Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putinga «ovozini ko‘targan» Tramp, Kremlga borgan Jo‘laniy - hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun, 19 oktyabr, yakshanba. Biz kecha, 18 oktyabr kuni Samarqandda shahrimiz kunini nishonladik. Yangi ijtimoiy obektlar ochildi, katta futbol uchrashuvi o‘tkazildi, hamma yerda bayram bo‘ldi. Odatda odamlarimiz ko‘p rasmiy bayramlarni shunchaki dam olish kuni sifatida o‘tkazishadi, lekin Samarqandda shahar kunini o‘zgacha kutib olishadi. Chunki ko‘hna Samarqand yaxshi ko‘rishga munosib, ajoyib, romantik shahar.
Oxirgi vaqtlarda bir tunnel qurilishi cho‘zilib ketgani, ba’zi ko‘chalarda bir tomonlama harakat tashkil qilingani sabab yuzaga kelayotgan tirbandliklarni hisobga olmasa, shahrimizda hayot sezilarli yaxshilanmoqda. Savdo markazlari, do‘konlar, bozorlarda odamlar ko‘p-ko‘p savdo qilayotganini ko‘rsam, juda xursand bo‘laman. Chunki odamlarimizda xarid qobiliyati oshmoqda. Bu gapni butun O‘zbekiston haqida aytsak bo‘ladi. Barcha shaharlarimiz bundan-da obod bo‘laversin. «Dom»lar kamroq qurilib, ko‘proq xiyobonlar, ijtimoiy obektlar ochilsin. Biz doimgidek hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni birgalikda eslaymiz.
Sulh amalda (hozircha)
Oldingi hafta Isroil va HAMAS AQSh prezidenti Trampning bosimi bilan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Oradan bir hafta o‘tdi, hozircha ikki tomon ham kelishuvni buzgani yo‘q. HAMAS Isroilga tirik qolgan yigirma asirni qaytarib bo‘ldi. Biroq o‘lib qolgan asirlar jasadini qaytarish muammo bo‘lmoqda. HAMAS birinchi partiyada Isroilga qaytargan to‘rt asir jasadidan biri isroillik emas, g‘azolik odamga tegishli bo‘lib chiqdi.
HAMAS qolgan jasadlarni qaytarish uchun maxsus texnika kerak bo‘lishi, guruh qo‘lida bor barcha jasadlarni qaytarib bo‘lganini ma’lum qildi. AQSh va Isroil HAMASga jasadlarni qaytarmasa, urushni qaytalash bilan tahdid qildi. Hozircha bu tortishuv tahdid bilan cheklandi. Balki Isroil maxsus harbiy texnikalari bilan jasadlarni topishga yordam berar.
Jo‘laniy Kremlda
Suriyaning o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shar’a hafta davomida Moskvaga borib, Putin bilan uchrashdi. Jangovar nomi Abu Muhammad al Jo‘laniy bo‘lgan sobiq qo‘mondon oxirgi yillarda dunyo siyosatidagi eng unikal davlat rahbari. Axir yaqingacha amerikaliklar uning kallasi uchun falon million dollar pul taklif qilayotgandi. Jihodchi guruhlar yordamida diktator Asadni ag‘dargan Jo‘laniy qora ro‘yxatdan chiqib, katta odam bo‘lib ketdi: Tramp bilan, Putin bilan ko‘rishdi.
Qo‘l ostidagi guruhlar Rossiyaga o‘zgacha nafrat bilan Bashar Asadni ag‘dargani hisobga olinsa, uning Kremlga borishi o‘zgacha voqea bo‘ldi. Jo‘laniyning okopdagi quroldoshlari uning Putin bilan uchrashuviga qanday munosabat bildirar ekan, shunga qiziqyapman.
Xullas, Jo‘laniy Kremlga ag‘darilganidan keyin xotin bola-chaqasini olib Moskvaga qochgan Bashar Asadni so‘rab borgani aytilmoqda. Lekin men bunga ishonmayman. Chunki Vladimir Putin hech qachon uning davlatida jon saqlash uchun qochib borgan qaysidir davlat rahbarini topshirmasligini bilish uchun prezident bo‘lish shart emas.
