Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahu Turkiya harbiylari G‘azoga kirishiga qarshi. Oq uy esa sulh buzilishidan xavotirda
Binyamin Netanyahu Turkiya kuchlarining G‘azoga kirishiga qat’iy qarshiligini bildirdi. Sulh bitimi buzilishidan xavotirlangan Tramp ma’muriyati shu kunlarda vitse-prezidenti Vens, maxsus elchi Uitkoff va Jared Kushner kabi ishonchli vakillarni Isroilga yubordi. Turkiya va Qatar esa sulhning ikkinchi bosqichiga tayyorlanmoqda.
Foto: Reuters
So‘nggi kunlarda AQSh amaldorlari ketma-ket Isroilga kelmoqda. Prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner anchadan buyon Isroilda. Kuni-kecha AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens Isroilga keldi, bugun davlat bosh kotibi Marko Rubio ham kelishi kutilmoqda.
AQSh rasmiysining Reutersʼga aytishicha, bu haftadagi tashriflari sulh jarayoniga turtki berishga mo‘ljallangan. Vens esa 22 oktabr kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashuvda ham sulh saqlab qolinishi haqida gapirdi.
«Bu oson emas, lekin men optimistman — sulh saqlanadi va Yaqin Sharqda yaxshiroq kelajak qurishimiz mumkin», — dedi u.
Shuningdek, u Hamas Isroilga «tahdid bo‘lmasligi kerakligini» aytdi.
«Biz oldimizda juda og‘ir vazifani ko‘ryapmiz: Hamasni qurolsizlantirish, G‘azoni qayta tiklash va odamlarning hayotini yaxshilash. Lekin ayni paytda Hamas tomonidan endi Isroilga tahdid bo‘lmasligiga ishonch hosil qilish».
Shu kunlarda, kuchga kirganiga qariyb 2 hafta bo‘lgan G‘azo bo‘yicha sulh rejasining ikkinchi bosqichi boshlanish arafasida turibdi. Unga ko‘ra, Hamas qurolsizlanishi va xalqaro nazorat ostida faoliyat yurituvchi falastinliklar qo‘mitasi tashkil etilishi kerak. Shu bilan birga, tekshiruvdan o‘tgan falastinlik politsiya kuchlarini xalqaro missiya qo‘llab-quvvatlashi nazarda tutilgan.
New York Times'ga anonimlik sharti bilan gapirgan AQSh rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Oq uy ma’muriyatida Binyamin Netanyahu sulh bitimidan chekinishi mumkinligi borasida xavotirlar mavjud.
Tashrif davomida Isroilda tashkil etilgan fuqarolik-harbiy muvofiqlashtirish markazida bo‘lgan vitse-prezident Vens ham «doimiy tinchlikni ta’minlash oson bo‘lmasligini» tan olgan edi.
Netanyahu Turkiya masalasida rozi emas
Quddusda AQSh vitse-prezidenti bilan chiqish qilgan bosh vazir Netanyahu, ular «G‘azo urushidan keyingi davr», jumladan, bu hududda xavfsizlikni kim ta’minlashi haqida gaplashganini aytdi.
Turkiya kuchlarining G‘azodagi roli haqida so‘ralganda Netanyahu qisqa javob berdi:
«Bu masalada mening juda qat’iy fikrlarim bor. Taxmin qilmoqchimisiz, ular qanday?» dedi u.
Hozircha Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bu boradagi gap-so‘zlarga izoh bermagan. AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens ham avvalroq «Turkiya konstruktiv rol o‘ynashi mumkin», degan bo‘lsa-da, Isroilga «o‘z hududida xorijiy qo‘shinlarni qabul qilish» masalasida bosim o‘tkazmasligini aytgan.
Yana bir holat. Shu haftada Isroil parlamenti G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish bo‘yicha dastlabki qonun loyihasini ma’qulladi — bu Tramp rejasida qat’iyan taqiqlangan qadamdir. Bu sulhning keyingi bosqichi uchun yangi siyosiy to‘siq.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bu qarorni tanqid qildi: «Men Isroilning anneksiya tashabbusini qo‘llab-quvvatlamayman. Bu tinchlik bitimiga jiddiy tahdid tug‘diradi», dedi u.
Turkiyani nega sulh kelishuvidan chiqarib bo‘lmaydi?
Avvallari iliq bo‘lgan Turkiya-Isroil munosabatlari G‘azo urushi davrida keskin yomonlashdi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilning G‘azodagi genotsid ko‘rinishidagi hujumlarini va mintaqadagi harakatlarini keskin tanqid qildi. Bundan tashqari, Suriya masalasi ham ikki davlatning chegaradosh qo‘shnisi sifatida ularning raqobat maydoniga aylandi.
Lekin, Tramp va Erdo‘g‘anning shaxsiy aloqalari tufayli Turkiya va Qatar Hamasni sulhga ko‘ndirishda muhim rol o‘ynadi. Bundan tashqari, rasmiy Anqara xalqaro sulhni kuzatuvchi kuchlar tarkibida qatnashishga tayyorligini, Turkiya armiyasi zaruratga ko‘ra harbiy yoki fuqaroviy rol o‘ynashi mumkinligini bildirdi.
Shu kunlarda Turkiya va Qatar ham sulhning keyingi bosqichiga tayyorlanmoqda. Xususan, Turkiya Milliy razvedka boshqarmasi rahbari Ibrohim Kalin va tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Dohada Hamas rasmiylari bilan uchrashdi. Bu uchrashuv Erdo‘g‘an va Qatar amiri Shayx Tamim o‘rtasidagi muzokaralardan bir kun oldin bo‘lib o‘tdi.
Turk diplomatlarining aytishicha, sulh «nihoyatda nozik bosqich»ga kirgan. "Hamasning siyosiy kelajagi yoki G‘azoda xalqaro kuzatuv kuchlarini tuzish masalasi muhokama qilinganmi?" degan savolga javoban, turk rasmiylaridan biri: «Bu borada hali aniq qarorlar qabul qilinmaganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalalar «jarayon davomida Isroil va AQSh pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi».
Sulhdan keyin G‘azoda nima bo‘lyapti?
10 oktabr kuni kuchga kirgan sulhdan keyin Hamas isroillik tirik garovdagilarning hammasini ozod qildi. Isroil esa 2 mingga yaqin falastinlik mahbusni qo‘yib yubordi. Isroil ham Hamas askarlari, deb hisoblangan jasadlarni qaytarmoqda. Lekin G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ko‘plab jasadlar qiynoqlardan tanib bo‘lmaydigan holga kelganini aytmoqda.
Hamas esa o‘tgan yili o‘ldirilgan 28 garovdagidan 15 jasadni topshirgan. Vensning aytishicha, qolganlari orasida ba’zilari vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin, shuning uchun «biroz vaqt kerakligini» aytdi. Buni oldinroq Hamas ham aytgandi.
Almashinuvlarga qaramay, G‘azodagi tinchlik hali ham mo‘rt: garovdagilar jasadlarini qaytarish, yordam kiritish va chegara o‘tishlari bo‘yicha tortishuvlar davom etmoqda.
Hamas sulhdan keyin sektorda xavfsizlikni ta’minlash va nazoratni mustahkamlashga harakat qilmoqda.
O‘tgan hafta oxirida esa janubiy G‘azoda ikki isroillik askar o‘ldirilgani aytilgandi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan beri Isroil hujumlarida 88 nafar falastinlik, jumladan, tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Urush boshlanganidan buyon G‘azo genotsidining qurbonlari esa 68 ming kishidan oshgan.
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
12:51
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT Bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
15:51 / 02.12.2025