Sport | 12:38 / 05.10.2025
11233
23 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul»da yana mag‘lubiyat, Vinisius «Real»ni birinchi o‘ringa qaytardi. Kun o‘yinlari

«Arsenal» xalqaro tanaffusga peshqadam sifatida yo‘l oldi, «MYu»da Amorim iste’foga chiqmaydigan bo‘ldi, «Real» yana birinchi o‘rinda. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Reuters

Angliya: «Chelsi» «Arsenal»ga yordam berib yubordi

«Lids» – «Tottenhem» 1:2
Gollar:
Tel, 23 (0:1). Okafor, 34 (1:1). Quddus, 57 (1:2)
«Lids»: Darlou, Streyk, Rodon, Gudmundsson (Piru, 79), Bogl (Jastin, 89), Ampadu, Shtax (Tanaka, 67), Longstaff, Okafor (Nmecha, 79), Aaronson (Harrison, 67), Kalvert-Lyuin
«Tottenhem»: Vikario, Romero, van de Ven, Udodji, Porro, Palinya, Bentankur, Simons (Risharlison, 74), Odober (Danso, 85), Quddus (Jonson, 90), Tel (Sarr, 73)
Ogohlantirishlar: Ampadu, 52. Okafor, 64 – Quddus, 22. Palinya, 41. Romero, 64

«Tottenhem» qarshi hujumga tayanib o‘ynadi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida Tel rikoshet orqali mavsumdagi birinchi golini urdi. To‘p Streykning oyog‘iga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, darvozabonni dog‘da qoldirgan holda yuqori burchakka borib tushdi. Lekin «shporlar» muvaffaqiyatni kuchaytirish o‘rniga bosimni susaytirishdi va «Lids»ga tanaffusgachayoq hisobni tenglashtirishga imkon berishdi. Vikario Aronsonning murakkab zarbasini qaytargandi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib raqib hujumchisi Okafor yetib keldi. «Zalsburg»da tanilgan shveysariyalik forvardning Italiyada ishlari yurishmagandi, u «Milan»da ham, ijara asosida to‘p surgan jamoasi «Napoli»da ham o‘zini ko‘rsata olmadi, ammo Angliyaga safar uni ochishi mumkin. Faqat Okaforning goli natija uchun yetarli bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda Quddusning zarbasidan keyin ham to‘p rikoshet bo‘lib yaqin burchakka borib tushdi va «Lids» bir yildan oshiq vaqtdan buyon o‘z uyida ilk bor mag‘lubiyatga uchradi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Vikario seyv amalga oshirdi, bundan tashqari hakamlar «Tottenhem» jarima maydoni ichidagi qo‘pollik uchun penalti berishni xohlashmadi. Natijada «shporlar» g‘alabali hisobni saqlab qolishdi va peshqadamlar guruhida qolishdi.

«Arsenal» – «Vest Hem» 2:0
Gollar:
Rays, 38 (1:0). Saka, 67 - penalti (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 75), Timber, Rays (Merino, 79), Eze (Martinelli, 79), Edegor (Subimendi, 30), Trossar (Nvaneri, 75), Saka, Yokeresh
«Vest Hem»: Areola, Kilman, Mavropanos, Diuf, Van-Bissaka (Uoker-Piters, 79), Magassa (Pots, 61), Lukas Paketa, Fernandesh, Sammervill, Bouen, Fyullkrug (Marshall, 61)
Ogohlantirishlar: Sammervill, 58. Lukas Paketa, 69

Mavsum startidayoq Grem Potterni iste’foga chiqargan «Vest Hem» klubi London derbilaridagi eng omadsiz jamoa maqomini davom ettirdi. Poytaxtning boshqa hech bir jamoasi derbilarda hamshaharlariga «bolg‘achilar» kabi ko‘p mag‘lub bo‘lmagan, shanba kuni «Emireyts»dagi muvaffaqiyatsizlik ular uchun hisob bo‘yicha 135-mag‘lubiyat bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limi oxirlarida «Vest Hem»ning sobiq futbolchisi Rays darvozabondan qaytgan to‘pni to‘rga joylab qo‘yib hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa jarohatidan tuzalib, formasini tiklab borayotgan Saka APLdagi 200-o‘yinini gol bilan nishonladi. Bukayoga qadar shunday yubiley o‘yinida faqat «Arsenal» afsonasi Tiyerri Anri gol urolgan. 24 yoshli futbolchi endi Angliya chempionatidagi golli harakatlari sonini 100 taga yetkazib qo‘ydi (55+45). «Kanonirlar» safida bunday ko‘rsatkichga undan ertaroq yoshda faqat Sesk Fabregas erishgan.