Tashrifda katta ehtimol Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazasini saqlab qolish masalasi muhokama qilingan. Balki evaziga Asadning qanchadir miqdordagi o‘margan pullarini olish maqsad qilingandir. Umuman olganda, Jo‘laniyning Kremlga borishining o‘zi jiddiy voqea bo‘ldi.
Tramp Zelenskiy bilan ko‘rishdi
Hafta davomida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonda Donald Tramp bilan ko‘rishdi. Endi bu ikki siyosatchi uchrashganidan keyin ular urushdimi, yo‘qmi degan savolga javob berishga majburmiz. Yo‘q, bu gal Zelenskiy Oq uyda to‘polon ko‘tarmadi. Ikki yetakchi Ukrainaga olis masofaga uchadigan Tomahawk raketasini berish masalasini muhokama qilgan. Aftidan, Tramp Kiyevga hozircha bu jiddiy qurolni bera olmasligini tushuntirgan.
Zelenskiy uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan gaplashib, shunga ishora qiladigan gap aytdi. Shuningdek, Zelenskiy ular Putin bilan bir-biridan nafratlanishini aytdi. «Boshqacha bo‘lishi mumkinmi?» dedi Ukraina prezidenti. Yo‘q, boshqacha bo‘lishi mumkin emas, janob Zelenskiy.
Ikkinchi urinish
Zelenskiy bilan uchrashuv kuni Tramp keyinroq Rossiya prezidenti Putin bilan ham uchrashishi ma’lum bo‘ldi. Ular ishtirokidagi ikkinchi uchrashuv Putinning do‘sti Viktor Orban boshchiligidagi Mojaristonda bo‘ladi.
Tramp va Putin respublikachi AQSh prezidentligiga qaytganidan keyin ilk marta Alyaskada uchrashgan, o‘sha suhbatdan hech qanday naf chiqmagandi. Aftidan, Tramp ikkinchi uchrashuvda endi Putinga bosim qilmoqchi ko‘rinadi.
Hafta muhokamasi: Tomahawk nimani o‘zgartiradi?
Tramp Zelenskiyni Vashingtonga chaqirib Kiyevga Tomahawk raketasini berish-bermaslikni ochiq muhokama qilgani, keyinroq Putin bilan ko‘rishmoqchi ekanining sababini taxmin qilish mumkin. Menimcha, Tramp shu tariqa Putinga namoyishkorona tarzda oxirgi ogohlantirish berdi. Janob Putin, agar bizning shartga ko‘nmasangiz, Ukrainaga jiddiy qurol beramiz, degandek.
Zelenskiy ham Vashingtonga safari davomida Trampdan bu qo‘rqinchi qurolni olib qaytolmasligini bilgan, lekin Kiyev hozir har qanday kichik imkoniyatdan foydalanishga harakat qilmoqda.
Xo‘sh, o‘zi bu Tomahawk raketalari jang maydonida nimanidir o‘zgartirishi mumkinmi? Hududiy masalada ko‘p narsani hal qilolmaydi. Ukraina 3-4 ta shunaqa raketadan Rossiyaga otsa, Donbassni ozod qilolmaydi. Lekin strategik jihatdan bu qurolning Rossiyaga nisbatan ishlatilishi vaziyatni o‘zgartiradi. Moskva katta ehtimol Tramp ma’muriyati bilan aloqani uzadi, Trampga ham Baydenga bo‘lgani kabi yov qarash boshlanadi. Va Tramp juda keskin qarorlar qabul qila olishini bilgan Moskva chindan urushga nisbatan qarashini o‘zgartirishi mumkin.
Girkinning hasrati
Igor Strelkov degan odam esingizda bo‘lsa kerak. Urush boshida bu odam haqida ko‘p gapirardik. Prigojin porlab chiqishidan avval rossiyalik urush tarafdorlarining yulduzi aynan Strelkov edi. U o‘zini Ukrainaga bosqinning start tugmasini bosgan odam deb hisoblaydi. Chindan uning qo‘l ostidagi harbiylar 2014 yil Donbassdagi urushni boshlab, chegarani birinchi kesib o‘tgan.
