O‘zbekiston 2025 yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez o‘sayotgan beshta mamlakat qatoriga kirishi mumkin. Bu haqda Jahon banki e’lon qilgan “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: bandlik va farovonlik” hisobotida so‘z boradi.
YeMO mintaqasi iqtisodiyoti o‘sishi
YeMO mintaqasi iqtisodiyotlari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari ketma-ket uchinchi yil eng yuqori bo‘lib qolmoqda. Prognozlarga ko‘ra, ushbu submintaqada 2025 yilda o‘sish 5,9 foizni tashkil etadi. O‘sishga Qozog‘istonda neft qazib olishning ko‘payishi, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi, shuningdek, submintaqa mamlakatlarida davlat va xususiy investitsiyalarining ko‘payishi yordam beradi.
Hisobotda keltirilishicha, 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshib, 8,2 milliard dollarni tashkil etdi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda Markaziy Osiyoda o‘sish 5 foizgacha sekinlashadi. Shunga qaramay, submintaqa mamlakatlari Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, jumladan, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz, G‘arbiy Bolqon submintaqalari, shuningdek, Rossiya va Turkiya bilan taqqoslaganda YaIM o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi o‘rinni saqlab qoladi.
O‘zbekiston 2025 va 2026 yillarda YeMO mintaqasida eng yuqori o‘sish sur’atlariga ega beshta iqtisodiyot qatorida qolishi kutilyapti. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2025 yilda 6,2 foizni, 2026 yilda esa 6 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Qayd etish lozim, Jahon bankining iyun oyidagi hisobotida O‘zbekiston YaIM 2025 yilda ham, 2026 yilda ham 5,9 foizga o‘sishi prognoz qilingan. Yangi hisobotda ushbu kutilmalar ijobiy tomonga qayta ko‘rib chiqilgan.
Jahon bankining qayd etishicha, YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha Qirg‘iziston yetakchilik qiladi: 2025 yilda 9,2 foiz, 2026 yilda 6,5 foizlik o‘sish kutilmoqda.