«Manchester Yunayted» – «Sanderlend» 2:0
Gollar:
Maunt, 8 (1:0). Sheshko, 31 (2:0)
«Manchester Yunayted»: Lammens, de Liht, Shou, Yoro (Maguayr, 85), Brunu Fernandesh, Kazemiro (Ugarte, 85), Dalot (Dorgu, 64), Diallo, Maunt (Kunya, 65), Mbemo (Maynu, 77), Sheshko
«Sanderlend»: Rufs, Alderete, Mukele, Masuaku (Talbi, 58), Hyum (Gertreyda, 79), Sadiki, Jaka, Le Fe, Adingra (Ballard, 37), Traore (Mayyenda, 58), Izidor (Brobbi, 59)
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 81 – Alderete, 29. Sadiki, 35. Traore, 57. Jaka, 76

«Old Trafford»dagi o‘yindan oldin Ruben Amorimning ehtimoliy iste’fosi haqida xabarlar urchigandi, mish-mishlarga ko‘ra, shu kuni «MYu» boshqaruvidagi 50-o‘yinin o‘tkazgan mutaxassis ishini saqlab qolishi uchun mavsumni sensatsiyalar bilan boshlagan «Sanderlend»ni mag‘lub etishi talab etilardi. Chempionshipdan chiqqan jamoalar anchadan buyon bu qadar kuchli start qila olmagandi («Sanderlend» tur arafasida turnir jadvali peshqadamlari safida turgandi), faqat «qizil iblislar» doimo chempionshipdan kelgan jamoalarga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynagan. Jamoa shu kuni shunday jamoalarga qarshi mag‘lubiyatsiz seriyasini 25 o‘yinga yetkazib oldi (+22=3). O‘yinni amalda Mauntning tezkor goli hal qildi, u jarima maydoni markazida turib Mbemoning o‘ng qanotdan uzatmasini qabul qilib oldi va to‘pga ikkinchi teginishda darvozani ishg‘ol etdi. Brunu Fernandesh ham shedevr gol urishi mumkin edi, ammo uning zarbasini darvozabon to‘sin tomon yo‘naltirib yubordi, lekin ko‘p o‘tmay burchak zarbasidan keyin Sheshko APLda navbatdagi golini urdi, mehmonlar ustozi esa hisob yiriklashib ketishining oldini olish uchun yarimhimoyachi o‘rniga himoyachi tushirdi. «MYu» ikkinchi bo‘limda xotirjamlik bilan hisobni ushlab qoldi va 2023 yil bahoridan buyon ilk bor uy uchrashuvlarida qatorasiga uchinchi g‘alabasiga erishdi.

«Chelsi» – «Liverpul» 2:1
Gollar:
Kaysedo, 14 (1:0). Gakpo, 63 (1:1). Estevao, 90+5 (2:1)
«Chelsi»: Sanches, Badiashil (Lavia, 55), Achimpong (Hato, 68), Kukurelya, Jyeyms, Kaysedo, Gyusto, Fernandes, Garnacho (Gittens, 75), Pedru Netu (Estevao, 75), Joao Pedro (Giu, 74)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate (Jons, 56), Kerkez (Roberson, 55), Bredli (Virs, 46), Makallister (Endo, 86), Gravenberh, Soboslai, Gakpo, Saloh, Isak (Ekitike, 74)
Ogohlantirishlar: Bredli, 34. Soboslai, 79

Angliyaning amaldagi chempioni «Liverpul» bu mavsumni ham qatorasiga yetti g‘alaba bilan boshlagandi. Ammo so‘nggi vaqtlarda barchasi teskari ketdi. Slot shogirdlari sakkiz kun ichida APL va YeChL doirasida qatorasiga uch o‘yinda yutqazdi.

«Stemford Brij»dagi o‘yin startidayoq Kaysedo turning eng chiroyli golini urib, hisobni ochdi. Edegorlik yarimhimoyachisi avvaliga bir necha metr masofani to‘p bilan yurib o‘tdi, hech kim qarshilik ko‘rsatmayotganini ko‘rgach esa jarima maydoni tashqarisidan turib to‘qqizlik tomon ideal zarba berdi. Jarohat olib safdan chiqqan Alison o‘rniga tushirilgan Mamardashvili to‘pga yeta olmadi va ilk zarbadan gol o‘tkazib yubordi.

Hisobda oldinga chiqib olganiga qaramay, «Chelsi» himoyalanmadi, aksincha, hujumkorlikni kuchaytirdi. Ko‘pchilik uchun kutilmaganda Garnacho alohida ajralib turdi. Boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan argentinalik vinger bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qildi va londonliklar asosan uning qanotidan hujum uyushtirdi. U gol ura olmagan bo‘lsa-da, mezbonlarning birinchi bo‘limdagi barcha xavfli vaziyatlari uning ishtirokida kuzatildi.

39-daqiqada Garnachoning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi, bu vaziyatda to‘p darvoza to‘riga borishiga bir baxya qolgandi. Keyinroq jarima maydoni ichida Soboslai uni jarima maydoni ichida ortdan turtib yiqitdi, ammo hakam bu yerda qoidabuzarlik ko‘rmadi.

Qolaversa, Bredli Garnachoga ishlatilgan fol tufayli sariq kartochka oldi, biroz o‘tib ushbu himoyachi yana unga nisbatan qo‘pollik ishlatishga majbur bo‘ldi, natijada Slot tanaffusda uni zaxiraga oldi va o‘ng qanot himoyasiga Soboslai o‘tdi.

Keyin esa maydonda izohlash qiyin bo‘lgan voqealar bo‘lib ketdi. Gap shundaki, «Chelsi»da markaziy himoyachilar bilan qandaydir dahshatli holat yuzaga kelmoqda, asosiy tarkibdagilar jarohat tufayli safdan chiqqan: Fofana, Adarabioyo va Koluill, diskvalifikatsiya tufayli Chaloba ham jamoaga yordam bera olmayapti. Mareska ularning o‘rniga Badyashil va Achimpongni (u jarohatdan endi tuzalayotgandi) himoya markaziga tushirishga majbur bo‘ldi — ularning birinchisi beshinchi variant, ikkinchisi qanot himoyachisi hisoblanadi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida ular ham birin-ketin jarohat olishdi va almashtirishni so‘rashdi. Natijada «Chelsi» o‘yinni qanot himoyachilari Jyeyms va Hatoni markazda o‘ynatgan holda davom ettirishga majbur bo‘ldi.

«Chelsi» himoyachilari jarohat olishi oralg‘ida «Liverpul» hisobni tenglashtirishga ulgurdi. Soboslaining qanotdan uzatmasidan keyin Isak texnikasini ishga solib to‘pni qabul qildi va uni qulay pozitsiyadagi Gakpoga tashlab berdi, niderlandiyalik hujumchi bir necha metr masofadan turib darvozani o‘qqa tutdi. Shundan keyin ikki jamoada ham g‘alaba golini urib ketish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Kutilgan gollar ko‘rsatkichi bo‘yicha «Liverpul» raqibdan ancha yaxshiroq natija (0,88 ga qarshi 1,94) qayd etdi. Ammo mezbonlarning vaziyatlari xavfliroq chiqdi, ikki marta darvoza ustunlari mehmonlarni goldan qutqarib qoldi.

Va baribir g‘alaba goli urildi. 90+5-daqiqada Estevao Kukurelyaning olis ustun tomon uzatmasini golga aylantirdi va «Chelsi» futbolchilari g‘alabani hissiyotga berilib nishonlashdi. Yosh braziliyalik futbolchi jamoadoshlari quchog‘ida bo‘g‘ilib qolay dedi, Mareska esa maydonga tushib ketgani uchun ikkinchi sariq kartochkani oldi. O‘tgan dam olish kunlarida «Liverpul» APL turnir jadvalida besh ochkolik farq bilan peshqadamlik qilayotgandi, endi esa «Arsenal» birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Ispaniya: Mikautadze «Santyago Bernabeu»da ham gol urdi

«Real» – «Vilyarreal» 3:1
Gollar:
Vinisius Junior, 47 (1:0). Vinisius Junior, 69 - penalti (2:0). Mikautadze, 73 (2:1). Mbappe, 81 (3:1)
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Hausen, Karreras, Valverde, Tshuameni, Sebalos (Bellinghem, 64), Arda Guler,(Kamavinga, 64), Vinisius Junior, Mastantuono (Dias, 75), Mbappe (Rodrigu, 83)
«Vilyarreal»: Tenas, Marin, Veyga, Kardona, Mourinio, Komesanya (Parexo, 86), Parti, Geyye (Pedrasa, 73), Byukenen (Mikautadze, 46), Moleyro (Pepe, 46), Oluvaseyi (Altimira, 82)
Ogohlantirishlar: Tshuameni, 33. Mastantuono, 45 – Kardona, 12. Mourinio, 21. Geyye, 69
Chetlatish: Mourinio, 77 (ikkinchi sariq kartochka)

YeChLda «Qayrat»ni yirik hisobda mag‘lub etish – Madrid derbisidagi mag‘lubiyatdan keyin oqlanish uchun yetarli natija emasdi. La liga turnir jadvalida uchinchi o‘rinda kelayotgan «Vilyarreal»ni mag‘lub etish esa boshqa ish. Agar «sariq submarinalar» g‘alaba qozonganida, turnir jadvalida «Real»ni quvib o‘tishi ham mumkin edi.

Marselino Toral jamoasi kutilganidek ikkinchi raqamda o‘ynash uchun kelgandi, lekin bu mezbonlarning agressiv pressingidan qutqara olmasdi. Birinchi bo‘limda yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha madridliklar yaqqol ustunlikka ega bo‘lishdi (12 zarba, xG bo‘yicha 1,13), ammo realizatsiya oqsadi. Masalan, Mbappe Mastantuononi juda qulay pozitsiyaga chiqargandi va faqat Renatu Veyga vaqtida to‘p yo‘liga oyoq qo‘yishi mehmonlarni goldan qutqarib qoldi. Keyin esa mehmonlar qarshi hujumda o‘z imkoniyatidan foydalanishi mumkin edi. Hausen va Eder Militao Oluvaseyini o‘tkazib yuborishdi, ammo raqib futbolchisi Kurtuani alday olmadi.

Bunday o‘yinda zaxira o‘rindig‘ida qoldirilgan Mikautadze va Pepe «Vilyarreal»ning maxfiy qurollari edi. Ammo bu qurollar ish bergunicha «Real» hujumidagi dahshatli tandem ikkita gol urib ulgurgandi: mavsum startidagi o‘yinlari uchun tanqid ostida qolgan Vinisius Junior o‘zini ko‘rsatdi va o‘ng qanotdan berilgan uzatmadan keyin raqib himoyachisi Mourinioni ortda qoldirib, yaqin burchakni ishg‘ol qildi, ko‘p o‘tmay penaltini ham aniq ijro etdi.

73-daqiqada esa Mikautadze o‘yinga intriga qaytardi, ammo 77-daqiqada «Vilyarreal»ning urugvaylik himoyachisi Mourinio yana bir bor Vinisius Junior bilan duelni boy berdi va uni yiqitishga majbur bo‘ldi. Hakam unga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatib, kiyim almashtirish xonasiga jo‘natdi.

O‘n kishi bo‘lib qolgan «Vilyarreal»da imkon qolmagandi, Habi Alonso jamoasi vaziyat ortidan vaziyat yaratishga kirishdi va 81-daqiqada raqib jarima maydoni yaqinida to‘p olib qo‘yilganidan keyin uchinchi gol ham urildi. Mbappe Dias bilan devor uslubida o‘ynab, maydonni golsiz tark etmaydigan bo‘ldi. Ammo u maydonni sheriklaridan oldinroq tark etdi, murabbiy kichik jarohat tufayli uni maydondan olishga qaror qildi. Fransuz hujumchisining jarohati jiddiy emasdi, u maydonni o‘zi yurib tark etdi, katta ehtimol bilan, murabbiy uni terma jamoa yig‘iniga jo‘natmasligini shu yo‘l bilan ko‘rsatib qo‘ydi.

«Real» o‘yin oxirigacha jami 26 zarba berdi, «Vilyarreal»da 9 ta (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar soni bo‘yicha – 7:2). Vinisius Juniorning benefisiga aylangan o‘yindagi g‘alabadan keyin madridliklar vaqtincha birinchi o‘ringa ko‘tarildi va yakshanba kuni «Barsa» ochko yo‘qotishini kutadi.

