Jahon | 20:58 / 24.10.2025
5230
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada birinchi uy bunkeri savdoga chiqdi

Boshpana ichida to‘rtta yig‘ma karavot, hojatxona, dush, oshxona va deraza ko‘rinishidagi ekran bor. Uning ichida bir hafta davomida avtonom hayot kechirish mumkin.

Foto: Bild

Rossiyaning ehtimoliy provokatsiyalari haqidagi xavotirlarning kuchayishi fonida Germaniyada xususiy boshpanalarga talab keskin oshdi, ular allaqachon oddiy iste’molchilar uchun ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, sotuvda birinchi «uy bunkeri» - ixcham himoya moduli paydo bo‘ldi, deb xabar berdi BILD.

Boshpana prototipi 16 kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, devorlari qalinligi 20 santimetr bo‘lgan temir-betondan yasalgan. Uning ichida bir hafta davomida avtonom hayot kechirish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar mavjud: to‘rtta yig‘ma karavot, hojatxona, dush, mini-oshxona va deraza ko‘rinishidagi ekran. Unda yorug‘likni rang va yorqinlik bo‘yicha sozlash mumkin.

Loyiha asoschisi BSSD Defence kompaniyasi rahbari Mario Payde so‘zlariga ko‘ra, ushbu boshpana dronlar, minalar va hatto 107 mm kalibrli raketalar zarbalariga bardosh bera oladi. Agar bunker bir necha metr yer ostiga o‘rnatilsa, u yadroviy portlash oqibatlaridan ham himoya qila oladi, agar uning episentri 20 kilometrdan kam bo‘lmagan uzoqlikda joylashsa.

«Uy bunkeri» narxi bazaviy model uchun 50 ming yevrodan boshlanadi va to‘liq komplektatsiyada 150 ming yevroga yetadi. Bitta konstruksiyani tayyorlash uchun taxminan 70 ish kuni talab etiladi.

«Biz bunker qayg‘uli beton quti emas, balki zamonaviy himoya va xotirjamlik vositasi ekanini ko‘rsatmoqchimiz», deb tushuntirdi Payde.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid