Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Misr 6 oktyabr kuni Isroil va HAMAS muzokaralari o‘tkazilishini e’lon qildi
Isroil va HAMAS delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar 6 oktyabr kuni Misrda bo‘lib o‘tadi. Qohiradagi Tashqi ishlar vazirligi unda isroillik garovga olinganlar va falastinlik asirlarni ozod qilish tafsilotlari muhokama qilinishini bildirdi.
Foto: Gehad Hamdy/dpa
Misr 6 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi doirasida G‘azo sektoridagi isroillik garovga olinganlarni falastinlik asirlarga almashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Isroil va Falastinning HAMAS tashkiloti vakillarini taklif qildi. Kutilayotgan muzokaralar Trampning G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni to‘xtatish rejasidan kelib chiqqan «mintaqaviy va xalqaro sur’atni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismidir», deb xabar qildi Qohiradagi Tashqi ishlar vazirligi 4 oktyabr, shanba kuni kechqurun.
Uchrashuv joyiga aniqlik kiritilmagan. Isroilning Ynet nashri va boshqa bir qancha OAV xabariga ko‘ra, u Sharm ash-Shayxda bo‘lib o‘tadi. CNN Arabic esa Qohirani manzil sifatida ko‘rsatadi. Shuningdek, u manbalarga tayanib, Isroil delegatsiyasiga strategik rejalashtirish vaziri va bosh vazir Binyamin Netanyahuning ishonchli vakili Ron Dermer boshchilik qilishini ham qayd etdi.
Tramp, o‘z navbatida, G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS Oq uy taklif qilgan rejaga roziligini tasdiqlashi bilanoq kuchga kirishini ma’lum qildi. Binyamin Netanyahu HAMASni va G‘azo sektorini diplomatik yoki harbiy yo‘l bilan qurolsizlantirish niyatini bildirdi. «Bu oson yoki qiyin yo‘l bilan erishiladi, lekin shunday bo‘ladi», deb ta’kidladi Isroil bosh vaziri.
Xamaschilar, agar «almashinuv uchun zarur shartlar bajarilsa», «prezident Tramp tomonidan taklif qilingan almashinuv formulasiga muvofiq» omon qolgan barcha garovga olinganlar va o‘lganlarning jasadlarini Isroilga topshirishga rozi bo‘ldi. «Harakat ushbu kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun vositachilar orqali zudlik bilan muzokaralarni boshlashga tayyorligini tasdiqlaydi», — deyiladi guruh xabarida.
HAMAS, shuningdek, G‘azo sektori boshqaruvini «Falastin milliy konsensusi hamda arab va islom ko‘magi asosida» mustaqil organga o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Biroq, guruh vakillari qurolsizlanish rejasini muhokama qilmadi. Qatardagi HAMAS yetakchilari AQSh prezidenti tashabbusining ayrim shartlarini o‘zgartirishni talab qildi.
Mavzuga oid
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
12:34 / 02.12.2025
O‘zbekiston va Misr Sayfiddin Qutuz haqida qo‘shma film suratga oladi
08:29 / 01.12.2025