Italiya: Bonnining benefisi

«Inter» – «Kremoneze» 4:1
Gollar:
Martines, 6 (1:0). Bonni, 38 (2:0). Dimarko, 55 (3:0). Barella, 57 (4:0). Bonatssoli, 87 (4:1)
«Inter»: Zommer, de Vrey, Bastoni (Karlos Augustu, 61), Akanji, Frattezi, Mxitaryan (Suchich, 75), Barella, Dimarko, Dyumfris (Luis Enrike, 53), Martines (Diuf, 75), Bonni (Espozito, 61)
«Kremoneze»: Silvestri, Baskirotto, Byanketti, Chekkerini (Fayye, 58), Grassi, Bondo, Petssella, Floriani (Barberi, 74), Vaskes (Vardi, 58), Yonsen (Vandeputte, 46), Sanabriya (Bonatssoli, 57)
Ogohlantirishlar: Suchich, 84 – Petssella, 86

Mavsumni «Milan» ustidan safarda sensatsion g‘alaba qozonish bilan boshlagan va shu vaqtgacha mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan «Kremoneze»ning «San-Siro»ga ikkinchi safari yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi. «Inter» sardori Lautaro Martines 6-daqiqadayoq hisobni ochib, yanvar oyidan buyon ilk bor qatorasiga ikkinchi o‘yinda gol urdi va jami gollari sonini 158 taga yetkazib oldi, endi u neradzurrilar tarixidagi beshinchi to‘purarga aylanib oldi. Ammo bu voqea Kristian Kivu tomonidan ilk bor boshlang‘ich tarkibga kiritilgan Bonni ko‘rsatgan o‘yin soyasida qolib ketdi. Yozda «Parma»dan xarid qilingan 21 yoshli fransuz maydon egalarining barcha to‘rt golida ishtirok etdi va o‘z hisobiga bir gol hamda uchta golli uzatma yozib qo‘ydi.

Germaniya: peshqadam foydasiga durang

«Borussiya» D – RB «Leypsig» 1:1
Gollar:
Baumgartner, 7 (0:1). Koutu, 23 (1:1)
«Borussiya» D: Kobel, Shlotterbek, Bensebayni, Anton, Nmecha (Bellinghem, 70), Zabitser, Svensson, Koutu (Ryuerson, 60), Bayyer (Gros, 81), Adeyyemi (Brandt, 70), Girassi (Silva, 81)
RB «Leypsig»: Gulachi, Orban, Lyukeba, Raum, Baku, Baumgartner, Zayvald, Uedraogo (Banzuzi, 67), Nusa (Diomande, 67), Bakayoko (Harder, 89), Romulo (Maksimovich, 90+3)
Ogohlantirishlar: Shlotterbek, 6 – Baumgartner, 21. Baku, 54. Banzuzi, 86

«Bavariya»ning ta’qibchilari o‘rtasidagi kurash «Leypsig»ning tezkor goli bilan boshlandi, 7-daqiqada ijro etilgan standart vaziyatdan keyin Uedraogo to‘pni boshi bilan qulay pozitsiyada turgan Baumgartnerga tashlab berdi. Ammo birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Borussiya» o‘ziga keldi, Girassi esa jarima maydoni ichida ochilgan Yan Koutuni golli pas bilan ta’minladi. U bundesligadagi ikkinchi goli bilan «Jirona»dagi formasini tiklayotganini ko‘rsatmoqda, o‘shanda u Braziliya terma jamoasidan chaqiruv olgandi. Ammo o‘yinda boshqa hisob o‘zgarmdai va «Signal Iduna Park»da qayd etilgan durang hisob «Bavariya» uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.

«Bayyer» – «Union» B 2:0
Gollar:
Poku, 33 (1:0). Kofane, 49 (2:0)
«Bayyer»: Flekken, Bade, Tapsoba, Kuansa, Fernandes (Andrix, 69), Garsiya, Grimaldo (Artur, 46), Vaskes (Maza, 46), Tillman, Poku (Belosyan, 89), Kofane (Hofmann, 81)
«Union» B: Rennov, Kverfeld, Diogu Leyte (Rote, 71), Duki, Xedira, Shefer (Kemlyayn, 64), Ken, Trimmel (Haberer, 71), Berk (Ansa, 64), Chon U Yen (Skarke, 64), Ilich
Ogohlantirishlar: Kofane, 45 – Diogu Leyte, 66. Trimmel, 68. Ken, 76

«Bayyer» hamon Erik ten Hagning muvaffaqiyatsiz startidan keyin qiynalmoqda va Kasper Yulmann vaziyatni o‘nglash uchun qattiq ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Maydonda esa darvozabon Flekkendan ham ko‘p ish qilishi talab etilmoqda, shanba oqshomida ham u bir necha bor qutqardi. Ammo birinchi bo‘lim o‘rtalarida leverkuzenliklar Habi Alonso davridagi kabi namunali qarshi hujum uyushtirishdi va Lukas Vaskes maydon chizig‘idan Pokuga golli pas berdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa «Union» darvozaboni Rennov qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Daniyalik posbon to‘pni Kofanega topshirdi va u bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. «Aspirinchilar» endi kuchli to‘rtlikda, ammo jamoa yetakchilaridan biri Grimaldo birinchi bo‘lim oxirida maydonni zambilda tark etgani muxlislarni ranjitdi. Ispaniyalik himoyachi boshidan qattiq zarba oldi.

