Jahon | 13:59 / 30.09.2025
3810
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning tinchlik «rejasi», Eronning sanksiyalarga javobi va Afg‘onistonda bloklangan internet – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sulhmi yoki Hamasga ultimatum?

29 sentabrda AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni qabul qilib, Yaqin Sharqda tinchlik «juda yaqin» ekanini bildirdi. U Isroilning G‘azodagi urushini tugatishga qaratilgan 20 bandlik rejasini taqdim etdi. Hujjatni maxsus elchi Stiv Uitkoff va Jared Kushner ishlab chiqqan.

Rejaga ko‘ra, G‘azo «terror»dan xoli hududga aylantiriladi, qayta rivojlantiriladi va vaqtincha betaraf texnokratlar qo‘mitasi tomonidan boshqariladi. Qo‘mitani Trampning o‘zi nazorat qiladi. Urushga nuqta qo‘yish uchun Isroil kelishilgan chiziqqa chekinadi, harbiy harakatlar to‘xtaydi. 72 soat ichida barcha garovdagilar qaytariladi, shundan so‘ng Isroil 250 umrbod mahbus va 1700 g‘azolikni ozod qiladi. Qurol topshirgan Hamas a’zolariga amnistiya berilishi, istaganlari xorijga chiqishi mumkinligi qayd etilgan.

Humanitar yordam BMT va Qizil yarim oy orqali kiritiladi, qurilish ishlari maxsus iqtisodiy zona orqali amalga oshiriladi. Barcha harbiy infratuzilmalar yo‘q qilinadi, G‘azo demilitarizatsiyasi xalqaro kuzatuvchilar nazoratida kechadi. Shuningdek, AQSh va arab davlatlari ishtirokida Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari tuziladi. Bu tinchlikparvar kuchlar G‘azoga kiritilib, tanlab olingan Falastin politsiyasini o‘qitadi. Isroil esa G‘azoni anneksiya qilmasligiga va bosqichma-bosqich chekinishiga va’da beradi.

Matbuot anjumanida Tramp rejani «sivilizatsiya tarixidagi buyuk kun» deb atadi, arab va musulmon davlatlari qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Ammo Hamas hali rasmiy javob bermadi, qurolsizlanish talabini rad etib kelmoqda. Netanyahu Isroil xavfsizlik choralarini saqlab qolishini ta’kidladi. Ko‘pchilik tahlilchilar rejani Hamas uchun «to‘liq taslim bo‘lish» deb baholadi. Falastin ma’muriyati esa tashabbusni olqishlab, to‘liq bitim uchun muzokaraga tayyorligini bildirdi.

Trampning aytishicha, agar Hamas bu rejaga rozi bo‘lmasa, Bibi AQSh tomonidan to‘liq qo‘llovni oladi va kuchliroq harbiy harakatlarga «yashil chiroq» yoqiladi.

Eron sanksiyalarga «qat’iy» javob bermoqchi

Rasmiy Tehron BMTning Eron va uning yadroviy dasturiga qarshi sanksiyalari qayta tiklanishiga «qat’iy javob berishga» tayyorligini ma’lum qildi. «Eron Islom Respublikasi o‘z huquqlari va milliy manfaatlarini qat’iy himoya qiladi, o‘z xalqi manfaatlari va huquqlariga qarshi qaratilgan har qanday harakatlarga qat’iy va adekvat javob beradi», — deya ma’lum qildi Eron Tashqi ishlar vazirligi 28 sentabr, yakshanba kuni.

Vazirlik bayonotida, shuningdek, xalqaro hamjamiyat BMT sanksiyalariga qarshi turishga chaqirilgan. Tehron ularning tiklanishini «qonuniy asossiz va qabul qilib bo‘lmas holat» deb hisoblaydi.

BMT Xavfsizlik kengashining Eronga qarshi sanksiyalari 28 sentabrga o‘tar kechasi tiklandi. Bu cheklovlar 2015 yilda Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi qabul qilinganidan keyin to‘xtatilgan cheklovlardir. Eron va 5+1 davlatlari - Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya o‘rtasida imzolangan kelishuv qoidalaridan biri, Tehronda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda BMTning rasmiy sanksiyalarini tiklashni nazarda tutgan.

2018 yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida Qo‘shma Shtatlar Eron o‘z majburiyatlarini buzganini iddao qilib, yangi sanksiyalar joriy etgan hamda kelishuvdan bir tomonlama chiqqan edi.

Saakashviliga 3 million dollarlik «jarima»

Tbilisi shahar sudi Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili va Davlat maxsus qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Teymuraz Janashiyaga mamlakat budjetiga qariyb 9 million lari — 3,3 million dollar miqdorida tovon to‘lash majburiyatini yukladi.

2025 yil mart oyida Tbilisi sudi Saakashvilini katta miqdordagi budjet mablag‘larini rastrata qilishda aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Janashiyani esa mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi va 300 ming lari miqdorida jarimaga tortdi.

Shundan so‘ng, Gurjiston Adliya vazirligi Saakashvili va Janashiyaga nisbatan 9 million lari miqdoridagi o‘g‘irlangan pullarni undirish bo‘yicha fuqarolik da’vosini qo‘zg‘atgan edi.

Mixail Saakashvilining advokati Beka Basilay sud qarorini sharhlar ekan, sud tizimi «hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi asoschisining ko‘rsatmalariga bo‘ysunishini» aytdi.

«Saakashvili, masalan, Gurjistonda Donald Trampni qabul qilgani yoki Vaslav Gavel qabriga gul qo‘ygani uchun xarajatlarni qoplashi kerakligi aytilmoqda. Bu nima degani? Saakashvilining ishi bo‘yicha tanlab olingan, siyosiy asoslangan, mutlaqo asossiz qarorlarni ko‘p ko‘rganmiz. Endi bunga moliyaviy ta’qib ham qo‘shildi», dedi u.

Rastrata haqidagi sud qaroridan ko‘p o‘tmay, Tbilisidagi sud Saakashvilini chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topdi va to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Saakashviliga chiqarilgan barcha hukmlar hisobga olinsa, u 12 yil-u 6 oy, ya’ni 2034 yil 1 aprelgacha qamoqda o‘tirishi kerak bo‘ladi.

Belgorodda blekaut

Ukraina qurolli kuchlarining Belgorod issiqlik elektr stansiyasiga hamda boshqa energetik infratuzilma obektlariga raketa zarbasi oqibatida Belgorodning bir qismi elektr ta’minotisiz qoldi.

IES bo‘ylab zarba kechqurungi soat yetti atrofida yo‘llangan. Natijada butun rayonlar toksiz qolgan, jumladan, ko‘chalardagi chiroqlar o‘chgan, svetoforlar ishlashdan to‘xtagan, ko‘pchilik liftlarda qamalib qolgan.

Shuningdek, Belgorod IESdan elektr oladigan shahar atrofidagi bir qancha aholi yashash manzillari, jumladan, Shebekino va Stariy Oskol ham svetsiz qolgan.

Keyinroq gubernator Vyacheslav Gladkov elektr uzatishda zaxira sxemalariga o‘tilayotgani va taxminan ikki soatdan keyin elektr ta’minoti tiklanishini aytib chiqdi. Ammo ko‘plab rayonlarda butun tun bo‘yi svet yonmagan. Nasoslar o‘chishi tufayli suv ta’minotida ham uzilishlar ro‘y bergan.

Shaharning ayrim hududlarida ertalabdan do‘konlar ishlamadi, svetoforlar ishida uzilishlar davom etdi, ayrim ko‘chalarda tartibga soluvchilar ishlashiga to‘g‘ri keldi. Kunning ikkinchi yarmiga kelib rasmiylar iste’molchilarning 90 foizi uchun elektr ta’minoti tiklanganini ma’lum qildi.

Isroil Qatardan uzr so‘radi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 28 sentabr kuni Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniyga qo‘ng‘iroq qilib, Qatar suverenitetini buzgani va 9 sentabr kuni Isroilning Dohaga bergan zarbasi oqibatida Qatar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda Axios Isroilning uch nafar rasmiysiga tayanib xabar berdi.

Isroil va Qatar rasmiylari bu haqda e’lon qilmadi. Axios nashrining ta’kidlashicha, «uzr so‘rash» Qatarning G‘azodagi urushni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachiligini qayta tiklash uchun asosiy shart bo‘lgan.

Qayd qilinishicha, Netanyahuning qo‘ng‘irog‘i uning Vashingtonga rasmiy tashrifi chog‘ida amalga oshirilgan. Amerika va Isroil rasmiylarining fikricha, Qatar vositachiligining qayta tiklanishi kelishuvga erishish uchun muhim hisoblanadi.

9 sentabr kuni Dohaga berilgan zarba Hamas yetakchilariga qaratildi, buning oqibatida asosan quyi darajadagi amaldorlar halok bo‘ldi. Isroil rasmiylari nishon «yuqori martabali terrorchilar» bo‘lganini da’vo qilmoqda, ammo operatsiya jiddiy diplomatik inqirozga olib kelganini tan olmoqda.

Bir qator arab davlatlari Isroilning harakatlarini keskin qoraladi.

Afg‘onistonda internet bloklanmoqda

Afg‘onistonda «Tolibon» hukumati bir necha hafta oldin optik tolali internet aloqalarini uzishni boshlaganidan keyin, mamlakat bo‘ylab telekommunikatsiyalarni to‘liq o‘chirdi. BBC nashrining yozishicha, hozir mamlakat «to‘liq internet uzilishi»ni boshdan kechirmoqda.

Xalqaro axborot agentliklari Kobuldagi ofislari bilan aloqani yo‘qotganini aytmoqda. Mobil internet va sun’iy yo‘ldosh televideniyesi ham butun Afg‘oniston bo‘ylab jiddiy izdan chiqqan.

«Tolibon» bu uzilishning rasmiy sababini hali e’lon qilgani yo‘q. «Tolibon» rasmiysi telekommunikatsiya uzilishi «keyingi e’longacha» davom etishini aytdi.

Diplomatik manbalar BBC'ga internetning uzilishi butun mamlakat bo‘ylab bank tizimlari va elektron tijoratga ta’sir qilishi mumkinligini bildirdi.

Kobuldagi bir nechta odamning aytishicha, ularning optik tolali interneti ish kuni oxirida, soat 17:00 atrofida to‘xtab qolgan. Shu sababli, ko‘plab odamlar buning ta’sirini faqat seshanba kuni ertalab, bank xizmati va boshqa bizneslar qayta ishga tushganda sezishlari kutilmoqda.

«Tolibon» ilgari internetga muqobil yo‘l yaratilishini aytgan, ammo tafsilotlarni bermagan.  

Mavzuga oid