Jahon | 22:47 / 09.10.2025
9986
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp G‘azodagi urush tugaganini e’lon qildi

AQSh prezidenti endi G‘azo qayta qurilishini aytdi.

Foto: Samuel Corum/UPI/Shutterstock

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorida urush tugaganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi navbatda Ukraina turibdi.

«Yodingizda bo‘lsa, biz yettita mojaroni hal qildik. Bu sakkizinchi. Hammadan ham Rossiya-Ukraina osonroq bo‘ladi deb o‘ylagandim. O‘ylaymanki, bu ham sodir bo‘ladi», dedi Tramp jurnalistlarga Amerika hukumati yig‘ilishida.

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, shu hafta oxirida Misrga yetib boradi va G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha to‘liqroq kelishuv imzolanadi. Shuningdek, u ikki yil oldin HAMAS tomonidan garovga olingan barcha isroilliklarni dushanba-seshanba kunlari ozod qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidenti G‘azo to‘liq qayta qurilishini e’lon qildi.

«Bu mintaqada ba’zi mamlakatlar ulkan boyliklarga ega... Ular qiladigan ish G‘azo uchun mo‘jiza bo‘ladi», dedi Tramp.

8 oktyabr kuni Tramp Isroil va HAMAS G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzolaganini ma’lum qilgan. Bu kelishuv deyarli darhol barcha garovga olinganlarni ozod qilishni va Isroil qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqa olib chiqishni nazarda tutadi.

9 oktyabr kuni Reuters nashri Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolaganini e’lon qildi. Muzokaralar Sharm ash-Shayx kurort shahrida Misr, Qatar va AQSh vositachiligida bo‘lib o‘tgan. Kelishuv zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan qisman olib chiqishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid