Jahon | 16:43 / 06.10.2025
12915
8 daqiqa o‘qiladi

7 oktyabr voqealariga 2 yil: kim nimaga erishdi?

2023 yil 7 oktyabr kuni Hamas guruhi o‘z shafqatsizligi bilan dunyoni shokka solgan bo‘lsa, Isroil bundan o‘n karra dahshatliroq noinsoniy harakatlari bilan 2 yildirki G‘azodagi qirg‘inni davom ettirmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamasning o‘sha kungi hujumida guruh a’zolari Isroilga raketa zarbalari yo‘llash bilan birga, G‘azo sektoriga yaqin joylashgan bir nechta yahudiy manzilgohlariga kirib borib, 1200 dan ortiq kishini, xususan 800 dan ortiq tinch aholi vakillarini o‘ldirdi va 250 dan ortiq kishini asir oldi.

Haliga qadar bu hujum borasida ko‘p chayqovchiliklar bor. Ko‘plab ekspertlar “bunday ko‘lamdagi operatsiyani Isroil oldindan bilmagan bo‘lishi mumkin emas” deydi.

Bu hujumga javoban Isroil G‘azo sektorida Hamasga qarshi misli ko‘rilmagan urush boshladi. Mana, oradan ikki yil o‘tdiki, bu urush hali ham davom etyapti.

Urush boshlanganidan keyin taxminan yarim yil davomida, hatto mintaqadagi qo‘shni davlatlar ham Isroilni qattiq tanqid qilmadi, “ha, Isroil o‘zini himoya qilmoqda...” degan norasmiy pozitsiyada bo‘lishdi.

Biroq, vaqt o‘tishi bilan, Isroilning bu urushidan maqsadi kengroq ekani ma’lum bo‘ldi. Isroil Hamasni yo‘q qilishdan tashqari, butun bir G‘azoni anneksiya qilish, g‘azoliklarni ommaviy yo‘q qilish, siqib chiqarish, genotsid qilish kabi maqsadni ko‘zlagani ma’lum bo‘ldi.

Urushning birinchi yilida Isroil Hamas boshliqlarini yo‘q qildi, jumladan, Eronga borgan Hamas rahbarlari ham yo‘q qilindi. Shuningdek, Livandagi “Hizbulloh” tashkilotining ko‘plab boshliqlari ham yo‘q qilindi. Suriyada hokimiyat almashish pallasida ushbu davlatga tegishli Jo‘lan tepaliklariga qo‘shimcha ravishda yana ayrim yerlari ham bosib olindi. Isroil AQShning yordamida Eronga ham 12 kunlik urush ochdi.

Isroil keyingi ikki yil davomida deyarli barcha qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini batamom yomonlashtirdi. Hatto bir vaqtlar Isroilni tan olgan Misr va Iordaniya ham bugun Isroilning kelajakdagi rejalaridan jiddiy qo‘rqadi. Isroil mintaqada aholi soniga va hududga ko‘ra eng kichik davlat, biroq uning ortida dunyodagi eng katta iqtisodiy va harbiy mashina – AQSh turishi mintaqani xavotirga soladi.

7 oktyabrdan oldin mintaqadagi ko‘plab davlatlar “Ibrohim kelishuvlari” formatida Isroilni tan olish va mintaqada haqiqiy tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lidan ketayotgan edi. Biroq, keyingi ikki yil ichida Isroil o‘zining haqiqiy ambitsiyalarini ochiqladi: Falastin hech qachon bo‘lmaydi, Falastin yerlari to‘liq okkupatsiya qilinadi, falastinliklar boshqa davlatlarga badarg‘a qilinadi va kelajakda “Katta Isroil” davlati tashkil qilinadi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 2025 yil avgustidagi intervyularidan birida “Katta Isroil” g‘oyasiga “juda ham bog‘liqligi”ni aytdi. Shu paytga qadar ham “Katta Isroil” haqida ko‘p gapirilgan, lekin arablar “bu Isroilning fantaziyasi, orzusi, xomxayoli: buning uchun Isroilda aholi resurslari, harbiy qudrat va tashqi qo‘llov yo‘q va bo‘lmaydi” degan xayolda edi. Biroq Isroil AQShni o‘z yo‘rg‘asiga yurgiza olishi – arablarni sergak torttirib boshladi.

Bugun Yaqin Sharq mintaqasida va dunyoda tektonik geosiyosiy o‘zgarishlar boshlandi. Dunyoda ko‘pqutblilik shakllanmoqda. Va bu ko‘pqutblilik yirik katalizatorlaridan biri – Isroil bo‘ldi. Dunyo Isroilning G‘azodagi genotsidi misolida AQSh gegemonligining salbiy hosilasini ko‘rmoqda.

Yaqinda Isroil hatto AQShning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchisi Qatarga ham hujum qildi. Qatarda AQShning yirik harbiy bazasi joylashgan. Bu hujum ortidan mintaqadagi davlatlar o‘zining xavfsizligini qayta ko‘rib chiqmoqda. Saudiya Arabistoni Pokiston bilan to‘laqonli, ya’ni barcha sohalarni va tahdidlarga javoblarni o‘z ichiga oluvchi harbiy kelishuvlar imzoladi. Qolgan arab davlatlari Turkiyaga yuzlanmoqda. Mintaqada avvallari Turkiya, Saudiya va Eron o‘zaro asosiy raqiblar, vaqti-vaqti bilan asosiy dushmanlar sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, bugun mintaqa davlatlarining barchasi o‘zlari uchun asosiy tahdid Isroildan ekanini tushunib yetishdi.

7 oktyabrdan keyingi ikki yil ichida birgina G‘azoning o‘zida Isroilning genotsidi natijasida 63 ming tinch aholi o‘ldirildi. Bu genotsid va ommaviy ochlik, aparteid va qamal siyosati shu bugun – 21-asrda, axborot va ijtimoiy tarmoqlar davrida amalga oshirilmoqda.

AQSh hokimiyatiga Tramp kelganidan keyin, u bilan eng ko‘p uchrashgan siyosatchi – Netanyahu bo‘ldi. Ular jami to‘rt marta ko‘rishishdi. Shu yilning fevral oyida Tramp g‘azoliklarni ko‘chirib, bu yerni “Yaqin Sharq Riviyerasiga aylantirish” haqida gapirdi. Ya’ni G‘azoni g‘azoliklardan tozalab, Isroilga tortiq qilish loyihasini ilgari surdi. Bu g‘oya Isroilni yanada ilhomlantirdi, genotsid kuchaydi. Biroq bu genotsidning dahshatidan Isroilga moyil bo‘lgan G‘arb jamiyatlari ham shokka tushdi. Kollektiv G‘arb Isroilning genotsidi sabab, ikkiga bo‘lindi. Ko‘plab G‘arb davlatlari yaqinda Falastinni davlat sifatida tan olishdi. Bu bilan Isroilning genotsidiga “yo‘q, biz sen bilan emasmiz!” degandek bo‘lishdi.

Ammo, bu Isroilni to‘xtatmadi, aksincha, tezlashtirdi. Isroil “dunyo tanqid qilaveradi, bir yildan keyin hech kim eslamaydi ham...” deya, qirg‘inni davom ettirmoqda.

Bugun dunyoda Isroilga nisbatan global jamoatchilik fikri shakllanib bo‘ldi. Isroilning maqsadi tinchlik va qo‘shnilar bilan tarixiy kelishuvga erishish emas, aksincha, hukmronlik qilish va hammani o‘ziga bo‘ysundirish, o‘z xavfsizligini mutlaqlashtirish ekani ma’lum bo‘ldi. Isroil harbiy kampaniyani yutish bilan birga, tarixiy va siyosiy kampaniyani to‘liq yutqazib bo‘ldi.

Ushbu ikki yil falastinliklar uchun ulkan fojialarga to‘la bo‘ldi. Lekin dunyo, jumladan G‘arbning ham aksariyat qismi Falastin tarafga o‘tdi. Bu – Isroilning g‘alabasi emas, mag‘lubiyatidir.

Falastin hozircha to‘laqonli davlat sifatida mavjud emas, biroq G‘azodagi kabi genotsidlardan so‘ng, insoniyat Falastin davlatchiligini ertami-kechmi tashkil qilishni o‘zining insoniylik burchi sifatida ko‘rishga majbur bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid