Jahon | 18:03 / 04.10.2025
12052
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonning eng boy odamlaridan biri O‘zbekistonda qo‘lga olindi – OAV

Abbos Ibrohimzoda 24 sentabr kuni «biznesdagi raqobatchilari tomonidan berilgan ko‘plab shikoyatlardan so‘ng» qo‘lga olingani ta’kidlanmoqda. O‘zbekiston rasmiylari hozircha bu haqda xabar bergani yo‘q.

Foto: amu.tv

Toshkentda Afg‘oniston parlamentining sobiq vitse-spikeri, Balx viloyatidan sobiq deputat va eng yirik afg‘on tadbirkorlaridan biri Abbos Ibrohimzoda qo‘lga olindi. Bu haqda Afg‘oniston yangiliklariga ixtisoslashgan Amu.tv xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Ibrohimzoda 24 sentabr kuni «biznesdagi raqobatchilari tomonidan berilgan ko‘plab shikoyatlardan so‘ng» qo‘lga olingan va shundan beri «350 ming dollardan ortiq garov puli kiritganiga qaramay» hibsda saqlanmoqda. O‘zbekiston rasmiylari hozircha bu haqda xabar bergani yo‘q.

Abbos Ibrohimzoda - tadbirkor va siyosatchi, millati hazora. 1990-yillarning boshidan Afg‘onistonning eng yirik tadbirkorlaridan biri bo‘lgan, Balx viloyatidagi sarroflar uyushmasini boshqargan, shu sababli «Abbos dollar» laqabini olgan.

U asos solgan Ibrahimzada Group yigirmadan ortiq kompaniyalarni birlashtiradi. U Balxdagi xususiy televideniye tarmog‘ini nazorat qiladi, ta’lim va xayriya ishlariga sarmoya kiritgan.

Ibrohimzoda Afg‘oniston parlamentining quyi palatasi - Volesi Jirg‘aga ikki marta saylangan.

«Tolibon» hukumatni egallashidan oldin, Ibrohimzoda Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘istondan benzin va gaz, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Uning O‘zbekiston bilan chegaradosh Hayraton shahridagi benzin va gaz ombori 50 ming tonnadan ortiq sig‘imga ega edi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yil yozida Ibrohimzodning qurolli tuzilmalari Mozori Sharifni toliblardan ikki oy davomida himoya qildi. Toliblar mamlakatda hokimiyatni egallab olgach, Ibrohimzoda Afg‘onistonni tark etib, Turkiyada yashay boshladi. Uning Toshkentga qachon ko‘chib kelgani noma’lum.

Amu.tv ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida Ibrohimzoda O‘zbekiston iqtisodiyotiga, asosan transport va un sanoatiga 50 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

2023 yilda toliblar tadbirkorning Afg‘onistondagi 19 ta tijorat obektini, jumladan, oltita yoqilg‘i quyish shoxobchasi, ikkita shifoxona, telekanal, ikkita oziq-ovqat zavodi, beshta savdo markazi, ikkita turar-joy majmuasi va Hayraton stansiyasidagi sanoat obektini muhrlab qo‘ygan.

Mavzuga oid