Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Qirg‘izistonga o‘lim jazosini qaytarishning qonuniy jihatdan imkonsiz ekanini tushuntirdi
Mamlakat o‘lim jazosini taqiqlashni nazarda tutuvchi xalqaro pakt va protokolni imzolagan. Undan bir tomonlama chiqishning imkoni yo‘q. Shu sababli Qirg‘iziston o‘lim jazosini yuridik jihatdan qaytara olmasligi ta’kidlanmoqda.
Foto: Getty images
Tegishli xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun o‘lim jazosini bekor qilish huquqiy jihatdan imkonsiz hisoblanadi. Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lum qildi.
Tashkilotning ta’kidlashicha, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (FSHXP) va uning Ikkinchi Fakultativ protokolida «denonsatsiya» to‘g‘risidagi qoidalar yo‘q. Bu shuni anglatadiki, ushbu shartnomalarga qo‘shilgan davlatlar uchun o‘lim jazosini bekor qilish yuridik jihatdan imkonsiz va ularga uni qonunchilikka qayta kiritish taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu paktdan hech bir davlat bir tomonlama tarzda chiqolmaydi, chunki shunday bandning o‘zi ko‘zda tutilmagan. Bunday qadam xalqaro huquqning buzilishini anglatadi, deb tushuntirdi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk.
Bundan tashqari, mazkur protokolni hech qanday shartlarsiz ratifikatsiya qilgan davlat eng og‘ir jinoyatlar uchun ham o‘lim jazosini qo‘llashga haqli emas.
O‘lim jazosining qaytarilishi xalqaro huquqning jiddiy buzilishi va Qirg‘iziston uchun regressiv qadam bo‘ladi, dedi Turk. Uning qo‘shimcha qilishicha, hech bir odil sudlov tizimi xatolardan xoli emas va o‘lim jazosining qaytarilishi muqarrar ravishda davlatning begunoh odamlarni ham qatl qilishiga olib keladi.
Turk ushbu tashabbus muhokamasiga sabab bo‘lgan jinoyatlarning og‘irligini tan olgan holda, oliy jazo chorasi jinoyatchilikni samarali jilovlashini isbotlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi rahbari Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini qaytarish g‘oyasidan zudlik bilan voz kechishga va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga va jabrlanganlarga tovon to‘lashga e’tibor qaratishga chaqirdi. Turkning fikricha, zo‘ravonlikka, shu jumladan jinsiy zo‘ravonlikka javoban jabrlanuvchilarning manfaatlariga yo‘naltirilgan va tegishli resurslar bilan qo‘llab-quvvatlanadigan yondashuv bo‘lishi kerak.
Hozirgi vaqtda dunyoning 170 ga yaqin davlati o‘lim jazosini bekor qilgan yoki uni qonunchilikda yoki amaliyotda qo‘llashga moratoriy joriy etgan.
Qirg‘izistonda 2025 yil sentabr oyi oxirida 17 yoshli Aysulu Mukashevaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi ortidan o‘lim jazosini qaytarish masalasi ko‘tarildi.
Prezident Sadir Japarov Konstitutsiyaga bolani zo‘rlash, shuningdek, keyinchalik bola yoki kattalarni o‘ldirish bilan bog‘liq zo‘rlash uchun o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat berish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni buyurdi. Bundan tashqari, Ikkinchi Fakultativ protokoldan chiqish ham taklif qilindi. Mamlakat Konstitutsiyasiga o‘lim jazosini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyor, yaqin haftalarda respublikada ushbu masala bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
09:20
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
08:04 / 04.12.2025
AQSh BMTning ukrainalik bolalarni qaytarish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi
10:00 / 01.12.2025
Qirg‘izistondagi saylovlar: Japarovga sodiq nomzodlar deyarli barcha okrugda g‘alaba qozondi
17:04 / 30.11.2025