bilasizmi, u aynan shunday degan bo‘lardi.

Hozir uch oylik chaqaloqning otasi bo‘lgan Jyevon onasi u bilan faxrlanishi uchun har kuni mehnat qilishda davom etishini aytdi.

Ammo Jyevon 24 yil oldingi maktub tufayli endi istagan paytda onasining g‘ururini his qila oladi.

Mavzuga oid