Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Anglesey Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazi faoliyati bilan tanishdi.
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxona “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatadi.
Korxona 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 49 ming kvadrat metr hududiga ombor joylashtirilgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiyadan keltirilgan.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega. Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud. Shu bois, mahsulotlar turiga qarab muzlatkichda, past haroratli sovitish kameralarida hamda quruq joyda saqlanadi.
Shuningdek, markazda tunu kun ishlovchi 96 ta sinov usuliga ega maxsus laboratoriya barpo etiladi. 1 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

- So‘nggi sakkiz yilda 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kirib keldi, bu qanchadan qancha zavod va korxonalarga aylandi. Bugun ham yana bir katta loyiha - yangi xalqaro aeroport qurilishini boshladik. Unga Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Koreya investitsiya kirityapti. Bu o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. Bu - mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan katta ishonch belgisi, deb ta’kidladi prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi tashkil etildi.
Prezident loyihaning istiqboli, u yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shu yerda loyihaga rasman start berildi. Korxona 21 gektar hududda joylashgan. Qiymati 90 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.
Markaziy Osiyodagi sanoqli korxonalar sirasiga kiruvchi bu majmua AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ishlab chiqarish jarayoni esa to‘liq raqamlashtirilgan.
Korxona quvvati bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Ilk bosqichda yiliga 600 million dona, keyingi bosqichlarda esa 1,1 milliard va 2,2 milliard dona alyumin qadoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki mintaqaviy miqyosda raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini ham yaratadi.

Loyihaning ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.
Mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkaziladi. E’tiborlisi, korxonadagi barcha loyihalar to‘liq ishga tushishi bilan 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Budjet uchun esa salmoqli soliq tushumlari ta’minlanadi.
Prezidentga “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida axborot berildi.
Mas’ullar sanoat zonasining umumiy rivojlanish strategiyasi, mahalliylashtirish, raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qilingan ishlar xaqida ma’lumot berdi.
Bu yerda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yo‘nalishlarida jami 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbariga ularning 28 tasi taqdimot qilindi. Yaqin istiqbolda amalga oshadigan ushbu tashabbuslar amalga oshishi natijasida 7 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ular nafaqat iqtisodiy samara, balki yangi ish o‘rinlari, eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish orqali ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qilishi qayd etildi.
Mavzuga oid
08:41
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
18:21 / 03.12.2025
Toshkentda tirbandlikni kamaytirish maqsadida yo‘l harakatini tashkil etish markazi ochiladi
11:34 / 03.12.2025