Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Santedagi «eng nufuzli mahbus». Nikolya Sarkozi qamaldi
Fransiyaning sobiq prezidenti, mamlakatni 2007–2012 yillarda boshqargan Nikolya Sarkozi qamaldi. Shu tariqa u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari orasida hibsxonaga tushgan birinchi shaxs bo‘ldi. Nikolyaga qanday ayb qo‘yildi va nima uchun uni qamashdi?
«Liviya ishi»
Bundan bir oy avval, 25 sentabr kuni Parij sudi Sarkozini 2007 yilgi saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha jinoiy til biriktirganlikda aybdor deb topdi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 2005 yilda o‘sha paytda ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Sarkozi va Liviya prezidenti Qazzofiy o‘rtasida «korrupsion kelishuv» tuzilgan. Sarkozining saylovoldi shtabi kampaniyani xorijdan moliyalashtirishga qo‘yilgan taqiqni buzgan holda 50 million yevro olgan va bunga javoban fransuz siyosatchisi Qazzofiyga jahon arenasidan chetlatilishini to‘xtatishda yordam berishi kerak edi. O‘shanda Sarkozi saylovda g‘alaba qozonib, Fransiya prezidentiga aylangan.
Sudya hukmni e’lon qilarkan, Sarkozi o‘z yordamchilariga mablag‘ olish uchun Qazzofiy bilan bog‘lanishga ruxsat bergani haqidagi ma’lumotni keltirdi. Biroq, sud Nikolya kampaniyani noqonuniy moliyalashtirishdan foyda ko‘rgani haqida yetarli dalil topa olmagan. Fransiya qonunlariga ko‘ra, agar poraxo‘rlik sxemasi amalga oshmagan bo‘lsa ham, u jinoyat sifatida baholanadi.
Natijada Sarkozi 100 ming yevro jarima va besh yilllik qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning ikki nafar sobiq yordamchisi ham sudlandi — ulardan biri olti yilga, ikkinchisi esa ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Ish bo‘yicha tergov 2013 yilda, Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Saif al-Islom Sarkozini otasining pullaridan saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun foydalanganlikda ayblaganidan ikki yil o‘tib boshlangandi.
Ayblov qisman ko‘p yillar davomida Fransiya va Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasida vositachi rolini o‘ynagan franko-livanlik tadbirkor Ziyod Takieddinning ko‘rsatmalariga asoslangan .
Ishda Sarkozining o‘zidan tashqari yana 11 nafar ayblanuvchi ishtirok etyapti: ularning ba’zilari aybdor deb topilgan, boshqalari esa oqlangan.
O‘z navbatida Sarkozi yana uchta band – saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish, Liviya davlati mablag‘larini suiiste’mol qilish va korrupsion sxemadagi passiv ishtirok ishlari bo‘yicha oqlangan.
Santedagi «eng nufuzli mahbus»
21 oktyabr kuni Sarkozi rafiqasi Karla Brunining qo‘lidan ushlab, uyidan chiqdi va jurnalistlar hamda operatorlar ko‘z o‘ngida mashinaga o‘tirib, Parijdagi Sante qamoqxonasiga olib ketildi.
Santega ketayotganida Sarkozi X ijtimoiy tarmog‘ida «qasos va nafrat qurboni bo‘lgani» haqida yozdi. «Men fransuz xalqiga o‘zimga xos qat’iy kuch bilan aytmoqchimanki, bugun ertalab respublikaning sobiq prezidenti emas, balki begunoh odam qamoqqa olinadi», – degan u.
Sobiq prezident xavfsizlik nuqtayi nazaridan qamoqxonaning bir kishilik kameralardan iborat maxsus qanotiga joylashtiriladi. Sante qamoqxonasi boshlig‘i Sebastyan Kovel Sarkozi bu yerda boshqa mahbuslar bilan uchrashmasligiga va kuniga ikki marta sayr qilish huquqiga ega bo‘lishiga va’da berdi.
Qamoqxona yaqinda ta’mirlangan va barcha kameralarda dush va statsionar telefon mavjud. Sarkozi oyiga 14 yevro evaziga televizor ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Unda xohlasa o‘zi ovqat pishirishi, kir yuvishga berish imkoniyati ham bo‘ladi.
Boshqa mahbuslar singari Sarkozi ham qamoqxona kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ammo sobiq prezident Figaro muxbiri bilan suhbatda uyidan kameraga uchta kitob, jumladan, Aleksandr Dyumaning «Graf Monte-Kristo» romanini olishini aytgan.
Nikolyaning qamoqda qancha vaqt o‘tirishi noma’lum. Sud sobiq prezident apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilishidan oldin o‘z muddatini o‘tashni boshlashi kerakligi haqida qaror chiqargan bo‘lsa-da, uning advokatlari u qamoqqa tushishi bilanoq uni ozod qilish uchun ariza berishi kutilmoqda. Bu ishni u kameraga tushmasidan oldin qila olishmaydi. Iltimosnomani ko‘rib chiqish ikki oygacha davom etishi mumkin.
Mavzuga oid
13:37 / 27.11.2025
Fransiya sudi Nikolya Sarkoziga chiqarilgan ikkinchi hukmni tasdiqladi
17:58 / 26.11.2025
O‘zbek-fransuz universiteti tashkil etiladi
11:15 / 26.11.2025
Fransiyada Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilingan uch kishi qo‘lga olindi
08:23 / 15.11.2025