Jahon | 20:15 / 10.10.2025
4447
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Trampga Nobel mukofoti berilmaganini «siyosatni tinchlikdan ustun qo‘yish» deb baholadi - OAV

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti venesuelalik muxolifatchi ayolga berildi. Tramp ushbu mukofotga ochiqchasiga intilgan, tinchlikparvarlik harakatlari haqida ko‘p gapirgan va agar mukofotni olmasa, «AQSh uchun katta haqorat» bo‘lishini aytgan edi.

Foto: The Washington Post

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nobel qo‘mitasi venesuelalik muxolifatchi Mariya Korina Machadoga tinchlik mukofotini berish orqali «siyosatni tinchlikdan ustun qo‘yganini» aytdi, deb yozdi The Washington Post.

Kommunikatsiyalar bo‘yicha direktor Stiven Chung so‘zlariga ko‘ra, prezident Tramp tinchlik shartnomalari tuzishda, urushlarni to‘xtatishda va odamlar hayotini saqlab qolishda davom etadi. Bayonotda Nobel mukofoti g‘olibi ham, Qo‘shma Shtatlar tomonidan rejalashtirilgan javob ham tilga olinmagan.

Nashrning ta’kidlashicha, Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ochiqchasiga intilgan, tinchlikparvarlik harakatlari haqida ko‘p gapirgan va agar mukofotni olmasa, «mamlakat uchun katta haqorat» bo‘lishini aytgan. 9 oktyabr kuni Isroil va HAMAS Tramp tomonidan kelishuvga qat’iy chaqirilganidan keyin o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.

The Washington Post nashrining yozishicha, laureatning e’lon qilinishi va uning Norvegiya uchun ehtimoliy oqibatlari Norvegiya ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylangan. NRK milliy teleradiokompaniyasi AQSh Norvegiyani jazolash-jazolamasligini muhokama qildi, TV2 telekanali esa mukofotning boshqa odamga berilishi «Trampga nisbatan haqorat» sifatida qabul qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Oslo universiteti siyosatshunoslik professori Benedikt Bullning aytishicha, bu yil Norvegiyada «qo‘rquv kayfiyati» hukm surmoqda, mukofotning boshqa odamga berilishi AQSh prezidenti tomonidan sanksiyalarning qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.

Ba’zi norvegiyalik qonun chiqaruvchilar va sobiq diplomatlar mukofot e’lon qilinishidan oldin ham xavotir bildirgan edi. Sotsialistik so‘l partiya yetakchisi Kristi Bergstyo Tramp qo‘mitaning hukumatdan mustaqilligini bilishiga ishonchi komil emasligini aytdi. Sobiq tashqi ishlar vaziri Yan Petersen Norvegiya rasmiylari AQSh reaksiyasiga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Norvegiya avval ham Nobel qo‘mitasi qarorlari tufayli salbiy munosabatlarga duch kelgan - 2010 yilda xitoylik dissident Lyu Syaoboga mukofot berilgandan keyin Xitoy ushbu davlat bilan bir necha yilga diplomatik aloqalarni uzdi. Norvegiya rasmiylari qo‘mita qarorlarni mustaqil qabul qilishini ta’kidlamoqda, OAV esa laureat G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinishidan oldin ham tanlangani haqida xabar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid