Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sulhmi yoki ultimatum?» - Tramp va Netanyahu uchrashuvida G‘azo bo‘yicha 20 bandlik tinchlik rejasi e’lon qilindi
Donald Tramp G‘azo urushini tugatishga qaratilgan AQSh tinchlik tashabbusini Isroil qabul qilganini aytdi. Oq uy e’lon qilgan 20 bandlik hujjatda darhol o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashish, Isroil qo‘shinlarini bosqichma-bosqich G‘azodan olib chiqish, HAMASni qurolsizlantirish va Tramp nazoratidagi xalqaro qo‘mita tuzish nazarda tutilgan. HAMAS rejani qabul qilmasa, Netanyahu harbiy harakatlarida to‘liq AQSh qo‘llovini oladi.
Foto: White House
29 sentabr kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni qabul qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlashga «yaqin» ekanligini aytdi. «Eng kamida, juda-juda yaqin», — dedi Tramp Oq uyda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
U Isroilning G‘azodagi urushini yakunlash va Hamas garovda ushlab turgan isroilliklar ozod etilishini ta’minlashga qaratilgan yangi 20 bandlik rejasini bayon etdi. Trampning urushni tugatishga oid rejasini Hamasning muzokaralar guruhi o‘rganmoqda.
Trampning tinchlik rejasi
Oq uy e’lon qilgan tinchlik rejasi 20 banddan iborat. U – maxsus elchi Stiv Uitkoff va Trampning birinchi muddatdagi maslahatchisi, kuyovi Jared Kushner tomonidan ishlab chiqilgan. Rejaga ko‘ra, G‘azo qo‘shnilariga «tahdid solmaydigan, terrordan xoli» hududga aylantiriladi va g‘azoliklarga foyda keltirish maqsadida qayta rivojlantiriladi.
- Agar ikki tomon ham ushbu taklifga rozi bo‘lsa, urush darhol tugaydi. Isroil kuchlari garovdagilarni ozod qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun kelishilgan chiziqqacha chekinadi. Bu vaqt davomida barcha harbiy operatsiyalar muzlatib qo‘yiladi.
- Isroil ushbu kelishuvni omma oldida qabul qilganidan keyin 72 soat ichida barcha garovdagilar – tirik va vafot etganlar qaytariladi. Barcha garovdagilar ozod etilgach, Isroil umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 250 mahbusni, 7 oktyabr voqealaridan keyin hibsga olingan 1700 nafar g‘azolikni ozod qiladi.
- Barcha garovdagilar qaytarilgach, qurollarini topshirishga rozi bo‘lgan HAMAS a’zolariga amnistiya beriladi. G‘azoni tark etishni istagan HAMAS a’zolariga qabul qiluvchi mamlakatlarga xavfsiz o‘tish ta’minlanadi.
- Ushbu kelishuv qabul qilingach, G‘azo sektoriga darhol to‘liq humanitar yordam kiritiladi. G‘azoda yordamni kiritish va tarqatish ikki tomonning aralashuvisiz BMT va uning agentliklari, Qizil Yarim Oy jamiyati hamda har ikki tomondan mustaqil bo‘lgan boshqa xalqaro institutlar orqali amalga oshiriladi.
- G‘azo vaqtinchalik o‘tish davri boshqaruvi ostida, siyosiy jihatdan betaraf, texnokrat falastinlik qo‘mita tomonidan boshqariladi. Qo‘mita faoliyatini raisi Tramp bo‘lgan «Tinchlik kengashi» nazorat qilib boradi. Bu tizimlar Falastin Ma’muriyati islohot dasturini to‘liq yakunlaguniga qadar ishlaydi.
- G‘azoni qayta qurish va iqtisodiy jihatdan jonlantirish uchun Trampning iqtisodiy rivojlanish rejasi tuziladi. Maxsus iqtisodiy zona tashkil etiladi. Hech kim G‘azodan majburan chiqarilmaydi: ketishni istaganlar erkin chiqib ketishi va qaytishi mumkin bo‘ladi.
- HAMAS va boshqa guruhlar G‘azoni boshqarishda bevosita ham, bilvosita ham rol o‘ynamaslikka rozilik bildiradi. Barcha harbiy infratuzilmalar, jumladan tunnellar hamda qurol ishlab chiqarish inshootlari butkul yo‘q qilinadi. G‘azo demilitarizatsiyasi mustaqil kuzatuvchilar nazorati ostida amalga oshiriladi.
- AQSh arab davlatlari va xalqaro hamkorlar bilan G‘azoga zudlik bilan joylashtiriladigan vaqtinchalik Xalqaro Barqarorlashtirish Kuchini (ISF) ishlab chiqadi. ISF G‘azoda tekshiruvdan o‘tgan falastinlik politsiya kuchlarini tayyorlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi.
- Isroil G‘azoni bosib olmaydi va anneksiya qilmaydi. Isroil Mudofaa Kuchlari demilitarizatsiya bilan bog‘liq bosqichlarga asosan chekinadi va G‘azo hududini bosqichma-bosqich Xalqaro kuchlarga topshiradi. Biroq G‘azo qaytadan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdiddan yetarlicha himoyalangunga qadar xavfsizlik perimetri mavjud bo‘lib turadi.
- Islohotlar bajarilgandan keyin Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash va davlatchilikka ishonchli yo‘l uchun sharoitlar yaratilishi mumkin va va boshqalar.
Rejadan tashqari gaplar
Matbuot anjumanida Tramp Netanyahuga rejani qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. «Rahmat hammaga. Bu katta va go‘zal kun – ehtimol sivilizatsiya tarixidagi eng buyuk kunlardan biri bo‘lishi mumkin», dedi u.
«Va men faqat G‘azo haqida gapirmayapman. Biz undan ham kengroq narsani muhokama qilyapmiz. Bu Yaqin Sharqda tinchlik deb ataladi. Bosh vazir Netanyahu va men ko‘plab muhim masalalar bo‘yicha muhim uchrashuvni yakunladik: Eron, savdo, Ibrohim kelishuvlarini kengaytirish va eng muhimi, G‘azodagi urushni qanday yakunlashni muhokama qildik», — deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera. U Netanyahuga va Yaqin Sharqdagi yetakchilarga, shuningdek Turkiya, Indoneziya, Pokiston va Yevropa yetakchilariga minnatdorlik bildirdi.
Tramp urushni yakunlash bo‘yicha rejasini tanishtirar ekan, ko‘plab mamlakatlar uning ishlab chiqilishiga hissa qo‘shganini, reja ko‘pchilikka «yoqqani»ni ta’kidladi.
«Reja asosida arab va musulmon mamlakatlari yozma ravishda G‘azoni tezda demilitarizatsiya qilishga, HAMAS va boshqa tashkilotlarning harbiy imkoniyatlarini bekor qilishga rozilik bildirishgan. Buni darhol amalga oshirish kerak», — dedi u.
Tramp rejani amalga oshirishda arab va musulmon davlatlarining rolini qayd etdi.
«Arab va musulmon davlatlari HAMAS bilan shug‘ullanish majburiyatlarini bajara olishlari kerak. Ular bilan ishlashlari lozim, chunki bu biz shug‘ullangan guruh emas. Lekin arab mamlakatlari buni amalga oshiradi. Menimcha, ular allaqachon buni qilishgan. Aks holda, ular bunday qadamni tashlamagan bo‘lardi», dedi u.
Tramp rejasiga ko‘ra, G‘azo boshqaruvida bo‘ladigan rahbarlar Falastin xalqining tanlovi orqali emas, balki o‘zi boshqaruvchi xalqaro organ tomonidan tanlanadi. Tramp bu tashkilot «Tinchlik kengashi» deb atalishini va shaxsan o‘zining raisligi ostida bo‘lishini bildirdi.
«Uni Donald Tramp, AQSh prezidenti deb tanilgan bir janob boshqaradi. Bu menga qo‘shimcha ish bo‘ladi, ammo bu juda muhim, shuning uchun men bunga tayyorman», — dedi Tramp. Unga ko‘ra, kengashda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va boshqalar ham bo‘ladi.
Anjumanda Tramp yonida turgan Netanyahu Isroilning boshqa qarashlari borligini taklif qildi.
«Isroil yaqin kelajak uchun xavfsizlik mas’uliyatini, shu jumladan xavfsizlik perimetrini saqlab qoladi. G‘azo – Hamas ham, Falastin Ma’muriyati ham boshqarmaydigan tinch fuqarolik ma’muriyati tomonidan boshqariladi. Bu Isroil bilan haqiqiy tinchlik tomon qarashga sodiq bo‘lganlar tomonidan boshqaruv», dedi Netanyahu.
HAMAS hali javob bermadi
Tramp tashabbusining taqdiri baribir HAMASga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ularning muzokaralarda qatnashmaganligi va qurolsizlanishni bir necha bor qat’iy rad etgani rejaning hayotiyligiga shubha uyg‘otmoqda.
Isroil ma’lumotiga ko‘ra, Hamas 2023 yil 7 oktyabrdagi hujum chog‘ida boshlangan urushdan beri 48 garovni ushlab turibdi, shundan 20 nafari hanuz tirik. «Hamas hali rasmiy ravishda reja bilan tanishmadi, faqat OAV orqali xabardor bo‘ldi», — dedi guruh rasmiysi Reutersʼga.
Ammo keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Qatar bosh vaziri va Misr razvedka boshlig‘i dushanba kuni kechqurun 20 banddan iborat rejani Hamas muzokarachilariga ulashdi. Hamas muzokarachilari uni vijdonan ko‘rib chiqib, javob berishlarini aytishdi.
«Endi HAMAS biz bugun ilgari surgan shartlarni qabul qilishi vaqti keldi. Va bu – biz ilgari ishlagan Hamas emas. Chunki mening taxminimcha 20 mingdan ortiq inson o‘ldirildi. Ularning rahbarlari uch marta yo‘q qilindi. Demak, siz oxirgi to‘rt-besh yil davomida ishlagan odamlardan butkul boshqalar bilan muomala qilyapsiz», – dedi Tramp.
Ko‘pchilik tahlilchilarga ko‘ra, bu rejalar «Hamas uchun to‘liq taslim bo‘lishni» anglatadi. Taklifni bayon etar ekan, Tramp reja falastinliklarga kelajaklari uchun mas’uliyat olish imkoniyatini berish maqsadida ekanini aytdi.
Tramp hali bu rejaga rozi bo‘lmagan Hamas bitimni rad etsa nima bo‘lishi aytib, guruhga tahdid qildi.
«Agar HAMAS bitimni rad etsa, bu har doim mumkin… Bibi, siz bizning to‘liq qo‘llab-quvvatimizga ega bo‘lardingiz, kerak bo‘lgan ishni qilishingiz uchun», — dedi Tramp, Netanyahuning taxallusidan foydalangan holda.
«Men sizning G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan rejangizni qo‘llab-quvvatlayman, u bizning urush maqsadlarimizga erishadi. U barcha garovdagilarimizni qaytaradi, Hamasning harbiy salohiyati va uning siyosiy hukmronligini yo‘q qiladi va G‘azo hech qachon Isroil uchun tahdid bo‘lmaydi», – dedi Netanyahu.
Shuningdek, Netanyahu ham agar reja rad etilsa yoki buzilsa qanday muqobil yo‘llar mavjudligi haqida ogohlantirdi.
