Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RF Mudofaa vazirligi zaxiradagilarni NQZni dronlardan himoya qilishga yo‘naltiradi
Bosh shtab Mudofaa vazirligi taklif etgan qonun loyihasini sharhlar ekan, hujjat zaxiradagilarni Ukraina dronlaridan neftni qayta ishlash zavodlari (NQZ) va boshqa obektlarni himoya qilishga yo‘naltirish imkonini beradi, deb bildirdi. Ularning urushda ishtirok etishi rejalashtirilmagan.
Xizmatni o‘tab bo‘lgan va Mudofaa vazirligi bilan zaxirada bo‘lish to‘g‘risida ixtiyoriy shartnoma tuzgan rossiyaliklar yangi qonun loyihasiga muvofiq o‘z hududida joylashgan muhim ahamiyatga ega obektlarni — avvalo, dron hujumlaridan — himoya qilish uchun maxsus yig‘inlarga chaqirilishi mumkin, dedi Bosh shtab Bosh tashkilot-mobilizatsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vitse-admiral Vladimir Tsimlyanskiy chorshanba, 22 oktyabr kuni.
«Rossiya hududining ichki qismidagi fuqarolik obektlarini himoya qilish tadbirlarini amalga oshirishga tayyor va vatanparvar fuqarolarni jalb etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi», — dedi Tsimlyanskiy brifingda Mudofaa vazirligi tayyorlagan qonun loyihasini sharhlar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Rossiyadagi obektlarga Ukraina dronlari hujumlari «salmoqli ravishda tez-tez takrorlanib turgani» bois qo‘yilmoqda. Bunday obektlar qatoriga transport va energetika infratuzilmasi, shuningdek neftni qayta ishlash zavodlari kiradi.
Tsimlyanskiy alohida ta’kidlashicha, zaxiradagilar Ukrainadagi urushda va Rossiya tashqarisidagi vazifalarda ishtirok etmaydi. U, shuningdek, qonun loyihasi «barcha fuqarolarga taalluqli emas va ularni harbiy xizmatga chaqirishni nazarda tutmaydi», deb qo‘shimcha qildi. «Qolaversa, bu yerda hech qanday safarbarlik haqida gap ketmayapti», — dedi vitse-admiral.
Oktyabr o‘rtalarida hukumatning qonunchilik faoliyati bo‘yicha komissiyasi Mudofaa vazirligi taklifini ma’qulladi; unga ko‘ra, safarbarlik zaxirasida turgan fuqarolarni hatto tinch vaqtda ham, shu jumladan mamlakat tashqarisidagi vazifalarga jalb etish mumkin bo‘ladi.
Tushuntirish xatida aniqlashtirilishicha, gap Mudofaa vazirligi bilan zaxirada bo‘lish to‘g‘risida shartnoma tuzgan shaxslar haqida ketmoqda. Hozir qonun ulardan foydalanishni faqat safarbarlik davri yoki harbiy vaqt bilan cheklaydi.
Duma Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov taklif etilgan o‘zgarishlarni sharhlar ekan, qonun loyihasida «yetarlicha keng tushunchalar» ishlatilgani, bu esa zaxiradagilardan turli sharoitlarda «qo‘shimcha qonunlar qabul qilmasdan» foydalanish imkonini berishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, «juda ko‘p odamlar» Rossiyaning chegara hududlarida zaxirada hisobda turadi.
Safarbarlik zaxirasini yaratish 2012 yilda prezident Vladimir Putinning «may oyi farmonlari»dan biri bilan belgilab qo‘yilgan. Bu, harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilish arafasidagi harbiylarga shartnoma tuzish imkonini berdi: unga ko‘ra, ular davriy harbiy yig‘inlarga qatnashishga majbur. Mukofot sifatida zaxiradagilarga oylik to‘lovlar beriladi: 2023 yil holatiga ko‘ra, praporshik, serjant va askarlarga — oyiga 6000 rublgacha, ofitserlarga — 10 ming rublgacha. Yig‘inlar davrida to‘lov miqdori yuqoriroq. Birinchi shartnoma uch yilga tuziladi, keyingi qayta imzolashlarda muddat qisqarishi yoki uzayishi mumkin — eng ko‘pi bilan 5 yilgacha.
Bunday zaxiradagilarning aniq soni noma’lum. Biroq 2024 yil dekabrida Putin Rossiya armiyasi sonini yana oshirdi: bu safar harbiy xizmatchilar soni 180 mingga ko‘payib, 1,5 million nafarga yetishi kerak edi. 2025 yil sentabrida Putin Ukrainadagi urushda 700 mingdan ortiq rossiyalik askar ishtirok etayotganini aytgan: shu raqamni u 2024 yil iyunida ham tilga olgan edi.
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
18:11 / 12.06.2026
Uzbekistan Airways yonilg‘i tanqisligi tufayli O‘zbekistondan Rossiyaga ayrim parvozlarni qisqartiradi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
09:35 / 12.06.2026