Jahon | 21:53 / 29.09.2025
3440
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarga pensiya to‘lashni to‘xtatish taklif etildi

LDPR yetakchisi Leonid Slutskiy fikriga ko‘ra, migrantlarga ijtimoiy to‘lovlar berish asossiz bo‘lib, buni to‘xtatish kerak.

Foto: Shutterstock

LDPR yetakchisi Leonid Slutskiy federal budjetga bosimni kamaytirish maqsadida Rossiyada doimiy yashovchi chet el fuqarolari uchun ijtimoiy pensiyani bekor qilish zarurligini aytdi.

«Rossiya hozir mas’uliyatli lahzani boshdan kechirmoqda. Maxsus harbiy operatsiya, ijtimoiy, demografik va boshqa muammolar - bularning barchasi katta mablag‘ talab qiladi. Bu yerda har bir tiyin hisobda!», dedi parlament a’zosi.

Slutskiy mamlakatni rivojlantirishda ishtirok etmagan xorijliklar pensiya olish huquqiga ega ekaniga hayronligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, rossiyalik nafaqaxo‘rlar kam miqdorda pul olsa-da, ba’zi «Rossiyani yomon ko‘radigan» chet el fuqarolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

LDPR yetakchisi fikriga ko‘ra, migrantlarga ijtimoiy to‘lovlar berish asossiz bo‘lib, uni to‘xtatish kerak. Partiya bunday to‘lovlarning bekor qilinishi pensiya tizimi va umuman budjetga tushadigan yukni kamaytirishga yordam beradi, deb hisoblaydi.

Slutskiy keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada migratsiya o‘sishi qariyb 600 ming kishini tashkil etdi - bu so‘nggi 30 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Tashabbusning tushuntirish xatida aytilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar pensiya tizimini ortiqcha majburiyatlardan himoya qilishga qaratilgan.

Rossiyaning amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar ular mamlakatda kamida 15 yil doimiy yashagan va pensiya yoshiga yetgan bo‘lsa (erkaklar uchun 70 yosh va ayollar uchun 65 yosh), pensiya olish huquqiga ega.

2024 yil 1 sentabr holatidagi migratsiya hisobiga ko‘ra, mamlakatda 6,1 milliondan ortiq chet el fuqarolari ro‘yxatga olingan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid