Jahon | 12:18 / 07.10.2025
3048
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShda budjet inqirozi tufayli ishdan bo‘shatishlar haqida ma’lum qildi

AQSh prezidenti Kongressda davom etayotgan budjet blokadasi tufayli davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatish boshlanganini e’lon qildi. U ish o‘rinlarining yo‘qolishida demokratlarni aybladi.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp hukumat faoliyati to‘xtatilishi munosabati bilan federal amaldorlarni ishdan bo‘shatish boshlanganini e’lon qildi. 5 oktyabr, yakshanba kuni Vashingtondagi Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp: "Yakuniy ishdan bo‘shatish jarayoni allaqachon boshlangan", dedi.

«Bularning barchasi demokratlar tufayli. Demokratlar ko‘p ish o‘rinlarining yo‘qolishi uchun javobgardirlar», deya qo‘shimcha qildi respublikachi. U ishdan bo‘shatish tafsilotlarini ochiqlamasdan mavzuni keskin o‘zgartirdi.

Budjetni muzlatib qo‘yish, shatdaun tufayli taxminan 750 000 federal xodim majburiy to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilgan. Havo harakatini boshqarish, politsiya, chegarani himoya qilish va tez tibbiy yordam xizmatlarini o‘z ichiga olgan asosiy xizmatlar uchun istisnolar mavjud. Tramp dastlab agar shatdaun davom etsa, ommaviy ishdan bo‘shatishlar bilan tahdid qilgan.

Kongress yana vaqtinchalik budjet bo‘yicha kelisha olmaganidan so‘ng, 1 oktyabr kuni shatdaun rasman boshlandi. O‘shandan beri respublikachilar va demokratlar yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qolgan. Muxolifat vakillari kam ta’minlangan fuqarolar uchun Obamacare tibbiy sug‘urta dasturini hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda murosaga bormasligini aytdi.

Mavzuga oid