Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil garovga olinganlarning jasadi qaytarilgunga qadar «Rafah» punktini ochmaydi
Ayni paytda G‘azoda halok bo‘lgan isroillik garovga olinganlarning 18 jasadi qolmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Misr va G‘azo sektori o‘rtasidagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktini «keyingi ogohlantirishgacha» ochmaslikni buyurdi. Uning idorasida aytilishicha, nazorat-o‘tkazish punkti «HAMAS halok bo‘lgan garovga olinganlarni qaytarish va kelishilgan rejani amalga oshirish bo‘yicha o‘z ishi bir qismini qanday bajarishiga qarab» ochiladi. Ayni paytda G‘azoda halok bo‘lgan isroillik garovga olinganlarning 18 jasadi qolmoqda.
Avvalroq Falastinning Misrdagi elchixonasi o‘tish joyi 20 oktyabr kuni ochilishini ma’lum qilgandi. Bu Misrda yashovchi falastinliklarga G‘azo sektoriga qaytish imkonini beradi. Chegara asosan 2024 yil may oyidan beri yopiqligicha qolmoqda.
«Rafah» nazorat-o‘tkazish punktining ochilishi va tirik va o‘lik garovga olinganlarning qaytarilishi G‘azo sektorida tinchlikka erishish bo‘yicha «Tramp rejasi»ning bir qismi bo‘lib, Isroil ham, HAMAS ham bunga rozi bo‘lgan.
HAMAS G‘azoda qolgan isroilliklarning jasadini 13 oktyabr kuni - so‘nggi tirik garovga olinganlar qo‘yib yuborilganidan keyin qaytarishni boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda G‘azoda 18 kishining jasadi saqlanmoqda: 15 nafar isroillik, ikki nafar Tailand fuqarosi va Tanzaniya fuqarosi. Avvalroq HAMAS jasadlarning bir qismi vayronalar ostida qolganini va ularni qidirish uchun qo‘shimcha vaqt va maxsus texnik vositalar kerakligini aytgandi.