Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uyda mehmon bo‘lgan Erdo‘g‘an, G‘arbiy sohil anneksiyasiga «ruxsat bermagan» Tramp va Kremlga tahdid qilgan Zelenskiy – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp va Erdo‘g‘an uchrashuvi
25 sentabr kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni qabul qildi.
Ikki soatlik muzokaralar «turli masalalarda juda yakuniy» bo‘lgani ta’kidlandi. Tramp uchrashuv yakunida Turkiya uning Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatish haqidagi iltimosiga rozi bo‘lishiga ishonishini aytdi. Shuningdek, Anqaraga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olishi uchun AQSh sanksiyalari bekor qilinishi mumkin.
Oq uy Oval kabinetida yonma-yon o‘tirib, Tramp Erdo‘g‘anni «juda qattiqqo‘lligi va Yevropadagi obro‘si haqida gapirdi va ular Jo Bayden prezidentligi davrida ham do‘st bo‘lib qolganini ta’kidladi.
Reutersʼning yozishicha, uchrashuv paytida Tramp F-35 samolyotlarini sotish bo‘yicha kelishuvga tayyordek ko‘rindi.
«Menimcha, u o‘zi xohlagan narsalarni sotib olishda muvaffaqiyatli bo‘ladi», dedi Tramp. Shuningdek, u Turkiyaga qarshi sanksiyalarni «juda tez orada» bekor qilishi mumkinligini va «agar yaxshi uchrashuv o‘tkazsa, deyarli darhol» bo‘lishini aytdi.
Turkiya Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatadimi degan savolga ham Tramp ishonch bilan javob berdi: «Menimcha, u to‘xtatadi, ha. Nega bilasizmi? Chunki u neftni boshqa ko‘plab odamlardan sotib olishi mumkin», dedi Tramp Erdo‘g‘an haqida.
Trampning Oq uyga qaytishi ortidan uning Erdo‘g‘an bilan manfaatlari – ikki tomonlama taranglikning katta manbai bo‘lgan Suriya bo‘yicha moslashgan. Endi AQSh va Turkiya ikkalasi ham Suriya markaziy hukumatini qat’iy qo‘llayapti.
Turkiya prezidenti esa Tramp davrida Anqara va Vashington «boshqacha jarayon»dan o‘tayotganini aytdi.
«Biz janob Trampning birinchi hamda ikkinchi muddatida ham Turkiya–Amerika munosabatlarida boshqacha jarayonni boshdan kechirmoqdamiz», dedi Erdo‘g‘an Oq uyda.
Tramp G‘arbiy sohil anneksiyasiga «ruxsat bermadi»
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilga Iordan daryosining g‘arbiy sohilini anneksiya qilishiga ruxsat bermasligini aytdi. U bu orqali ayrim isroillik o‘ta o‘ng siyosatchilarning hududni o‘z suvereniteti ostiga olish va Falastin davlati umidlarini butkul so‘ndirish haqidagi chaqiriqlarini rad etdi.
«Men Isroilga G‘arbiy sohilda anneksiya qilishiga ruxsat bermayman. Yo‘q, bunga ruxsat bermayman. Bu sodir bo‘lmaydi», dedi Tramp Oq uy Oval kabinetida muxbirlarga. «Yetarli bo‘ldi. Endi buni to‘xtatish vaqti keldi», deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp bu fikrlarni Netanyahu juma kuni BMT minbaridan nutq so‘zlash uchun Nyu Yorkka kelayotgan bir paytda bildirdi. Netanyahu ofisi Trampning bayonotiga javobni Isroilga qaytgach berishini ma’lum qildi.
Isroil 1967 yilgi urushda G‘arbiy sohildagi hududlarni egallagach, u yerdagi yahudiy aholi punktlari son va hajm jihatidan keskin oshdi. Isroil nazoratidagi yo‘llar va boshqa infratuzilma tizimi hududni bo‘lib tashlamoqda.
Xalqaro hamjamiyatning katta qismi Isroil ko‘chmanchilar aholi punktlarini xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy deb hisoblaydi. Isroil esa buni inkor etadi va hududga tarixiy hamda diniy da’volarini keltiradi.
Ukraina Kremlga zarba berishga tayyor
Agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, Kremldagi amaldorlar yaqinidagi bombapanoh qayerdaligini bilishi lozim, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
«Agar ular urushni to‘xtatmasa, Kreml amaldorlari yaqinidagi bombapanoh qayerda ekanini bilishlari kerak», - dedi u Axios nashriga bergan intervyusida. U AQSh prezidenti Donald Trampdan Putinni muzokaralarga majbur qilishi mumkin bo‘lgan obektlarga zarba bera oluvchi ma’lum turdagi raketalarni so‘raganini aytdi. Shu bilan birga, Ukraina Rossiya tinch aholisiga hujum qilmaydi, «chunki biz terrorchilar emasmiz», - deya ta’kidladi prezident.
Shu bilan birga u Tramp Ukraina tomonidan Rossiyaning energetika infratuzilmasi va qurol ishlab chiqaruvchi zavodlariga zarbalar berilishi imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina allaqachon Rossiya hududining chuqur qismidagi obektlarga zarba berishga qodir dronlarga ega. Biroq prezident nomini tilga olmagan yangi amerikalik kompleks Putinga «qo‘shimcha bosim» o‘tkazishini ta’kidlagan.
Tramp 23 centyabr kuni kutilmaganda, Yevropa yordamida Ukraina Rossiya bosib olgan barcha hududlarni qaytarib olishi mumkinligini aytgandi.
Nikolya Sarkozi 5 besh yilga qamaldi
Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini 2007 yilgi saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qazzofiydan millionlab yevro mablag‘ olishda aybdor deb topdi.
70 yoshli sobiq prezident 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu esa u sud zalida hibsga olinmasligi, balki bir oy ichida qamoqxonaga jo‘natilishini anglatadi. Bu unga qarshi uchinchi jinoiy ish bo‘lib, u ilgari ham haqiqiy qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo bu uy qamog‘i bilan almashtirilgandi.
Le Monde nashri aniqlik kiritishicha, hukm kechiktirilishi Sarkozi bir oy ichida prokuraturaga chaqirilishini, u yerda unga qamoqqa olinadigan sana ma’lum qilinishini anglatadi. Shuningdek, sudya Sarkoziga 100 ming yevro miqdorida jarima tayinlagan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 2005 yilda o‘sha paytda ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Sarkozi va Qazzofiy o‘rtasida «korrupsion kelishuv» tuzilgan. Sarkozining saylovoldi shtabi kampaniyani xorijdan moliyalashtirishga qo‘yilgan taqiqni buzgan holda 50 million yevro olgan va bunga javoban fransuz siyosatchisi Qazzofiyga jahon arenasidan chetlatilishini to‘xtatishda yordam berishi kerak edi. O‘shanda Sarkozi saylovda g‘alaba qozonib, Fransiya prezidentiga aylangan.
Sarkozi barcha ayblovlarni rad etdi va o‘ziga qarshi ishlarni siyosiy sabablar bilan bog‘liq deb atadi. U apellyatsiya berishi kutilmoqda.
UEFA Isroilni chetlatishni muhokama qiladi
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) kelasi hafta Isroilni chetlatish yoki chetlatmaslik haqida qaror qabul qiladi. The Timesʼga ko‘ra, tashkilot ijro qo‘mitasining aksariyat a’zolari sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu hafta UYeFA Isroilning harakatlariga qanday munosabat bildirishi bo‘yicha «yuqori darajadagi jiddiy munozaralar» o‘tkazdi, deb xabar berdi gazeta. Isroilning chetlatilishi tarafdorlari 2022 yilda Ukrainada urush boshlaganidan keyin chetlatilgan Rossiya terma jamoalari va klublari misoliga ishora qilmoqda.
Avvalroq Isroil nashrlari diplomatlar va «Amerika rasmiylarining» sa’y-harakatlari tufayli Isroilni UYeFA turnirlaridan chetlatish masalasi endi kun tartibida emasligi haqida xabar bergandi.
Avgust oyida Falastin hududlari bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze, keyinroq boshqa faollar va sportchilar ham Isroilni barcha futbol musobaqalaridan chetlatishga chaqirgandi.
The New York Times xabariga ko‘ra, AQSh Isroil terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatidan chetlatishga qaratilgan har qanday urinishlarni «butunlay to‘xtatish» uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
Pentagon barcha generallarni yig‘moqda
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset kelasi hafta Virjiniyadagi dengiz piyodalari bazasiga AQSh armiyasining yuzlab generallari va harbiy-dengiz floti admirallarini yig‘ilishga chaqirdi, ammo sababini aniq ochiqlamadi.
The Washington Post manbalariga ko‘ra, bu ko‘rsatma butun dunyo bo‘ylab deyarli barcha yuqori lavozimli qo‘mondonlarga yuborilgan. Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell Hegsetning murojaati bo‘lishini tasdiqladi, biroq qo‘shimcha tafsilotlarni bermadi.
Majlisda mojaroli hududlaridagi yuqori qo‘mondonlar, shuningdek, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi harbiy rahbarlar qatnashishi kutilmoqda. Ba’zi amaldorlarning fikricha, uchrashuvda mamlakat ichki xavfsizligini asosiy ustuvorlikka aylantiradigan yangi milliy mudofaa strategiyasi muhokama qilinishi mumkin.
Manbalar ba’zi shubhalarini bildirib, bunday yig‘in «odatda bunday yo‘l bilan qilinmaydi» va barcha yuqori martabali ofitserlarni birdaniga Vashingtonga chaqirish «g‘alati» ekani haqida gapirdi.
Hegsetning bu buyrug‘i Pentagonning ichki tuzilmasida amalga oshirilayotgan yirik o‘zgarishlar ortidan yuz berdi. Uning mudofaa vaziri sifatidagi faoliyati xavfsizlikning sustligi hamda ulkan Pentagon byurokratiyasini boshqarish uchun zarur ma’muriy ko‘nikmalarga ega emasligi yuzasidan bahs-munozaralar bilan kechmoqda.
Mavzuga oid
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025