O‘zbekiston | 19:58 / 27.09.2025
5825
4 daqiqa o‘qiladi

“Mirziyoyev bilan O‘zbekistonning kredit reytingini yaxshilashni gaplashdim” - AQShning 3-eng yirik banki raisi 

O‘zbekiston prezidenti Nyu Yorkda «Citigroup» moliyaviy korporatsiyasi raisi bilan uchrashdi. Citi - AQShdagi 3-eng yirik bank ham hisoblanadi. Rais Jon Duganga ko‘ra, qarz majburiyatlarini chiqarishni O‘zbekiston «Citigroup»ga ishonib topshirgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev AQShga safari chog‘ida 22 sentabr kuni davomida bu davlatdagi ishbilarmonlar, nufuzli moliya tashkilotlari rahbarlari va investorlar bilan uchrashdi. Bir necha soat ichida prezident 16 nafar shunday bankir, moliyachi, iqtisodchi va xalqaro tashkilotlar rahbarlarini qabul qildi. 

«Citigroup» AQShning eng yirik moliyaviy korporatsiyalaridan hamda davlatdagi 3-eng yirik bank ham hisoblanadi. Uning raisi Jon Dugan bir necha bor Mirziyoyev bilan ko‘rishgan. «Citigroup» O‘zbekistonda ham vakolatxona ochgan, Toshkent asosiy moliyaviy ishlarini bu korporatsiyaga ishonib ham topshirmoqda. 

Kun.uz bilan gaplashgan Jon Duganga ko‘ra, u prezident bilan ko‘plab mavzular qatori - O‘zbekistonning kredit reytingini oshirishni ham gaplashgan.

Xabaringiz bor, biz O‘zbekistonda vakolatxona ochish orqali mamlakatdagi ishtirokimizni kengaytirishga juda ishtiyoqmand edik. Prezident bu borada katta yordam berdi va nihoyat, shu yozda vakolatxonamizni ochdik. U yerdagi ishtirokimiz kengayganidan mamnunmiz.

So‘ngra biz mamlakatning kredit reytingini yaxshilashga yordam berishda ham ishtirok etdik. U ikki pog‘onaga ko‘tarildi va uning yana bir pog‘ona ko‘tarilib, investitsion darajaga yetishini intiqlik bilan kutyapmiz va bunga umidimiz katta. Agar mamlakat bunga erisha olsa, bu haqiqiy yutuq bo‘ladi. Bular ikkita narsa. Uchinchidan, biz mamlakat uchun qarz majburiyatlarini chiqarishda faol ishtirok etdik va bu jarayonga rahbarlik qildik. Bu biz uchun ajoyib topshiriq bo‘ldi. Natija O‘zbekiston uchun a’lo bo‘ldi, deb o‘ylaymiz”,-deydi Dugan. 

Siz O‘zbekistonda o‘z vakolatxonangizni ochdingiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?

“Bu bizning yaqinroq ekanimizni anglatadi. Biz deyarli 100 ta mamlakatda bevosita faoliyat yuritamiz va bu ishtirokni oqlaydigan darajada biznes mavjud bo‘lganda, jismoniy vakolatxonaga ega bo‘lish juda muhim. Bu bizning biznesni juda amaliy tarzda yuritish usulimiz bo‘lib, dunyodagi hech bir bank global ishtirok va qamrovimizga teng kela olmaydi. Shunday ekan, u yerda bo‘lish nafaqat bizning faoliyatimiz ko‘rsatkichi, balki O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini dunyoga ochishda qanchalik muhim va muvaffaqiyatli bo‘lganining ham belgisidir”.

O‘zbekistonda biror xavf-xatarni ko‘ryapsizmi?

“Xatarlar doim bor. Shu sababli biz kredit muhitini diqqat bilan kuzatib boramiz va, albatta, geosiyosiy vaziyat ham bor. Bularning barchasi biz e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan narsalardir”.

Janob Dugan, bu Kun.uz - O‘zbekistondagi eng katta medialardan biri. Siz prezident bilan ko‘rishdingiz, u nimalar dedi? «Citigroup» yaqin kelajakda O‘zbekiston bilan nimalar qiladi?

“Prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda biz mamlakatning kredit reytingini yaxshilash bo‘yicha gaplashdik. Moliyaviy korporatsiyamiz maslahat berish, qarz majburiyatlarini chiqarishni davom ettirish va shuningdek, xususiylashtirish bilan bog‘liq aksiyalarni, qimmatli qog‘ozlarni chiqarishda ishtirok etish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ko‘rib chiqdik. Bularning barchasini prezident aytib o‘tdi va biz ushbu tashabbuslar bo‘yicha hukumat bilan ishlayotganimizdan mamnunmiz”.

So‘zi oxirida Dugan O‘zbekiston bilan muloqotdan uning korporatsiyasi manfaatdor ekanini ham aytdi.

Mavzuga oid