Jahon | 09:48 / 04.10.2025
8666
6 daqiqa o‘qiladi

Hamas sulhning ayrim shartlarni qabul qildi. Tramp esa Isroildan bombardimonni to‘xtatishni talab qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 3 oktyabr kuni Isroildan G‘azoni bombardimon qilishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. Sabab - Hamas asirlarni ozod qilish va urushni tugatish bo‘yicha AQSh rejasi doirasidagi ayrim shartlarni qabul qildi. Ochiq qolgan qurolsizlanish masalasini tomonlar muhokama qilishni boshladi.

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu idorasi HAMASning javobidan so‘ng Isroil Trampning G‘azo rejasining birinchi bosqichi — isroillik asirlarning darhol ozod qilinishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, mahalliy OAVlar siyosiy rahbariyat armiyaga G‘azodagi hujumkor faoliyatni kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini xabar qildi.

Tramp e’lonidan keyingi xabarlar

Reuters nashrining Isroil bosh shtabi bayonotiga tayanib yozishicha, qo‘shinlarga Tramp rejasining birinchi bosqichini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish buyurilgan, ammo G‘azodagi harbiy harakatlarning kamaytirilishi haqida hech narsa aytilmagan.

Ayni vaqtda G‘azoni nazorat qiluvchi Hamas AQSh prezidenti guruhga «yakshanbagacha rozi bo‘lish yoki og‘ir oqibatlarga duch kelish ultimatumi»ni bergach, Trampning 20 banddan iborat rejasiga javob qaytardi.

Tramp HAMASning «doimiy tinchlikka tayyor» ekanini ko‘rsatganiga ishonganini va endi mas’uliyat Netanyahu hukumati zimmasida ekanini aytdi.

«Isroil G‘azoni bombardimon qilishni zudlik bilan to‘xtatishi kerak, shunda biz garovdagilarni tez va xavfsiz olib chiqa olamiz!» — deb yozdi Tramp o‘zining sahifasida. «Biz allaqachon tafsilotlarni muhokama qilyapmiz. Bu faqat G‘azo haqida emas, bu Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlik haqida».

Reuters ko‘rgan HAMAS javob nusxasida guruh G‘azoni qurolsizlantirish va demilitarizatsiyaga rozi bo‘lishini aytmadi — bu Isroil va AQSh talab qilayotgan, lekin HAMAS ilgari ham rad etgan shart. Shuningdek, HAMAS Isroilning bosqichma-bosqich chiqib ketish rejasi bilan ham rozi bo‘lmadi, chunki ular to‘liq va darhol chiqib ketishni talab qilmoqda.

Al-Jazeeraʼga gapirgan yuqori lavozimli HAMAS rasmiysi guruh Isroilning okkupatsiyasi tugamaguncha qurolsizlanmasligini aytdi. Bu esa tomonlar o‘rtasidagi tafovutlarni ko‘rsatdi.

Qatar tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining aytishicha, Qatar, Misr va AQSh Trampning G‘azo rejasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun hamkorlikni boshlagan.

Tramp rejasi darhol o‘t ochishni to‘xtatishni, HAMASdagi barcha garovdagilarni Isroil qamoqlaridagi falastinlik mahbuslarga almashtirishni, Isroilning bosqichma-bosqich G‘azodan chiqishini, HAMASni qurolsizlantirishni va xalqaro organ rahbarligidagi o‘tish davri hukumatini joriy etishni nazarda tutadi.

Hamasning javobi. Isroilning reaksiyasi

Tramp rejasi yuzasidan HAMAS o‘z javobida «Arab, Islomiy va xalqaro sa’y-harakatlarni, shuningdek AQSh Prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoriga urushni tugatish, mahbuslarni almashish, yordamni zudlik bilan kiritish haqidagi tashabbuslarini qadrlashini» bildirdi.

HAMAS «Prezident Tramp taklifida ko‘zda tutilgan almashinuv formulasiga binoan barcha okkupatsiya asirlarini — tirik yoki jasadlarini — zaruriy sharoitlar bilan ozod qilishga roziligini» e’lon qildi. Shuningdek, HAMAS «shu doirada vositachilar orqali tafsilotlarni muhokama qilish uchun muzokaralarga zudlik bilan kirishga tayyorligini» qo‘shimcha qildi.

Guruh «G‘azo sektorini falastinlik mustaqil shaxslardan (texnokratlardan) iborat, falastinlik milliy konsensusga asoslangan va arab hamda islomiy ko‘mak bilan ta’minlangan ma’muriyatga topshirishga tayyorligini» bildirdi.

HAMAS Tramp taklif qilganidek, G‘azoda siyosiy hokimiyatni amalga oshirishdan chetlashtirilishiga rozi bo‘lish- bo‘lmasligini ochiqlamadi. Lekin «G‘azoning kelajagi bo‘yicha falastinlik milliy muhokamalarda ishtirok etishi va hissa qo‘shishi kerak»ligini ta’kidladi. HAMAS avval ham barcha garovdagilarni ozod qilish va G‘azo boshqaruvini boshqa tuzilmaga topshirishni taklif qilgan edi.

Netanyahu idorasi Isroil «urushni tugatishda Prezident va uning jamoasi bilan to‘liq hamkorlikni davom ettiradi, bu Isroil belgilab qo‘ygan tamoyillarga muvofiq bo‘lib, Prezident Tramp qarashlari bilan uyg‘un» ekanini bildirdi.

Mahalliy aholining aytishicha, Tramp Isroildan hujumlarni to‘xtatishni so‘raganidan keyin isroillik tanklar G‘azo shahrining markazidagi Talateni ko‘chasini o‘qqa tutgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS bayonot berganidan keyingi soatda Isroil harbiy samolyotlari ham G‘azo shahrida zarbalarni kuchaytirib, Remal tumanidagi bir nechta uylarga hujum qilgan. Xon Yunusga ham zarbalar berilgan.

Netanyaxuga bosim

Isroilning so‘nggi bayonotlaridan oldin, G‘azoda garovda saqlanayotganlarning oilalari Netanyahudan «barcha asirlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni darhol boshlash»ni talab qildi. Mamlakat ichkarisida esa bosh vazir bir tomondan garovdagilar oilalari va urushdan charchagan xalqi, ikkinchi tomondan esa radikal vazirlari bosimi o‘rtasida qolgan.

Foto: New York Times

Isroil 2023 yil oktyabrda boshlagan urush oqibatida, G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, 66 mingdan ortiq falastinliklar halok bo‘ldi. Ularning aksariyati tinch holi va bolalar. Hujumlar butun hududni vayron qilgan, yordam cheklovlari esa G‘azoning ayrim qismlarida ocharchilikni keltirib chiqargan. BMTning Tergov komissiyasi va bir nechta inson huquqlari ekspertlari Isroil G‘azoda genotsid sodir etayotganligini tasdiqladi.

Mavzuga oid