Jahon | 10:55 / 07.10.2025
3118
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Ukrainada Rossiya tomonida 5000 ga yaqin kubalik jang qilmoqda

Donald Tramp ma’muriyati BMTning Kubaga qarshi savdo embargosini bekor qiluvchi rezolyutsiyasini bloklashga urinmoqda. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Havana Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.

Foto: Natacha Pisarenko/AP/TASS

AQSh rasmiylari o‘z diplomatlariga ittifoqchilarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Kubaga nisbatan uzoq yillik savdo embargosini bekor qilishga qaratilgan rezolyutsiyasiga qarshi ovoz berishga chaqirishni buyurdi. Bunday qarorga qarshi dalil sifatida AQSh minglab kubaliklar Ukrainaga qarshi urushda rus qo‘shinlari bilan birga jang qilayotganini ko‘rsatadigan o‘z ma’lumotlarini keltirmoqda. Bu haqda 6 oktyabr, dushanba kuni Reuters agentligi AQSh Davlat departamentining 2 oktyabrdagi ichki xabariga tayanib xabar berdi.

«Shimoliy Koreyadan keyin Kuba Rossiya agressiyasi uchun xorijiy qo‘shinlarning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi: Ukrainada taxminan 1000-5000 kubalik jang qilmoqda», deyiladi telegrammada. Davlat departamenti Reuters agentligiga kubalik yollanma askarlar haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi, biroq uning vakili ta’kidlashicha, orol hukumati «o‘z fuqarolarini Rossiya-Ukraina urushida piyoda sifatida foydalanishdan himoya qila olmagan».

Reuters xabariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Ukraina rasmiylari amerikalik qonun chiqaruvchilarni Rossiyaning Ukrainada jang qilish uchun kubalik askarlarni yollash ko‘lami oshib borayotgani haqida ogohlantirgan.

Bundan tashqari, Havanaga qarshi 20 ga yaqin ayblovlarni o‘z ichiga olgan hujjatda BMT rezolyutsiyasida Kuba muammolarida Vashingtonni «noo‘rin» ayblashi va bu muammoga mamlakat rasmiylarining «korrupsiya va malakasizligi» sabab bo‘lgani ta’kidlangan. Tramp ma’muriyati AQShning dunyo bo‘ylab o‘nlab vakolatxonalariga telegramma yubordi, deb xabar bermoqda Reuters.

AQShning Kubaga qarshi embargosini bekor qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1992 yildan beri har yili mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. 2024 yilda 187 davlat uni qo‘llab-quvvatladi, faqat AQSh va Isroil qarshi chiqdi, Moldova esa betaraf qoldi.

Qaror qonuniy kuchga ega emas. Ovoz berishdan maqsad Vashingtonga xalqaro siyosiy bosimni namoyish etish. Havanaga qarshi savdo embargosini faqat AQSh Kongressi bekor qilishi mumkin. 2025 yil yanvarida prezidentlikka kelganidan beri Donald Tramp Kubaga bosimni kuchaytirdi va uni terrorizm homiysi bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga qaytardi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid