Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hamasning talabi, Ukrainaning «ichkariga zarba berish imkoniyati» va Asadni hibsga olish uchun order – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azodagi genotsid
Hamasning harbiy qanoti — «Al-Qassam brigadalari» yakshanba kuni Isroildan qo‘shinlarni orqaga qaytarish va jangchilarga garovdagilarni olib chiqib ketish imkonini berish uchun G‘azo shahriga havo hujumlarini 24 soatga to‘xtatishni talab qildi. Reutersʼning yozishicha, HAMAS harbiy qanoti u yerda saqlanayotgan ikki garovdagi bilan aloqani yo‘qotganini ma’lum qildi.
Isroil armiyasi bu talabga to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermadi, ammo hujumlarni to‘xtatish rejasi yo‘qligini ochiq bildirdi. Armiya Sabra tumani, jumladan, G‘azo shahrining ayrim qismlaridagi barcha aholiga hududni tark etishni buyurdi. Bayonotda u yerdagi HAMAS nishonlariga hujum qilish va binolarni buzish rejalashtirilayotgani aytildi.
Guvohlar va shifokorlarning aytishicha, Isroil tanklari Sabra, Tel Al-Hava va yaqin atrofdagi Shayx Radvan hamda Al-Nasr mahallalariga chuqurroq kirib borgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha, so‘nggi 24 soat ichida isroilliklarning hujumlari natijasida kamida 77 kishi halok bo‘lgan. Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari esa qamalib qolgan fuqarolardan kelgan o‘nlab yordam chaqiriqlariga javob bera olmaganini bildirdi. G‘azo Favqulodda xizmatlari xalqaro tashkilotlar orqali yuborilgan 73 ta yaradorlarni qutqarish so‘rovini - Isroil rad etganini bildirdi.
Tramp Reutersʼga telefon orqali bergan intervyusida Isroil va arab yetakchilaridan G‘azo tinchlik rejasi taklifiga «juda yaxshi javob» olganini, «hamma kelishuv tuzishni xohlashini» aytdi. HAMAS esa Trampdan ham, vositachilardan ham hech qanday taklif olmaganini bildirdi. Ikki garovdagining taqdiri Isroilda kuchli ichki rezonans uyg‘otmoqda va bu dushanba kuni bosh vazir Benyamin Netanyahu bilan Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga soya solishi mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi
28 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukraina hududiga eng yirik zarbalardan birini amalga oshirdi. Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya jami 593 ta dron, «Banderol» tipidagi ikkita reaktiv dron, X-101 rusumli 38 ta qanotli raketasi, «Kalibr» rusumli sakkizta qanotli raketasi hamda «Kinjal» rusumli ikkita aeroballistik raketasini uchirgan.
Ukraina qurolli kuchlari jami 15 ta lokatsiyada beshta raketa va 31 ta dronning to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalari, shuningdek, 25 ta lokatsiyada urib tushirilgan raketalar va dronlarning parchalari qulashi qayd etilganini ma’lum qilgan.
Eng asosiy zarbalar Kiyev shahri va Kiyev oblastiga to‘g‘ri keldi. Shahar meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, shaharda jami to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 14 kishi yaralangan. Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumi natijasida mamlakat bo‘ylab yuzdan ortiq fuqarolik obektlariga zarar yetgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «bu qabih hujum aslida BMT Bosh assambleyasi haftasining yakuni sifatida sodir bo‘lganini va Rossiya o‘zining haqiqiy pozitsiyasini aynan shunday e’lon qilayotgani»ni aytdi.
Rossiya mudofaa vazirligi zarba harbiy-sanoat kompleksi obektlariga, shuningdek, harbiy aerodromlar infratuzilmasiga berilganini ma’lum qildi.
Rossiya jadallashayotgan hujumi fonida, AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog rasmiy Vashington Kiyevga Rossiya hududi ichkarisiga zarba berishiga qarshilik qilmasligini bildirdi.
Kellogning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada «ichkariga zarba berish imkoni mavjud». Uning qo‘shimcha qilishicha, Kiyevda Rossiya hududidagi nishonlar bo‘yicha cheklangan joylar yo‘q.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu Yorkda, Donald Tramp bilan yopiq uchrashuvda Moskvadagi nishonlarni urish imkonini beruvchi Tomahawk raketalarini so‘ragani aytilgandi.
Eronga qarshi sanksiyalar qayta tiklandi
BMT sanksiyalari to‘xtatilganidan 10 yil o‘tib, Eronga qarshi yana joriy etildi. Ular 28 sentabr kunidan yana kuchga kirdi. Avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi ko‘pchilik ovoz bilan Xitoy va Rossiya tomonidan taklif etilgan va Eronga qarshi yengillashtirilgan sanksiyalar rejimini 6 oyga uzaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bloklagan edi. Kelgusi haftada Eronga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ham yana kuchga kirishi kerak.
Eron yadro dasturini cheklaydigan yadroviy kelishuv muddati shu yilning oktyabr oyida tugaydi, aynan shu kelishuvga asosan sanksiyalar yumshatilgan edi.
