Jahon | 11:20 / 27.09.2025
1644
2 daqiqa o‘qiladi

"Dronlarga qarshi devor": YeI g‘oyani amalga oshirishni muhokama qilmoqda

«Dronlarga qarshi devor» butun Yevropaga xizmat qiladi, dedi mudofaa va kosmos bo‘yicha yevrokomissar Andryus Kubilyus.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Yevropa hamjamiyatini ortib borayotgan xavfsizlik tahdidlaridan himoya qilishga qaratilgan Eastern Flank Watch flagman mudofaa tashabbusi bo‘yicha yuqori darajadagi videokonferensiya o‘tkazdi. Bu haqda 26 sentabr, juma kuni Yevropaning mudofaa va koinot bo‘yicha komissari Andryus Kubilyus ma’lum qildi.

«Biz eng muhim masala bo‘yicha kelishib oldik: Eastern Flank Watch negizida quriladigan «Dronlarga qarshi devor» butun Yevropaga xizmat qiladi», — deya Kubilyusning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Yevrokomissiya.

Yig‘ilishda Yevropa Ittifoqining oldingi chiziqda joylashgan mamlakatlari – Bolgariya, Estoniya, Finlandiya, Latviya, Litva, Polsha va Ruminiya hamda boshqa ikki sharqiy qanot davlati – Vengriya va Slovakiya mudofaa vazirlari ishtirok etdi. Ularga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas va Yevropa Ittifoqi kengashining navbatdagi raisi sifatida Daniya qo‘shildi.

Alohida sessiyada Ukraina mudofaa vaziri Denis Shmixal Kiyev tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

«Bizning havo hududimizni qayta-qayta buzishni qabul qilib bo‘lmaydi. Signal aniq: Rossiya Yevropa Ittifoqi va NATOni sinovdan o‘tkazmoqda. Va bizning javobimiz qat’iy, birlashgan va zudlik bilan bo‘lishi kerak», — deya ta’kidladi Andryus Kubilyus. «Bugungi uchrashuvda biz konsepsiyadan aniq harakatlarga o‘tishga kelishib oldik», — dedi Yevropa komissari.

Mavzuga oid