Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Forbes: Tramp va Mirziyoyev uchrashuvi – ikki tomon uchun ham strategik yutuq
“BMT Bosh Assambleyasi sammiti doirasidagi tadbirlardan o‘zi uchun yutuqda chiqqan kam sonli mamlakatlardan biri O‘zbekiston bo‘ldi” – Forbes jurnali ana shunday jumla bilan boshlanuvchi maqola e’lon qildi. Maqolaga: “Trampning O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvi – ikki tomon uchun ham katta strategik yutuq” deya sarlavha qo‘yilgan.
Foto: AFP via Getty Images
Maqolada AQSh va O‘zbekiston yetakchilarining kameralar qarshisidagi uchrashuvidan oldin, Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Mirziyoyevni maqtab post yozgani qayd etilgan.
Oq uy rahbari bu postida Boeing Dreamliner'lari xaridi bo‘yicha 8 mlrd dollarlik bitim uchun O‘zbekiston prezidentini maqtadi va bu kelishuv “AQShda 35 mingdan ortiq ish o‘rni yaratishi”ni aytdi.
“Janob Mirziyoyev so‘zida turadigan odam va biz yana ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz”, deya yozdi Tramp.
Forbes'ning yozishicha, bu so‘zlar – Trampning leksikonida “anchagina iliq xayrixohlik”dan darak beradi.
Nashr o‘z maqolasida O‘zbekiston prezidenti AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgani, Mirziyoyev davrida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo 4 barobarga oshgani, Amerikaning 300 dan ortiq kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotganini qayd etgan.
“Strategik metallar va nodir minerallarni qazib olish ustuvor yo‘nalishdek ko‘rinmoqda. Bank, AT, transport va energetika infratuzilmasi hamda boshqa yo‘nalishlar ham muhokama markazida bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.
Amerika jurnaliga ko‘ra, Trampning Armaniston va Ozarboyjonni tinchlikka yaqinlashtirish hamda Zangezur koridorini yorqin kelajakka ega “Tramp koridori”ga aylantirishga intilishlari – Markaziy Osiyo uchun asrlar davomida ilk marta Rossiya, Eron va Xitoyni aylanib o‘tgan holda dunyo savdo yo‘llariga ulanish imkonini beradi. G‘arb bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo – mintaqa uchun qo‘shnilariga qaraganda yuksakroq va erkinroq siyosiy modelni anglatadi, deya yozadi Forbes.
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning maslahatchisi Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturiga maxsus maslahatchi etib tayinlangani ham maqolada tilga olib o‘tilgan. Qayd etilishicha, bu tayinlov Toshkentning G‘arb bilan aloqalari avvalgidan yaqinroqligini ko‘rsatadi.
“Ilgari AQSh va Yevropa mintaqani o‘zgartirib bo‘lmas sovet an’analariga botgan “qorong‘u hudud” sifatida ko‘rar edi. [G‘arbning Markaziy Osiyoga] faol qiziqishi va [o‘zaro] hamkorlik esa vaziyatni o‘zgartiradi. Mintaqa o‘tmishda beqarorlik o‘chog‘i edi, AQShning qo‘llab-quvvatlashi esa transformatsiyaga yo‘l ochuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi”, – deya yozadi nashr.
AQSh va umuman olganda G‘arb bu uzoqdagi, dengizga chiqish yo‘li yo‘q, boshqa qudratli davlatlar ta’sir doirasida bo‘lgan mintaqani o‘ziga nega muhim deb bilishi kerak? Forbes shu savolni qo‘yarkan, unga quyidagicha javoblarni keltirib o‘tadi:
“Avvalo, e’tibor qaratmaslik – shunchaki dunyoning kattagina qismi, uning ishlab chiqarishi va resurslarini raqiblarga tortiq qilish degani. Shu kunga qadar Rossiya, Xitoy va Eron Markaziy Osiyoning o‘sishi ustida go‘yoki “veto” va “soliq” huquqiga ega bo‘lib keldi, chunki mintaqaning dunyo savdosiga yo‘li ular orqali o‘tardi. Bu raqiblarni iqtisodiy jihatdan yanada kuchaytirishning hojati yo‘q. O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi mamlakatlarga moliyaviy diversifikatsiya imkoniyatlari qanchalik ko‘p taqdim etilsa, ular shunchalik erkin va farovon bo‘ladi. Ular qanchalik farovon bo‘lsa, Rossiya va Xitoy o‘z qo‘shnilariga bosim o‘tkazish o‘rniga, o‘sib kelayotgan bu yangi qudratni kuzatishga majbur bo‘ladi.
Albatta, bu yerda Afg‘oniston masalasi ham bor. U yerdagi kuchlar mintaqa chegarasidan tashqariga ham tarqalishga moyil. O‘zbeklar, ehtimol, Afg‘onistonning boshqa qo‘shnilariga qaraganda ko‘proq o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Afg‘oniston shimolida katta o‘zbek aholisi yashaydi. Chegaraoldi savdo hamisha muhim omil bo‘lgan. Kobuldagi afg‘on yetakchilari o‘zbeklar bilan bog‘liq masalalarda hushyor. Shu bois, bu G‘arb uchun Afg‘oniston bilan murakkab munosabatlarda strategik qurol bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Kobulning ibtidoiy hukmronligi ostida aholi qiyin ahvolga tushar ekan, ular qaysi mamlakatdan yengillik kutadi? Pokiston, Eron, Turkmanistondanmi yoki ayollar huquqlari kafolatlangan, rivojlanayotgan, ehtiyotkor ravishda sekulyar O‘zbekistondanmi? Qisqasi, islomiy ekstremizm tarqalishining oldini olishda va Moskva–Tolibon yaqinlashuviga qarshi muvozanat sifatida Toshkent omili dunyo uchun foydali”.
Maqola yakunida Forbes AQSh rasmiylarini iqtisodiy, siyosiy va madaniy jabhalarda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni jadallashtirishga chaqirgan.
“[O‘zbekistonga] safarbar etilgan mablag‘ va sa’y-harakatlar shaklidagi investitsiya – geostrategik jihatdan bir necha barobar katta foyda bilan qaytadi”, – deya xulosa qiladi AQShning mashhur biznes jurnali.
Mavzuga oid
12:12
Venada “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi uchrashuv o‘tkazildi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40