Jahon | 16:02 / 16.10.2025
1385
3 daqiqa o‘qiladi

Fon der Lyayyen Serbiyadan YeIga a’zolik yo‘lida «aniq qadamlar»ni kutmoqda

Serbiya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida «aniq qadamlar» qo‘yishi kerak, dedi YeK rahbari Ursula fon der Lyayyen. U, shuningdek, Belgradni tashqi siyosatini, jumladan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada yaqinroq muvofiqlashtirishga chaqirdi.

Foto: Amir Hamzagic/Anadolu Agency/IMAGO

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Serbiyani Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida, jumladan, qonun ustuvorligini ta’minlash, saylov tizimini isloh qilish va ommaviy axborot vositalari erkinligi yo‘lida «aniq qadamlar» qo‘yishga chaqirdi. Bu haqda u 15 oktyabr, chorshanba kuni Belgradda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Biz tashqi siyosatimizni, shu jumladan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ham yaqinroq muvofiqlashtirishimiz kerak», dedi fon der Lyayyen, uning so‘zlarini AFP agentligi keltirgan.

Yevrokomissiya rahbarining qayd etishicha, YeIga kirish uchun zarur bo‘lgan islohotlar «sabr va matonat»ni talab qiladi. U, shuningdek, Vuchichni yanada inklyuziv yondashuvni davom ettirishga, «barqaror va tinch jamiyat» uchun poydevor qo‘yishga chaqirdi.

Yanvar oyida AQSh Rossiyaning «Gazprom neft» kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. "Gazprom"ga aloqador kompaniyalar Serbiya neftni qayta ishlash zavodi "Serbiya neft industriyasi" (NIS)ning nazorat paketiga ega. Bir necha oy davomida AQSh Moliya vazirligi NIS'ga ushbu sanksiyalar amal qilishi bo‘yicha vaqt berdi, biroq 9 oktyabrda bu vaqt to‘xtatilishi e’lon qilindi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, NIS Serbiyaning benzin va dizelga bo‘lgan ehtiyojining 80 foizini qondiradi va butun mamlakat bo‘ylab taxminan 350 yonilg‘i quyish shoxobchalarini yonilg‘i bilan ta’minlaydi. Kompaniya odatdagidek ishlashda davom etishini va benzin sotib olishda hech qanday cheklovlar bo‘lmasligini ma’lum qildi. Agar Master Card va Visa to‘lov kartalari NIS shoxobchalarida qabul qilinmasa, mijozlar naqd pulda, Serbian Dina kartalari va boshqa muqobil to‘lov usullari bilan to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Serbiya "Yanaf" quvuri orqali Xorvatiyadan xom neft oladi. 8 oktyabr kuni "Yanaf" kompaniyasi AQSh hukumati Serbiyaga xom neft tashish litsenziyasini 15 oktyabrgacha uzaytirganini e’lon qildi. «Biroq, NIS'ga qo‘shimcha yuklarni qabul qilishga ruxsat berilishi hozircha noma’lum», — deya ta’kidlaydi Reuters.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid