Jahon | 11:09 / 20.10.2025
4885
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishini to‘xtatdi

HAMASning hujumi ikki isroillik askarning hayotiga zomin bo‘ldi, shundan so‘ng TSAHAL o‘nlab obektlarga zarba berdi va G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishini to‘xtatdi.

Foto: Amir Cohen/REUTERS

Isroil xavfsizlik xizmatining anonim amaldori 19 oktyabr, yakshanba kuni axborot agentliklariga xabar berishicha, Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi

Gumanitar yordam yetkazib berish «keyingi bildirishnomaga qadar» to‘xtatildi, ammo Isroil rasmiylari hali bu haqda rasmiy e’lon qilmagan. Axios'ning AQSh rasmiysiga tayanib xabar berishicha, Isroil dushanba kuni ertalab Vashingtonga gumanitar yordam uchun o‘tish joylarini qayta ochishi haqida ma’lum qilgan.

19 oktyabr kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) HAMASni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda aybladi va G‘azo sektori janubidagi Rafah hududidagi HAMAS infratuzilmasiga javob zarbalari berilganini ma’lum qildi. Keyinroq Isroil HAMAS hujumida ikki askar halok bo‘lgani va uch nafari yaralangani haqida xabar berdi. Isroil bunga artilleriya va havo hujumlari bilan javob berdi.

Dastlabki tergovga ko‘ra, bir guruh HAMAS jangchilari Isroil nazorati ostidagi hududdagi tunneldan chiqib, isroillik askarlarga qarata granatometdan o‘q uzgan va snayperlardan foydalangan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu harbiylarga «G‘azo sektoridagi terrorchilar nishonlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rish»ni buyurganini ma’lum qildi.

Isroilning Channel 12 telekanali xabar berishicha, Netanyahu mamlakat mudofaa vaziri va yuqori martabali xavfsizlik amaldorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan maslahatlashuvlar chog‘ida, «sulhning barbod bo‘lishining» oldini olish bilan birga, HAMAS hujumlariga «qattiq javob» berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Mavzuga oid