O‘zbekiston | 14:32 / 27.09.2025
2853
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 4-son bolalar klinik shifoxonasi kapital ta’mirdan keyin ishga tushdi

Toshkentdagi eng ko‘p talabga ega bolalar shifoxonalaridan biri - Shayxontohur tumanidagi 4-son bolalar klinik shifoxonasi to‘liq ta’mirlanib, 26 sentabrdan bemorlarni qabul qilishni boshladi.

Shayxontohur tumanida joylashgan 4-son bolalar klinik shifoxonasi to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi. 1970 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan muassasada 1975 yilda qurilgan bo‘lib, oxirgi yillarda sharoit og‘irlashgan, binodagi tom, eshik-romlar hamda muhandislik kommunikatsiyalari yaroqsiz holga kelgan edi.

2024 yilda shifoxonani tubdan yangilash uchun davlat tomonidan 22 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Qolaversa, 1,5 milliard so‘m yangi jihozlar, 1 milliard so‘m esa tibbiy uskunalar xaridi uchun yo‘naltirildi.

Bosh shifokor Feruza Akilovaning ma’lum qilishicha, ta’mirlash doirasida:

·        binodagi barcha xonalar zamonaviy talablarga moslashtirildi;

·        tom va romlar to‘liq almashtirildi;

·        muhandislik tarmoqlari qayta qurildi;

·        shifoxona atrofi asfaltlanib, ko‘kalamzorlashtirildi.

Muassasa 2025 yil 26 sentabrdan qayta faoliyat yuritishni boshladi. Hozirda shifoxona to‘liq tayyor holatda bo‘lib, bemor bolalarni qabul qilishni boshlagan.

“Shifoxona 140 o‘rinli bo‘lib, bundan 40 o‘rin kardio-revmotologik kasallarga mo‘ljallangan. Ta’kidlash kerakki, shifoxonadagi kardio-revmatologiya bo‘limi Toshkent shahrida yagona hisoblanadi. 30 o‘rinli nevrologiya bo‘limi, 30 o‘rinli go‘dak yoshidagi bolalar uchun pulmonologiya bo‘limi, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga somatik kasalliklarni davolash bo‘limi va reanimatsiya bo‘limlari bor. Har yili 7,5-8 ming nafargacha bemor bolalarni davolaymiz.

Tibbiy uskunalarning aksariyati Germaniyadan keltirilgan. Umumiy hisobda 87 xil tibbiy jihozlar mavjud”, deydi shifoxona bosh shifokori Feruza Akilova.

Shifoxonada 24 nafar shifokorlar bemorlarga xizmat ko‘rsatadi, ularning ko‘pchiligini oliy toifali mutaxassislar, fan nomzodlari tashkil etadi.

Mavzuga oid