Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning «bombardimonni to‘xtatish» talabidan so‘ng Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda 7 kishi halok bo‘ldi
Hamas sulhga rozi bo‘lishi ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Isroildan bombardimonlarni to‘xtatishni talab qilgandi. G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligi ma’lum qilishicha, ushbu chaqiriqlarga qaramay, Isroil armiyasi sektor hududlariga o‘nlab havo zarbalari hamda artilleriya hujumlarini amalga oshirdi.
Foto: Reuters
3 oktyabr kuni Hamas kelishuvga rozi bo‘lganini bildirdi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp Isroildan bombardimonlarni to‘xtatishni talab qildi. G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligi ma’lum qilishicha, ushbu chaqiriqlarga qaramay, Isroil G‘azo shahriga zarbalar berishda davom etgan.
«Bugun tongdan buyon sektor bo‘ylab yetti kishi halok bo‘lgan. Bu juda zo‘ravon tun bo‘ldi. [Isroil armiyasi] prezident Trampning bombardimonni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘iga qaramay, G‘azo shahri va boshqa hududlarga o‘nlab havo zarbalari hamda artilleriya hujumlarini amalga oshirdi», - dedi fuqarolik mudofaasi vakili Mahmud Basal AFP agentligiga. Basalning so‘zlariga ko‘ra, tun davomida bombardimon natijasida 20 ta uy vayron bo‘lgan.
«Tun bo‘yi bombardimon juda kuchli bo‘ldi. Tramp o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilganida xursand bo‘ldim, lekin harbiy samolyotlar to‘xtamadi», degan Zaytun mahallasida yashovchi Jamila al-Sayyid nashrga.
Al-Jazeera'ning yozishicha, G‘azoning Tuffah tumanidagi bir uyga berilgan zarbadan so‘ng to‘rt kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi yaralangan.
Xon Yunusdagi Nasser kasalxonasi o‘z manbalariga tayanib Isroil armiyasi janubiy G‘azoning al-Mavasi hududidagi chodirga dron zarbasi berganini yozdi. Natijada ikki bola halok bo‘lgani va bir nechta odam yaralangan. Aslida Al-Mavasi Isroil tomonidan «humanitar zona» deb e’lon qilingan hudud hisoblanadi.
Bu o‘lim holatlari – Donald Tramp Isroilga «bombardimonni darhol to‘xtatish»ni buyurganidan keyin G‘azoda qayd etilgan ilk qurbonlardir.
Bundan tashqari, Trampning talabiga qaramay Isroil armiyasi falastinliklarga G‘azo shahriga qaytmaslikni buyurib, uni «xavfli jangovar zona» deb atadi.
«G‘azo shimolidagi hudud hali ham xavfli jangovar zona hisoblanadi. Bu yerda qolish hayotingiz uchun katta xavf tug‘diradi. Shu boisdan Rashid ko‘chasi janubga harakatlanish uchun ochiq qolmoqda. Shimolga qaytishdan yoki Isroil mudofaa kuchlari faoliyat yuritayotgan har qanday joyga, hattoki janubda ham yaqinlashishdan saqlaning», – deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha, o‘tgan bir sutka davomida Isroil hujumlari natijasida kamida 66 kishi halok bo‘ldi va 265 kishi yaralandi. Turli manbalar ikki bola ocharchilik va to‘yib ovqatlanmaslikdan vafot etganini yozmoqda.
2023 yil oktyabrdan beri sektor bo‘ylab halok bo‘lganlar soni 67 ming 74 nafarga, yaralanganlar esa 169 ming 430 nafarga yetgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, haqiqiy o‘limlar soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin, chunki minglab jasadlar butun G‘azo bo‘ylab vayron bo‘lgan binolar ostida qolgan deb taxmin qilinmoqda.
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
15:57 / 03.12.2025
Maduroning imkoniyatlari tugadi. Uning Tramp bilan telefon muloqoti haqida nimalar ma’lum?
21:10 / 02.12.2025