Jahon | 21:07 / 09.10.2025
5550
9 daqiqa o‘qiladi

«67 ming qurbon» – G‘azodagi Isroil genotsidining ikki yilligi raqamlarda

So‘nggi 24 oy ichida Isroil harbiy hujumlari oqibatida G‘azo aholisining 10 foizidan ko‘prog‘i o‘ldirildi yoki yaralandi. Sektorda uylar, maktablar, shifoxonalardan iborat qariyb 80 foiz binolar vayron qilingan. Yaqin Sharqda ilk marta inson qo‘li bilan yaratilgan ocharchilik yuzaga keldi. G‘azoda so‘nggi 2 yilda I va II jahon urushini qo‘shib hisoblaganidan ham ko‘proq jurnalistlar o‘ldirildi.

2023 yil 7 oktabr kuni Hamasning qurolli qanoti – Al-Qassam brigadalari va boshqa falastinlik guruhlar Isroilning uzoq yillik zulmlariga javoban janubiy Isroilga hujum uyushtirdi. Rasmiy Tel-Avivga ko‘ra, o‘sha kuni 1 ming 139 kishi halok bo‘lgan, taxminan 240 kishi esa garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan. Bunga javoban, Isroil G‘azoni bombardimon qilishni boshladi va 16 yil davom etgan qamaldan keyin sektorning blokadasini yanada kuchaytirib, uni to‘liq blokadaga oldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Al-Jazeera tahlilchilari butun dunyoning larzaga solgan urush jinoyatining qurbonlari haqida raqamlarni jamladi.

Ikki yil davom etgan Isroil hujumlari kamida 67 ming falastinlikni o‘ldirgan. Yana minglab odamlar vayronalar ostida qolgan. Bu – har 33 kishidan biri, ya’ni urushgacha bo‘lgan aholining taxminan 3 foizi halok bo‘lganini anglatadi.

Foto: CNN

O‘ldirilganlar orasida kamida 20 ming bola bor. Demak, oxirgi 24 oy ichida har soatda bitta bola o‘ldirilgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim holatlarini kasalxonaga olib kelingan yoki rasmiy ro‘yxatga olingan odamlar asosida sanaydi. Haqiqiy raqamlar esa noma’lum, ehtimol ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiy hisobda vayronalar ostida qolgan yoki bedarak yo‘qolganlar yo‘q.

Omon qolganlarning fojiasi

G‘azo sektorida 169 mingdan ortiq kishi yaralangan, ko‘plarining tan jarohatlari umrboqiy nogironlikka sabab bo‘lgan.

UNICEF hisob-kitobiga ko‘ra, G‘azoda 3–4 ming bola bir yoki ikkala oyoq-qo‘lini yo‘qotgan. G‘azodagi oz sonli sog‘liqni saqlash muassasalari dori-darmon, jihoz va narkoz tanqisligidan og‘ir ahvolda ishlamoqda.

Isroil shu muddat ichida G‘azodagi deyarli barcha shifoxona va tibbiy markazlarga hujum qilgan. So‘nggi ikki yil ichida kamida 125 tibbiyot inshooti, jumladan 34 ta shifoxona zararlangan.

Isroil zarbalari va bombardimonlar oqibatida 1 722 nafar tibbiyot va humanitar xodim halok bo‘lgan.

Foto: AP

«Health Care Workers Watch» ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyul holatiga, Isroil kuchlari 28 nafar taniqli shifokorni, jumladan 18 nafar jarrohlik, narkoz, reanimatsiya va pediatriya bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni hibsda saqlamoqda. Bu esa G‘azoning vayron bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimida katta yo‘qotish hisoblanadi. Ulardan ikki nafar yetakchi shifokor qiynoqlar natijasida qamoqda vafot etgani, jasadlari esa haligacha berilmagani xabar qilingan.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil oktyabrdan beri G‘azodagi tibbiyot infratuzilmalariga 790 dan ortiq hujum qayd etilgan.

To‘rtinchi Jyeneva konvensiyasi, 18-22-moddalariga ko‘ra, shifoxonalar hujum nishoni bo‘lishi mumkin emas. Xalqaro jinoyat sudi Rim statutining 8-moddasi 2-bandiga binoan, shifoxonani ataylab nishonga olish – urush jinoyati hisoblanadi.

Inson qo‘li bilan yaratilgan ocharchilik

Isroil harbiy cheklovlar orqali G‘azoga yordam kirishini to‘xtatib, oziq-ovqatni qurolli nazorat ostiga olish orqali ommaviy ochlikni yuzaga keltirdi. 2025 yil 22 avgust kuni BMT qo‘llovidagi IPC kuzatuv guruhi G‘azoda rasmiy ocharchilik e’lon qildi — bu Yaqin Sharq tarixidagi birinchi holat hisoblanadi.

Shu kungacha sektorda kamida 459 kishi, jumladan 154 bola inson qo‘li bilan yaratilgan ocharchilikdan halok bo‘lgan.

Foto: Anadolu

IPC ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi paytda G‘azo shahrida ocharchilik mavjud va u Deir al-Balah va Xon Yunus viloyatlarigacha kengayishi kutilmoqda. Aholining uchdan biri – 641 ming kishi «katta ofat» darajasida yashamoqda.

Bolalar orasida o‘ta to‘yib ovqatlanmaslik keskin oshgan: faqat iyul oyining o‘zida 12 mingdan ortiq bolada «o‘tkir ozish» holati qayd etilgan — bu yil boshidagidan olti baravar ko‘p. Har to‘rt boladan biri o‘ta ozg‘in, har besh chaqaloqdan biri esa muddatidan oldin yoki kam vaznda tug‘ilmoqda.

27 may kuni AQSh va Isroil qo‘llovidagi Gaza Humanitarian Foundation (GHF) yordam operatsiyalarini BMTdan mustaqil olib borishni boshladi. Natijada o‘ta xavfli taqsimot tizimi joriy etildi.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, GHF tarqatish joylarida oziq-ovqat olishga uringan 2 600 dan ortiq kishi o‘ldirilgan, 19 mingdan ortiq kishi yaralangan — ularni Isroil askarlari va GHFda ishlaydigan xususiy xavfsizlik xodimlari otgan. Isroillik askarlardan biri bu joylarni «o‘ldirish maydoni» deb atagan, Isroil OAVlari ham yordam olish joylarida askarlarga «otish buyrug‘i berilganini» tasdiqlagan.

Suv, infratuzilma va vayrona shaharlar

2023 yil oktyabrdan beri Isroil G‘azoning suv infratuzilmasini maqsadli yo‘q qildi – quduqlar, quvurlar, sho‘r suvni tozalovchi zavodlar va oqova tizimlariga zarbalar berilgan.

BMT ekspertlariga ko‘ra, sektor suv va sanitariya tarmog‘ining 89 foizi vayron qilingan, natijada 96 foizdan ortiq oilalar ichimlik suvisiz qolgan.

Foto: Reuters

Bugun G‘azo aholisining yarmi ichish va pishirishda foydalanish uchun – kuniga 6 litrdan kam suv bilan yashamoqda. Aholining 28 foizi esa 9 litrdan kam suvdan foydalanadi. Bu raqamlar dahshatli. Chunki, «qisqa muddatli tirik qolish» uchun zarur me’yorning o‘zi 20 litr. G‘azodagi holat esa 2 yildan oshdi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, avgust holatiga barcha uylarning 92 foizi va tijorat binolarining 88 foizi vayron bo‘lgan. Joriy yil iyulga kelib, BMTning UNOCAT dasturi G‘azodagi barcha inshootlarning 78 foizi yo‘q qilinganini tasdiqlagan.

Jahon bankining fevraldagi hisobotiga ko‘ra, sektorga yetkazilgan bevosita moddiy zarar 55 milliard dollarga teng. Bu – uylar, maktablar, shifoxonalar va infratuzilmaning to‘liq yo‘q qilinishini o‘z ichiga oladi.

Ta’lim tizimi

G‘azoda ta’lim tizimi butunlay qulagan. 658 ming maktab yoshidagi bola va 87 ming talaba endi o‘qish imkoniyatidan mahrum.

Kamida 780 nafar o‘qituvchi halok bo‘lgan, maktablarning 92 foizi butunlay qayta qurilish holiga kelgan.

Foto: UN

2 300 dan ortiq ta’lim muassasasi, jumladan 63 universitet binosi yo‘q qilingan. Qolganlari esa ko‘chirilganlar uchun boshpana sifatida ishlatilmoqda.

Qamoqlardagi minglab falastinliklar

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 10 ming 800 dan ortiq falastinlik Isroil qamoqxonalarida saqlanmoqda, ularning 450 nafari bola, 87 nafari ayol.

Ularning ko‘plari G‘azoda va G‘arbiy Sohilda o‘tkazilgan reydlar paytida qo‘lga olingan. Xususan, 3 mingdan ortiq insonlar hech qanday ayblovsiz, «maxfiy dalillar» asosida ma’muriy hibsda ushlab turilibdi.

G‘azo — jurnalist bo‘lish eng xavfli joy

2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoda 250ga yaqin jurnalist va media xodimlari o‘ldirilgan. G‘azoga xorijiy OAVlarga kirish taqiqlangan, faqat Isroil armiyasi bilan yuruvchi ayrim muxbirlar qat’iy senzura ostida hududga kiritiladi.

Foto: Anadolu

BMTning so‘z erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Iren Xan bu kampaniyani falastinlik jurnalistlarning «ovozini o‘chirish» deb atagan:

«Avval Isroil jurnalistni obro‘sizlantiradi, uni terrorizmda ayblaydi, keyin esa o‘ldiradi. Bu faqat jurnalistni emas, haqiqatning o‘zini o‘ldirishdir», — dedi u.

Braun universitetining "Cost of War" loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda so‘nggi ikki yilda – Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari, Koreya, Vetnam va Afg‘onistondagi urushlardan ko‘ra ko‘proq jurnalist o‘ldirilgan.

Foto: Al-Jazeera

Sulh umidi

Bugunga qadar G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha kelishilgan ko‘plab harakatlar besamar ketdi. Lekin, Isroilga yagona ta’sir kuchiga ega davlat – AQSh prezidenti Donald Tramp ishlab chiqqan urushni tugatish rejasi hozircha eng umidli bo‘lib turibdi. Xususan, 8 oktyabr kuni Misrdagi muzokaralarni yakunlagan Hamas-Isroil rasmiylari uzoq kutilgan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi

Mavzuga oid