Urushning faol targ‘ibotchisi bo‘lgan FSB iste’fodagi zobiti Strelkov urush davomida Kremlni keskin tanqid qilgani fonida qamalgandi. Strelkov qamoqdan turib yaqinlariga urush haqida xat yozibdi. Uning aytishicha, urush davomida Ukraina kuchaygan, Rossiya esa orqaga ketgan, Rossiyada pul, askarlar tugayapti ekan. Shuningdek, Strelkov «navbatdagi vayronaga aylangan shaharni egallab dushmanni sindirish imkonsizligi, revolyutsiya muqarrarligini» aytgan.
Maduroni ag‘darishadimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp oxirgi vaqtlarda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni ag‘darishga juda qiziqib qoldi. Amerika nashrlarining yozishicha, Tramp Maduro ma’muriyati bilan birga ishlab bo‘lmaydi degan qarorga kelib, ular bilan muloqotni to‘xtatishni buyurgan. Shuningdek, Oq uy Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuelada prezident Maduroga qarshi maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat bergan. NYT’ga ko‘ra, Tramp jamoasi MRBga istalgan ko‘rinishda, «hatto o‘lim bilan tugaydigan» operatsiyalar o‘tkazishga ham ruxsat bergan.
AQSh Venesuela hukumatini narkotrafikka qarshi kurashmaslikda ayblaydi. Yaqinda amerikalik harbiylar dengizda bir qayiqni portlatib, ular narkotik olib ketayotganini bildirgandi.
Bangladeshda o‘qituvchilar qo‘zg‘oloni
Hafta davomida Bangladeshda o‘qituvchilar qo‘zg‘olon qildi. To‘rt kun davomida o‘qituvchilar politsiya istehkomini yorib o‘tib, shahar markazida to‘planishdi. Ular hukumatdan o‘qituvchilar uchun uy-joy sotib olish va ijara olishda, shuningdek, tibbiy xizmatlar uchun yordam berishni talab qilgan. Poytaxt Dakkadan tashqari Bangladeshdagi boshqa hududlarda ham o‘qituvchilar ish tashlash qilgan.
Hafta mish-mishi
Oxirgi vaqtlarda iqtisodiy xabarlardan ham ko‘proq siyosiy insaydlar yozishga zo‘r berayotgan Financial Times nashrining yozishicha, Alyaskadagi uchrashuv davomida AQSh prezidenti Tramp Rossiya prezidenti Putinga ovozini ko‘targan va uchrashuvni tugatib ketmoqchi bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, Trampga Putin unga o‘rta asrda yashagan knyazlar haqida gapirib bergani yoqmagan ekan. Putin Trampga tarix haqida va’z o‘qiganiga shaxsan men ishondim.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, aynan Alyaskadagi uchrashuv Trampning Putinga nisbatan fikri o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Tramp Putinga o‘t ochishni to‘xtatish evaziga sanksiyalari bekor qilish taklifini bildirgan, Putin rad etgan.
Putin «ruslar va ukrainlar bir millat ekani» haqida an’anaviy ma’ruzasini boshlagach, Tramp ovozini balandlatib, bunaqa davom etsa, muzokarani yakunlashini aytgan. Keyin baribir uchrashuv rejadagidan avvalroq yakunlangan, Tramp birga tushlik qilish rejasini bekor qilgan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
15:55 / 30.11.2025
Putinga «aql o‘rgatgan» Uitkoff, tozalash boshlagan Zelenskiy – hafta dayjesti
21:23 / 23.11.2025
Tramp va Amerika Ukrainani «sotmoqchi» - hafta dayjesti
19:18 / 16.11.2025
Ukraina pora botqog‘ida, Jo‘laniy Oq uyda - hafta dayjesti
20:47 / 09.11.2025