«Agar Hamas sizning rejangizni rad etsa yoki qabul qilayotgandek qilib, so‘ngra asosan unga qarshi harakat qilsa, Isroil ishni o‘z qo‘li bilan «tugatadi». Bu oson yo‘l bilan ham, qiyin yo‘l bilan ham bajarilishi mumkin, lekin bajariladi. Biz oson yo‘lni afzal ko‘ramiz, lekin bu bajarilishi kerak».
Falastinliklar uchun kafolat yo‘q
Vashingtondagi siyosat ilmlar instituti tadqiqotchisi Filis Benis Al-Jazeera'ga aytishicha, Trampning rejasida falastinliklar manfaatini himoya qiluvchi kafolatlar yo‘q.
«Har qanday paytda Isroil urushga qaytmoqchi bo‘lsa va ular «biz kutgan turdagi hamkorlikni olmadik, shuning uchun biz urushga qaytishimiz kerak; uzr, janob prezident» deb aytishlari mumkin. Buning barcha belgisi mavjud», — deb qo‘shimcha qildi u.
G‘azodan xabar berayotgan Tareq Abu Azzoum odamlar hozircha bu rejadan muvaffaqiyat kutishga shubha bilan qarayotganini aytdi.
«Ko‘plab falastinliklar demilitarizatsiya va Hamasning olib tashlanishiga oid hozirgi talablar rad etilishi mumkin deb hisoblashadi», — dedi u. «Shunga qaramay, odamlar Isroil harbiy kuchlarini G‘azodan qaytarishni, falastinlik mahbuslarning ozod qilinishi va qarama-qarshiliklar yana qaytib kelmasligini kafolatlaydigan har qanday to‘xtovni kutmoqdalar, bu esa hozirgi rejada aniq ko‘rsatilmagan», — deb qo‘shimcha qildi u.
AQShdagi Xalqaro munosabatlar (CFR) tahlil markazi eksperti Stiven Kukga ko‘ra, hali ishlar ko‘p: «Urush yakuniga yaqinlashayotgandek ko‘rinadi, ammo hali ishlar ko‘p. Qatarliklar Hamasga bosim o‘tkazishi, Netanyahu esa xavfsizlik kabinetini ko‘ndirishi kerak».
CFR mutaxassisi, Tramp ma’muriyatida ishlagan Elliott Abramsning New York Times'ga aytishicha, Isroilning harbiy kampaniyasi Hamasni zaiflashtirgan. Guruh rahbarlari o‘z hayotlarini saqlab qolish uchun bitimni qabul qilishga majbur bo‘lishi mumkin.
«Hamas ‘Isroil tobora ko‘proq yakkalanib, qoralanyapti, ular tez orada to‘xtashga majbur bo‘lishadi’, deb o‘ylashi mumkin edi. Ammo Tramp bugun bu imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Endi ular to‘xtashmaydi. Bu Hamasni burchakka qamab qo‘ydi», deydi Abrams.
Matbuot anjumanida Netanyahu Trampni Isroilning do‘sti sifatida olqishlasa-da, rejaning ayrim jihatlari – jumladan, xalqaro tan olingan Falastin ma’muriyatidan talab qilinayotgan islohotlar va Falastin davlatchiligi istiqbollaridan o‘zini uzoq tutdi.
Trampning rejalari ortidan — Turkiya, Qatar, Iordaniya, BAA, Indoneziya, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Misr qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Hujjatda AQSh prezidenti tomonidan taqdim etilgan G‘azo urushini to‘xtatish, mintaqani tiklash va falastinliklarning majburan ko‘chirilishining oldini olishga qaratilgan 20 bandlik rejadan mamnuniyat bildirilgan.
Falastin ma’muriyati esa Tramp tashabbusini olqishlab, AQSh va hamkorlar bilan to‘liq bitimga erishish uchun ishlashga tayyor ekanini bildirdi.
Mavzuga oid
12:51
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT Bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
15:57 / 03.12.2025