Jahon | 23:28 / 24.10.2025
3880
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Venesuela qirg‘oqlariga Gerald Ford aviatashuvchisini jo‘natdi

Qaror Vashingtonning Karib havzasidagi harbiy kampaniyasi avj olishi va prezident Donald Trampning Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroga tahdidlari fonida qabul qilindi.

Foto: Reuters

AQSh harbiy vaziri Pit Hegset Janubiy qo‘mondonlik mas’ul bo‘lgan hududga Gerald Ford aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhini yuborishni buyurdi, deb xabar berdi Reuters.

Qaror Vashingtonning Karib havzasidagi harbiy kampaniyasi avj olishi va prezident Donald Trampning Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroga tahdidlari fonida qabul qilindi.

Maduro 23 oktabr kuni Qo‘shma Shtatlarga ingliz tilida murojaat bilan chiqqan edi: «Dunyoda tinchlik bo‘lsin! Iltimos, dahshatli urush bo‘lmasin!».

Bayonot Tramp MRBning Karakasga qarshi maxfiy operatsiyalariga ruxsat berganini ma’lum qilganidan keyin yangradi. AQSh allaqachon mintaqada «giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash» bahonasida harbiy kemalar va samolyotlarni joylashtirgan.

Sentabr oyi boshidan beri AQSh harbiylari Venesuela qirg‘oqlarida 8 ta kema va qayiqqa zarba berdi, oqibatda 40 nafardan ortiq odam halok bo‘ldi. Shu bilan birga, AQSh yo‘q qilingan kemalar haqiqatan ham giyohvand moddalarni olib ketayotganiga dalil keltirmadi.

Maduro Vashingtonni Venesueladagi rejimni o‘zgartirishga intilishda ayblamoqda - Oq uy aynan shunga intilmoqda, dedi kuni kecha Trampning safdoshi senator Lindsi Grem.

Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino payshanba kuni «to‘ntarishga» har qanday urinish muvaffaqiyatsizlikka uchrashini aytdi. U Karib dengizida Amerika kuchlarining joylashtirilishiga javoban Venesuela qirg‘oqlarida harbiy mashg‘ulotlarga rahbarlik qilmoqda.

Ekspertlar chet el va xalqaro suvlarda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kemalarga nisbatan halokatli kuch ishlatishning qonuniyligini shubha ostiga olmoqda, chunki gumonlanuvchilar na hibsga olingan, na so‘roq qilingan.

Mavzuga oid