Jahon | 21:16 / 30.09.2025
12007
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari o‘z idorasining yagona missiyasi urush ekanini e’lon qildi

AQSh harbiy vaziri Pit Hegset armiya rahbariyatini urush olib borishga, urushga va g‘alabaga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Amerika generallari va admirallari Virjiniyadagi Kuantiko dengiz piyodalari bazasida shoshilinch uchrashuvga chaqirildi, bu ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Tadbirda AQSh harbiy vaziri Pit Hegset yangi tashkil etilgan vazirlikning asosiy maqsadi bundan buyon urush ekanini ta’kidladi.

«Shu paytdan e’tiboran, qayta tiklangan harbiy vazirlikning yagona vazifasi urush olib borish, urushga tayyorgarlik ko‘rish va g‘alabaga tayyorgarlik ko‘rish, tinimsiz va murosasiz bo‘lishdan iborat», dedi u.

Hegset armiyadagi o‘nlab yillar davom etgan tanazzulni tugatishga va’da berdi, buning uchun u ahmoq va aqlsiz siyosatchilarni aybladi.

«Bundan buyon armiyada ayollar ko‘ylagini kiygan yigitlar bo‘lmaydi... Endi iqlim o‘zgarishiga sig‘inish, gender safsatalari yo‘q. Bu axlatga chek qo‘yildi», dedi u.

Pentagon rahbari, shuningdek, agar dushmanlar Qo‘shma Shtatlarga qarshi chiqishga urinsa, ularga «halokatli zarba» bilan tahdid qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat «tinchlikni himoya qilish» uchun urushga tayyor bo‘lishi kerak, patsifizm esa xavfli.

Shu bilan birga, Hegset harbiy rahbarlarning jismoniy holati qat’iy nazorat qilinishini ta’kidladi.

«Pentagon tashqi ko‘rinish standartlariga rioya etilishini qat’iy nazorat qiladi, harbiylar jismoniy tayyorgarlik testidan 70 foizdan yuqori natija bilan o‘tishi kerak. Gap ayollarni harbiy xizmatga qo‘ymaslik haqida ketayotgani yo‘q. Ayollar eplay olsa, juda yaxshi. Agar eplay olmasa, bu ham bor narsa. Agar bu hech bir ayol ba’zi jangovar vazifalarga mos kelmasligini anglatadigan bo‘lsa, shunday bo‘la qolsin. Pentagon zallarida semiz generallar va admirallarni ko‘rish mutlaqo maqbul emas. Bundan buyon soqol, uzun soch va o‘zini ifoda etishning boshqa usullariga yo‘l qo‘yilmaydi», dedi u.

«Siyosiy jihatdan to‘g‘ri, o‘ta ta’sirchan, hech kimning ko‘nglini og‘ritishni istamaydigan rahbarlik davri bundan keyin barcha darajalarda tugatiladi», deb qo‘shimcha qildi Hegset.

«Bu shoshilinch lahza ko‘proq qo‘shin, ko‘proq o‘q-dorilar, ko‘proq dronlar, ko‘proq Patriot tizimlari, ko‘proq suvosti kemalari, ko‘proq B-21 bombardimonchi samolyotlarini talab qiladi», dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh kibermakonda, koinotda, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurash sohasida kuch to‘plashi shart.

Mavzuga oid