Bir oy oldin Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kelishuv tugaganidan keyin ularni amalga oshira olmasligidan qo‘rqib, Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash jarayonini boshlagan edi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron ushbu kelishuvda ko‘rsatilgan uranni boyitish bo‘yicha cheklovlarni allaqachon buzgan. Eron esa, o‘z navbatida, 2018 yilda AQSh undan chiqqanidan keyin yadroviy kelishuvga rioya qilishga majbur emasligini ta’kidlamoqda.
Amerika va Isroilning Eron yadroviy obektlariga bergan zarbalaridan so‘ng, Yevropa va AQSh Eron bilan muzokaralarni qayta boshlashga urinib ko‘rdi, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qayta tiklangan sanksiyalar Eron iqtisodiyotining bank, uglevodorod va mudofaa sohalariga zarba beradi.
23 sentabr kuni Eron oliy yetakchisi Ali Xomanaiy Eron yadro qurolini yaratmoqchi emasligini aytib, iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirish uchun uranni boyitish dasturi muhimligini ta’kidladi.
Falastinga ko‘mak
Fransiya va ittifoqchilar Falastin muxtoriyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun Favqulodda koalitsiya tuzdi. Birlashmaning asosiy maqsadi milliy ma’muriyatning hududlarni boshqarish, fuqarolarga hayotiy muhim xizmatlarni ko‘rsatish va xavfsizlikni ta’minlash qobiliyatini saqlab qolishdir, deb xabar berdi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi.
Birlashmani tuzishda Belgiya, Daniya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Yaponiya, Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Sloveniya, Ispaniya, Shveytsariya va Buyuk Britaniya ishtirok etdi.
Koalitsiya Falastin milliy ma’muriyati duch kelgan va uning uchun halokatga aylanishi mumkin bo‘lgan «eng keskin va misli ko‘rilmagan moliyaviy inqirozga» javoban tuzilgan. Mamlakatlar vakillarining ta’kidlashicha, Falastinni qisqa muddatli qo‘llab-quvvatlash yetarli emas: «xalqaro moliya institutlari ishtirokida shaffoflik va hisobdorlikni qat’iy ta’minlagan holda tizimli, bashorat qilinadigan va kelishilgan yondashuv» zarur.
Koalitsiya tuzish bilan birga, ushbu davlatlar tashqi ishlar vazirlari Isroildan Falastin ma’muriyati ishiga to‘sqinlik qiladigan, uni zaiflashtiradigan yoki qulashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday chora-tadbirlarni to‘xtatishni talab qildi. Ularning ta’kidlashicha, Falastinning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash «falastinliklar, isroilliklar va butun mintaqa uchun tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka sarmoyadir».
Xabarda koalitsiyaga a’zo davlatlarning Falastinga moliyaviy yordam miqdori haqida ma’lumot berilmagan.
Bashar Asadni hibsga olish uchun order
Damashq sudi o‘tgan yilning dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan Suriya prezidenti Bashar Asadni hibsga olishga order berdi. Ayblovlar 2011 yilda Dar’a viloyatida hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini bostirish bilan bog‘liq. Aynan shu namoyishlar boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya ishtirokidagi keng ko‘lamli urushga aylangan qonli mojaroni boshlab bergandi.
Suriyaning Sana axborot agentligi ma’lum qilishicha, Dar’ada shafqatsizlik bilan bostirilgan norozilik namoyishlari vaqtida halok bo‘lganlarning qarindoshlari sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Asad qasddan odam o‘ldirish, qiynoqlar, noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda ayblanmoqda.
2011 yilda boshlangan Suriyadagi fuqarolar urushi davomida hukumat yuz minglab odamlarni qiynoqlar odatiy hol bo‘lgan lagerlarda ushlab turgan. «Sednaya» qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2011 yildan 2018 yilgacha ushbu qamoqxonada qiynoqlar, tibbiy yordam yo‘qligi yoki ochlik oqibatida 30 mingdan ortiq mahbus qatl etilgan yoki vafot etgan.
Suriya Oliy sudi ta’kidlashicha, Suriya sudi tomonidan berilgan hibsga olish orderi Bashar Asadni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berish imkonini beradi.
2025 yil yanvar oyida Fransiya sudi ham Suriya sobiq prezidentini insoniyatga qarshi jinoyatlar ayblovi bilan hibsga olish uchun order bergandi.
Suriyani qariyb chorak asr boshqargan Bashar Asad o‘tgan yilning dekabrida hokimiyatdan ag‘darilib, Rossiyaga qochib ketgandi. Uning oilasi ham Moskvadan boshpana topgan.
Mavzuga oid
15:05 / 08.06.2026
Eron va Isroil zarbalar almashdi, Pashinyan o‘z partiyasi g‘alabasini e’lon qildi – kun dayjesti
14:30 / 05.06.2026
Putinga ochiq xat yo‘llagan Zelenskiy va Sining Shimoliy Koreyaga tashrifi – kun dayjesti
14:39 / 04.06.2026
Sankt-Peterburgga dronlar hujumi va yadro quroliga ega bo‘lmaslikka «rozi bo‘lgan» Eron – kun dayjesti
16:10 / 03.06.2026