«Ayntraxt» F – «Bavariya» 0:3
Gollar:
Dias, 1 (0:1). Keyn, 27 (0:2). Dias, 84 (0:3)
«Ayntraxt» F: Santos, Teat, Kox, Braun, Buta, Sxiri (Hoylund, 78), Larsson (Shaibi, 65), Uzun (Knauff, 65), Baoyya (Gyotse, 78), Doan, Burkardt (Vaxi, 82)
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Laymer, Boe (Bishof, 88), Kimmih, Goretska (Pavlovich, 46), Gnabri (Rafael Gerreyru, 71), Dias (Karl, 88), Olise, Keyn (Jyekson, 85)
Ogohlantirishlar: Burkardt, 79 – Goretska, 14. Dias, 69

Chempionat turnir jadvalining birinchi va to‘rtinchi o‘rnida joylashgan jamoalar to‘qnashuvidan muxlislar shiddatli kurash kutishgandi. Hisob 0:1 holatida «Ayntraxt»ning goli bekor qilinmaganida voqealar boshqacha kechishi mumkin edi, ammo videotakrorda hujum boshida to‘p Doanning qo‘liga tekkani ma’lum bo‘ldi. 1-daqiqadayoq Diasdan gol o‘tkazib yuborgan mezbonlar o‘ziga kelgandek edi, ammo o‘sha vaziyatdan keyin o‘yin davom ettirilganida Keyn jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan ikkinchi golni urib qo‘ydi. Harri bundesligada rekordlar kitobini qaytadan yozishda davom etmoqda, ungacha hech bir futbolchi yetti turda 11 gol urmagandi. Vensan Kompani esa o‘zidan oldingi murabbiylar qayd eta olmagan startga erishdi — barcha turnirlar doirasida 10 g‘alaba. Endi «Bavariya» turnir jadvalida eng yaqin ta’qibchisi bo‘lib turgan dortmundliklarni to‘rt ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda.

Fransiya: «Marsel» birinchi o‘rinda, De Dzerbida – rekord

«Mets» – «Marsel» 0:3
Gollar:
Payshao, 51 (0:1). O`Rayli, 69 (0:2). Guiri, 76 (0:3)
«Mets»: Fisher, Sane, Yyegbe, Gbamen (Kolen, 21), Traore, Deminge (Tsitaishvili, 79), Ballo-Ture (Ture, 79), Kuao, En, Sabali, Diallo (Madjo, 79)
«Marsel»: Ruli, Agerd, Pavar, Emerson, Vea (Murilo, 79), Gomesh (Balerdi, 64), Heyberg, O`Rayli (Vermeren, 85), Payshao (Nadir, 80), Grinvud, Vaz (Guiri, 64)

«PSJ», «Lion» va «Monako» yakshanba kuni o‘z o‘yinlarini o‘tkazgunicha Fransiya chempionati turnir jadvali peshqadami «Marsel» bo‘lib turadi. Provansalliklar jamoasi «Mets» maydonidagi o‘yinning birinchi bo‘limi golsiz yakunlangach, ikkinchi 45 daqiqalikda to‘laqonli shturm uyushtirdi, avvaliga Grinvudning zarbasi to‘singa tegdi, keyin esa Igor Payshao hisobni ochdi. Hafta o‘rtasida YeChL o‘yinida ham gol urgan braziliyalik futbolchining zarbasidan keyin to‘p rikoshet bo‘lib borib, darvozabonni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi. Keyin O'Raylli uzoq masofadan yo‘llagan aniq zarbasi bilan muvaffaqiyatni rivojlantirdi, aynan u uchinchi golni urgan Guirini qulay pozitsiyaga chiqardi. «Marsel» yil boshidan buyon kamida uchta gol urib g‘alaba qozongan o‘yinlari sonini 13 taga yetkazdi. Bosh murabbiy Roberto De Dzerbi esa klub rekordchisiga aylandi. U kamida 30 o‘yinda ishlagan murabbiylar orasida (61) eng ko‘p g‘alaba ko‘rsatkichiga ega. Shanba kungi muvaffaqiyatdan keyin italiyalik mutaxassis 1993 yilda jamoa bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan afsonaviy Raymon Gutalsni ortda qoldirdi.

Mavzuga oid